Xususiy bandlik agentliklari yana fuqarolarni chuv tushirmaydimi? Deputat qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgarishlar bunga yo‘l bermasligini aytmoqda

O‘zbekiston 19:31 / 08.07.2020 4083

«Amaldagi qonunga asosan xususiy agentlar O‘zbekistondan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarga ko‘rsatgan xizmatlari uchun ulardan pul undiradi. Yana, oldindan. Afsuski, bunday amaliyot natijasida agentliklar tomonidan fuqarolarning ishonchini suiiste'mol qilish va ularga moddiy zarar yetkazish holatlari ko‘paydi.

Esingizda bo‘lsa, 7 mingdan oshiq fuqaroga jami 72 mlrd so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazgan o‘nga yaqin xususiy bandlik agentliklari rahbarlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Jabrlanganlar Hukumatga murojat qilgach, ularga yetkazilgan zararlar uch kun ichida qoplab berilgan edi. 

Muammo qonunda ana shunday holatlar sodir etilishiga yetarli sharoitlar saqlanib qolganida ekanini tushungandirsiz. Ya'ni, amaldagi Qonunda xususiy agentliklarning ish qidirayotgan shaxslar oldidagi majburiyatlari to‘liq mustahkamlab qo‘yilmagan yoki qat'iy tartiblar belgilanmagan, faoliyati ustidan tegishli nazorat o‘rnatilmagan edi.

Bu borada taklif etilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiq, qonunning qator moddalariga tegishli o‘zgartishlar kiritish hamda yangi modda bilan to‘ldirish nazarda tutilyapti», deya Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a'zosi Inomjon Qudratovning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Deputatning qo‘shimcha qilishicha, qonun loyihasiga muvofiq ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish xizmati uchun to‘lovni chet ellik ish beruvchi hisobidan amalga oshirish mexanizmini joriy etish, zaxira qilib qo‘yiladigan mablag‘larni BHMning sakkiz ming besh yuz baravari miqdorida belgilash qonuniy mustahkamlanmoqda.

«E'tibor bering, 1 milliard 895 million 500 ming so‘m yoki 200 ming AQSh dollariga teng zaxira majburiyati xususiy bandlik agentligining ma'suliyatini oshiradi. Shuningdek, qonun loyihasida xususiy bandlik agentliklari tomonidan ko‘rsatiladigan axborot va maslahat xizmatlari uchun olinadigan haq miqdori aniq qilib belgilanmoqda, faoliyatning shaffofligini ta'minlash maqsadida xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomalarni real vaqt rejimida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “labor-migration” dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tkazish lozimligi ko‘rsatib o‘tilmoqda.

Yana bir muhim jihat – mamlakatimizdan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarga zarur paytda vakolatli organlar bilan bog‘lanishga doir axborot-ma'lumotlar almashish tizimini yo‘lga qo‘yish masalasi ham qonun loyihasida aks ettirilmoqda. Bu o‘z navbatida xizmatdan foydalanuvchining ishonchiga xizmat qiladi.

Loyihada Mehnat va bandlik munosabatlari vazirligiga xususiy bandlik agentliklari faoliyatini moliya-xo‘jalik faoliyatiga aralashmagan holda tekshirish vakolati berilmoqda.

Xo‘sh ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalar nima beradi, degan savol tug‘iladi. Oddiy qilib aytganda, ish qidirayotgan shaxslar va ularning taqdiri haqidagi ma'lumotlar reallashadi, aldanishlar kamayadi, xorijdagi yuqori daromadli ish o‘rinlari bozori tartibga tushishi barobarida mahalliy ish o‘rinlari haqidagi axborotni ilgari surishga qo‘shimcha maydon yaratiladi, odamlarda xususiy agentliklarning xizmatidan tizimli foydalanishi orqali davlatga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanadi», deydi Inomjon Qudratov.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmatining qayd etishicha, ayni paytda Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi ishchi guruhining qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash va maromiga yetkazish yuzasidan olib borayotgan ishlari davom etmoqda.    

 

Ko‘proq yangiliklar: