«Koronavirus O‘zbekistonga 15 martdan oldinroq kirib kelgan bo‘lishi mumkin» – Nurmat Otabekov

O‘zbekiston 15:49 / 09.07.2020 22346

AOKA anjumanlar zalida 9 iyul kuni Respublika maxsus komissiyasining karantin choralarini kuchaytirish borasidagi qarori yuzasidan o‘tkazilgan brifingda mutaxassislar oldinda jiddiy vaziyat turganini qayd etishdi.

«Bu yerda faqat tibbiyot, ichki ishlar, Milliy gvardiya, OAV, hokimliklar yoki muayyan soha vakillari ishni qiladi deydigan bo‘lsak, bo‘lmaydi. Aynan qars ikki qo‘ldan chiqadigan vaziyat mana bugun biz uchun asqatadi. Shunday ekan, xalqimiz mutaxassislarning fikrini tinglab, unga amal qilmas ekan, biz vaziyatni barqarorlashtira olmaymiz.

Bir jihatga e'tibor beraylik. O‘zbekiston hududida birinchi bemor 2020 yilda 15 mart kuni qayd etildi. Biroq kasallik mamlakatimizga undan avval ham kirib kelgan bo‘lishi mumkinligini inkor etmaymiz.

Biz birinchi aniqlagan bemorimizdan sarhisobni boshladik. Shundan keyin statistik raqamlar shakllandi», dedi Bosh davlat sanitariya inspektori.

Eslatib o‘tamiz, 15 mart kuni Parijdan kelgan o‘zbekistonlikda virus aniqlandi va u O‘zbekistonda koronavirusning ilk bemori sifatida qayd etildi. 16 mart kuni vazirlik koronavirus yuqishi bilan bog‘liq yana ikki holat haqida xabar berdi. Ularning biri koronavirusning ilk bemori bo‘lgan ayolning qarindoshi, ikkinchisi 14 mart kuni Londondan Toshkentga kelgan bir o‘zbekistonlik edi. Shundan so‘ng, O‘zbekistonga turli mamlakatlardan aviareyslar orqali kirib kelayotgan fuqarolarda virus chiqa boshladi. Kunlik o‘sish holatlari soni faqat 6 aprel kuniga kelib 100tadan oshdi.

Ayni vaqtgacha O‘zbekistonda koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq holatlar soni 11259 kishiga yetdi, shu vaqtgacha 7060 kishi tuzaldi, 47 bemor vafot etdi.

Ko‘proq yangiliklar: