Kirish imtihonlari onlayn bo‘lmaydi – DTM

Jamiyat 20:10 / 08.07.2020 30627

Davlat test markazi bu yilgi kirish imtihonlari onlayn o‘tkazilishi to‘g‘risida tarqalgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

«O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 14 maydagi PQ-4319-son «Oliy ta'lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, oliy ta'lim muassasalarining bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga mos test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, baholash mezonlari, test topshiriqlari soni hamda test sinovlarini o‘tkazishning aniq muddatlari O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi.

Hozirgi kunda Davlat test markazi tomonidan test sinovlarini har yilgi shaklda, katta sig‘imli binolarda, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilgan holda o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Shuni ma'lum qilamizki, davlat oliy ta'lim muassasalarining bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga kirish imtihonlarini o‘tkazish tartibi o‘zgarmagan», deyiladi DTM rasmiy bayonotida.

Bundan oldinroq, AOKAda O‘zbekistonda qaytadan karantin joriy etilishi to‘g‘risidagi qaror yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanidan keyin turli manbalarda davlat oliy ta'lim muassasalarining bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga kirish imtihonlari onlayn bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi.

Bu yil kirish imtihonlari 1 avgustdan boshlanishi rejalashtirilgan. Ammo vaziyatga qarab bu muddat kechiktirilishi ham mumkin.

Test sinovlari bir kunda ikki smenada o‘tkaziladi.

Ko‘proq yangiliklar: