JSST koronavirus kelib chiqishi manbayini aniqlash uchun Xitoyga mutaxassislarni jo‘natadi

Jahon 01:10 / 08.07.2020 11404

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tez orada Xitoyga o‘z missiyasini jo‘natadi. Missiyaning vazifasi koronavirus kelib chiqishi manbayini aniqlashdan iborat bo‘ladi. Bu haqda JSST rahbari brifingda ma'lum qildi. 

“Oxirgi oylarda virusning kelib chiqishi borasida ko‘p muhokamalar bo‘lmoqda. JSST barcha tayyorgarlik ishlarini yakunladi va tashkilot ekspertlari yaqin reys bilan Xitoyga jo‘naydi”, deb aytgan JSST bosh direktori Tedros Adanom Gebreyyesus.

Uning ta'kidlashicha, mutaxassislarning asosiy vazifasi JSST rahbarlik qilayotgan xalqaro missiyaga asos va ishlash rejasini tayyorlashdan iborat bo‘ladi. “Bu missiyaning vazifasi virusning hayvonlardan kelib chiqishini tushunish borasida olg‘a siljish va u hayvondan insonga qanday o‘tganini aniqlashdan iborat bo‘ladi”, deb aytgan JSST rahbari. 

JSSTning sog‘liqni saqlash sohasidagi favqulodda vaziyatlar dasturi direktori Maykl Rayanning aytishicha, virusning kelib chiqishini aniqlash butun boshli detektivga o‘xshaydi. “Gap juda mashaqqatli ish haqida bormoqda”, deb aytgan Rayan.

“Hayvonlar va insonlar o‘rtasidagi chegara qachon o‘tilganini aniq bilmaymiz. Xitoyga yo‘l olayotgan olimlar sabab nimada ekanini aniqlashmoqchi. Eng asosiy, zaif unsurni aniqlash, virusning insonga o‘tishi jarayoni qanday kechganini bilish lozim”, deb qo‘shimcha qilgan Rayan va virusning hayvondan insonga o‘tishi zanjirida ham yovvoyi, ham qishloq xo‘jaligi yoki bozordagi hayvonlar ishtirok etgan bo‘lishi mumkinligini ta'kidlab o‘tgan. “Jarayon murakkab va mavhum. Boshi berk ko‘chaga kirib qolish ham mumkin”, deb tan olgan Rayan va JSST ko‘p yillardan beri Ebola bezgagi kelib chiqishini aniqlay olmayotganini eslab o‘tgan.

Ko‘proq yangiliklar: