Oq uy Xitoyni Hongkongni anneksiya qilishda aybladi va yangi sanksiyalar joriy etishini ma'lum qildi

Jahon 02:18 / 09.07.2020 3296

Oq uy matbuot kotibi Robert O'Brayyen prezident Donald Tramp Xitoyda yaratilgan TikTok ilovasining AQShda ishlashini taqiqlash imkoniyatini ko‘rib chiqayotganligini tasdiqladi.

Prezident Donald Tramp ma'muriyati Hongkongdagi vaziyat sababli Xitoyga qarshi yangi choralar tayyorlamoqda. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Robert O'Brayyen ma'lum qildi, deb xabar bermoqda The New York Post.

Jurnalistlar uchun tashkil qilingan brifing chog‘ida O'Brayyen Hongkongdagi vaziyatni oxirgi o‘n yillikning «asosiy voqealaridan biri» deb atadi.

«Biz Hongkong amalda XXR, Xitoy kommunistik partiyasi tomonidan anneksiya qilinganini ko‘rib turibmiz. Va ular demokratiya tarafdorlari bo‘lgan ozod insonlarga o‘z irodasini o‘tkazmoqchi», — dedi Oq uy vakili.

O'Brayyen shuningdek, Tramp Xitoyda yaratilgan TikTok ilovasining AQShda ishlashini taqiqlash imkoniyatini ko‘rib chiqayotganligini tasdiqladi. U buni TikTok ilovasi qo‘lga kiritayotgan amerikalik fuqarolarning shaxsiy ma'lumotlari Xitoy hukumatiga berilishi va g‘arazli maqsadlarda foydalanilishi mumkinligi bilan izohladi.

30 iyunda Umumxitoy xalq vakillari majlisining doimiy qo‘mitasi Hongkongda milliy xavfsizlikni ta'minlash to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. U terrorizm, ayirmachilik, davlat hokimiyatini ag‘darish va xorijiy kuchlar bilan til biriktirishga qarshi kurashga qaratilgan. Hujjat aybdorlarni umrbod qamoq jazosiga mahkum etish, Hongkongda keng vakolatlarga ega bo‘lgan xavfsizlik idoralarini tashkil etish, ayrim ishlarni Xitoy hududida tergov qilish va ko‘rib chiqish imkonini beradi.

Qonun loyihasi taklif qilinish bosqichidayoq Hongkongdagi hukumatga qarshi kuchlar hamda bir qator g‘arb davlatlari tanqidiga va noroziligiga uchragandi.  

AQSh Xitoyning ushbu tashabbusini Hongkongning avtonom maqomi buzilishi deb qabul qildi va Xitoyning maxsus ma'muriy hududi foydalangan barcha imtiyozlarni bekor qilishni boshladi.

Ko‘proq yangiliklar: