«Dunyoning eng xavfli odami». Trampning jiyani o‘z kitobida qanday da'volarni ilgari surgan?

Jahon 06:58 / 09.07.2020 40321

«Juda ko‘p va hech qachon yetarli emas: mening oilam dunyoning eng xavfli odamini qanday yaratdi» kitobida Trampning shaxsiyatiga uning «sotsiopat» otasi ta'sir ko‘rsatgani va Trampning litsey sinovida o‘z o‘rniga kirish uchun pulli odamni yollagani haqidagi da'volar mavjud.

Meri Trampning fikricha, amakisining qayta saylanishi «Amerika demokratiyasining oxiri bo‘ladi» va u shuning uchun ham u kitobni yozishga qaror qilgan.

Trampning oilasi esa kitobni chop etishni to‘xtatish uchun sudga murojaat qilishdi va kitobdagi ayblovlarni rad etishlarini e'lon qilishdi.

Kitobdagi eng muhim da'volar quyidagilardan iborat:

Tramp universitetga qing‘ir yo‘l bilan kirgan

Donald Tramp Pensilvaniya universitetidagi nufuzli Uarton biznes maktabini bitirganini g‘urur bilan ta'kidlashni xush ko‘radi. Ammo Meri Trampning so‘zlariga ko‘ra, amakisi u yerga kirishga loyiq emas edi.

«Donaldning ko‘rsatkichlari sinfdagi eng yaxshi o‘quvchilarinikiga nisbatan ancha past edi va shuning uchun ham u universitetga kira olmasligidan xavotirga tushardi. Imkoniyatlarini oshirish uchun u aqlli va sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan Jo Shapironi o‘z o‘rniga imtihonga kiritgan. Fotosuratli shaxsiy guvohnomalar bo‘lmagan paytlarda kimnidir o‘z o‘rniga imtihonga kiritish ancha oson edi», deya yozgan u.

Trampning o‘zini rad etgan ayollar haqida yoqimsiz gaplarni gapirgan

Donald Tramp akalari va opa-singillari davrasida / TRUMP CAMPAIGN

Meri Tramp o‘z kitobida amakisining ayollarga bo‘lgan munosabati haqida ham so‘z yuritadi.

Muallif qisqa vaqt davomida Trampning matnlarini yozgan paytlari uning ayollar bilan bo‘lgan munosabatlariga guvoh bo‘lish imkoniga ega bo‘lganini ta'kidlarkan, Tramp o‘zini rad etgan ayollarning juda xunuk, yomon va ortiqcha vaznga ega ekanini aytgani haqida yozadi.

Ushbu ayollar orasida Madonna va chang‘i uchuvchisi Katarina Vitt ham bor.

Trampning xarakterini «sotsiopat ota» shakllantirgan

Donald Tramp otasi bilan, 1988 yil / Getty Images

Kitobda Donald Trampning hissiy dunyosi ham batafsil yoritilgan.

Muallif befarq ota va bemor ona qo‘lida o‘sgan Donaldning shaxsiyati bundan salbiy ta'sir ko‘rganini bayon qiladi. Shuningdek, bobosi bir «sotsiopat» sifatida o‘zining barcha bolalariga katta ta'sir ko‘rsatganini aytadi.

«Donald Tramp onasi tomonidan bir yil davomida tashlab ketildi. Otasi esa uni xavfsiz va qadrli his qildira olmadi. O‘sha paytlar Donald mahrum bo‘lgan narsalar unga narsistlarga xos shaxsiyat, tahqirlash va maqtanchoqlik kabi doimiy jarohatlarni meros qoldirdi», deydi muallif.

Klinik psixologiya fanlari nomzodi bo‘lgan muallifning aytishicha, amakisi hech narsadan qoniqmagan va narsissizmning barcha belgilarini ko‘rsatgan.

«Ammo uning ruhiy salomatligi bilan bog‘liq muammolar narsissizmdan ham ilgarida. Donaldning kasalligi shu qadar murakkab, fe'l-atvori esa shunchalik tushunarsizki, keng qamrovli tashxis qo‘yish uchun bir qator psixologik va neyropsixologik testlarga ehtiyoj bor. Biroq u buni hech qachon qabul qilmaydi», deydi u.

Donald Tramp har bir amerikalikning hayotiga tahdid solayotganini ta'kidlagan muallif Trampning otasi o‘z padariga zug‘um o‘tkazganini va Tramp ham zo‘ravonlikni o‘z otasidan o‘rganganini aytadi: «Donald zaif odam emas, lekin uning egosi mo‘rt va doimiy ravishda maqtab turilishi kerak, chunki u, aslida, o‘zi da'vo qilayotgan odam bilan hech qanday aloqasi yo‘qligini biladi».

New York Times gazetasida Pulitser yutgan yangilik uchun 19ta hujjat almashilgan

Meri Trampning aytishicha, Donald Tramp saylovda g‘alaba qozonganidan keyin New York Times muxbiri u bilan bog‘lanib, Donald Trampning 1990-yillardagi shubhali soliq deklaratsiyasini tekshirishni istashganini, ammo ularga yordam bermaslikka qaror qilganini bildirgan. Muallifning tushuntirishicha, bir muncha vaqt o‘tgach, Trampning prezidentlik kursisidagi xatti-harakatlari uning fikrini o‘zgartirgan va u ishlagan oilaviy advokatlik firmasidan 19ta hujjatni o‘g‘irlab, gazetaga bergan.

Hujjatlarni topshirishi so‘nggi bir necha oy ichidagi eng quvonchli voqea ekanini aytar ekan, muallif «suriyalik qochqinlarga yordam beradigan birlashmada ishlashim men uchun yetarli emas edi, Donaldni o‘z kursisidan siljitishim kerak edi», dedi.

New York Times bu haqdagi 14 ming so‘zdan iborat yangiligi uchun Pulitser mukofotiga sazovor bo‘lgandi.

Donald Trampning opasi muhim ma'lumotlarni bo‘lishdi

Meri Trampning amakisi Robert ushbu kitobning nashr etilishini to‘xtatish uchun sudga murojaat qilgan.

Muallif o‘z kitobida 2019 yilda federal suddan iste'foga chiqqan Donald Trampning opasi Merienn Tramp Barriga «bergan muhim ma'lumotlari» uchun minnatdorchilik bildiradi.

Meri Trampning aytishicha, 2016 yilgi prezidentlik saylovlaridan so‘ng bir muncha vaqt o‘tgach, xolasi Donald Trampga qo‘ng‘iroq qilib, uning prezidentlikdagi faoliyati yaxshi bo‘lmaganini aytgan, Tramp esa o‘sha kundan e'tiboran opasining maslahatlarini jiddiy qabul qilmay qo‘ygan.

Meri Tramp kim?

U 55 yoshda, tibbiy psixologiya doktori darajasiga ega.

Uning otasi, Donald Trampning katta akasi 1981 yilda 42 yoshida alkogolizm tufayli yuzaga kelgan yurak kasalligidan vafot etgan.

2018 yilda Oq uy opoidli dori vositalariga qarshi kurash kampaniyasi boshlaydi. O‘shanda prezident uni akasining taqdiri shu ishga undagani haqida gapirgandi.

O‘tgan yili Washington Post nashriga bergan intervyusida Donald Tramp oila a'zolari akasini u istamasa ham biznes bilan shug‘ullanishga majburlashganidan afsuslanishini aytib o‘tgandi.

Meri Tramp hozirgacha jamoatchilikdan o‘zini olib qochadi.

U 2016 yildagi saylovlarda amakasi g‘alaba qozongach, tvitterda shunday yozgandi: «Hayotimdagi eng yomon tun. Buning uchun bizni sud qilish kerak. Mamlakatimizga achinmoqdaman».

Ko‘proq yangiliklar: