«Xorijlikka fuqarolik berib, milliy jamoada o‘ynatish o‘zbek futboliga katta minus». Odil Ahmedov Kuperning xatosi, Masharipovga maslahati va «sabotaj» haqida

Sport 18:04 / 07.07.2020 40773

Pandemiya davri barcha sohalar qatori futbolda ham keskin o‘zgarishlar davriga sabab bo‘ldi. Kun.uz sayti muxbiri O‘zbekiston milliy jamoasi hamda Xitoyning «Shanxay SIPG» klubi yetakchisi Odil Ahmedov bilan videokonferensiya orqali bog‘lanib, O‘zbekiston milliy jamoasi, legionerlarimiz va Xitoy chempionati borasida suhbatlashdi.

Xitoydagi vaziyat, Shanxaydagi oilasiz hayot va o‘zgargan chempionat haqida

 - Xitoyning Shanxay shahridaman. Uch oydan ko‘proq vaqt davomida mashg‘ulotlarda qatnashib yuribmiz, biroq hali chempionat boshlanganicha yo‘q, deya gap boshladi Odil Ahmedov.

- Xitoy Superligasi o‘yinlari qachondan boshlanishi rejalashtirilgan?

- 25 iyuldan boshlanadigan bo‘ldi. Klublar ikkita guruhga sakkiz jamoadan bo‘linib, ikkita shaharda qarorgohlarda yig‘ilishadi. O‘sha yerda 14 yoki 17tadan o‘yin o‘tkazishimiz rejalashtirilgan. O‘yinlar taqvimi hali ma'lum qilinmagan.

 - Demak, chempionat formati ham o‘zgaradi, shundaymi?

- Xuddi shunday. Bu formatga ko‘ra, jamoalar ikkiga bo‘lindi. Ikki guruhda ham kuchli to‘rttalik aniqlangach, chorak final, yarim final va final orqali g‘olib nomi aniqlanadi.

- Hamma legionerlar jamoaga yetib keldimi?

- Kelgan. Oxirgilardan bo‘lib Marko Arnautovich yetib keldi. U hali jamoaga qo‘shilgani yo‘q, chunki hozir ikki haftalik karantinda. Tez orada safga qo‘shiladi.

- Pandemiya sabab klubning maqsadlari o‘zgarmadimi?

- Yo‘q, har doimgidek har bir turnirda ijobiy qatnashish maqsad qilingan.

- Toshkentdan Shanxayga qachon qaytdingiz? Pandemiya davrida Xitoyda yashash tarzi qay daraja o‘zgargan?

- Pandemiya boshlanganida hammamiz uyimizga ketgan edik. Keyinchalik BAAda yig‘inda bo‘ldik. Chunki o‘yinlar qachon boshlanishini hech kim bilmasdi. Ko‘p o‘tmay, OFK Chempionlar ligasi o‘yinlari sanasini ham boshqa muddatga ko‘chirgach, bizga qariyb bir oyga javob berildi. Shuncha payt O‘zbekistonda bo‘ldim. Klubdan qo‘ng‘iroq bo‘lgach, 20 mart kuni yana Shanxayga yetib kelib ikki hafta davomida uyda karantinda o‘tirdim. Bu vaqtda jamoa mashg‘ulotlarni boshlagandi va men ham yig‘inga qo‘shildim. Mana uch oy o‘tdiki, hali ham tayyorgarlik ko‘rib yuribmiz. Shanxayda oilamsiz hayot juda zerikarli. Hozirgi sharoitda tavakkal qilishni istamay, oilamni tashlab o‘zim kelgandim. Bu yerda odatiy hayot tarzi qaytgan. Ammo qayerga bormasangiz hamma joyda ehtiyot choralari kuchaytirilgan. Restoranga ham, supermarketlarga ham kirishda issig‘ingizni o‘lchab, hujjatlarni tekshirib, testdan qachon o‘tganligingizni ko‘rishadi. Yaqinda Pekinda vaziyat og‘irlashgan deyishdi, lekin Shanxayda hammasi joyida.

- Sizningcha, karantin davri futbolga qanchalik ta'sir o‘tkazadi? Umuman, oxirgi rasmiy o‘yiningizni eslay olasizmi?

- Futbolni sog‘insak-da, eng avvalo sog‘liq turadi. Karantin joriy etilgani odamlar salomatligi uchun qilindi. Eng to‘g‘ri yo‘l shu edi. Sekin-asta hamma narsa joyiga tushayapti. Bu ham Xudoning bir sinovi bo‘lsa kerak.

- Jismoniy holatingiz qanday? Kuz oyida O‘zbekiston milliy jamoasi o‘yinlarigacha qanday holatda bo‘lasiz?

- Bilasizmi, bir yil davomida mashg‘ulot o‘tkazsangiz ham, bitta o‘yinning tajribasi boshqa bo‘ladi. Shu bois jismoniy holat qachon yaxshi bo‘ladi – rasmiy o‘yinlar ko‘p bo‘lsa. Rasmiy o‘yinda maydonga tushganimga 5 oy bo‘layapti. Tez orada chempionat boshlansa, jismoniy holatimizni yana tiklab olamiz.

«Milliy jamoadan 2-3 nafar futbolchi bilan gaplashaman, Xalk bilan yaqin aloqadamiz»

 - Milliy jamoamizdagi futbolchilar bilan aloqada bo‘lib turibsizmi?

- Bilasiz, milliy jamoamizdagi futbolchilarning aksari yoshlar. Eng yoshi kattasi hozircha menman. Shu bois har zamonda gaplashib turamiz, ammo ko‘p emas. Jaloliddin Masharipov, Jamshid Iskanderov, Doston Tursunovlar yozib turishadi. Qolganlari bilan deyarli gaplashmayman. O‘zi milliy jamoada ham yig‘ilganda juda kam muloqotda bo‘lamiz.

- Xitoyda klubingiz futbolchilari bilan qanchalik yaqin aloqadasiz?

- Klubimda ham milliy jamoalarda o‘ynaydigan futbolchilar bor. 2-3 nafari bilan aloqalarimiz yaxshi. Ayniqsa, legionerlardan braziliyalik Xalk bilan munosabatimiz ancha yaxshi, bordi-keldimiz bor.

 - Bu yil bir qator futbolchilarimiz legionerga aylanishdi. Ammo ularning aksariyati Janubiy Koreya, Xitoy yoki boshqa davlatlarning oliy ligasi emas, quyi divizionlariga o‘tgani milliy jamoamiz bosh murabbiyi Vadim Abramovning tashvishlanishiga sabab bo‘ldi. Jamoa sardori sifatida siz bunga qanday qaraysiz?

- Taqqoslash qanchalik to‘g‘ri bilmadim-u, lekin Xitoyning ham Koreyaning ham birinchi ligalari yomon emas. Ya'ni, o‘sha chempionatlarning ham asosiy murabbiylari va futbolchilarini xorijliklar tashkil qiladi. Shu bois ular Xitoy yoki Koreyani quyi divizioniga yo‘l olsa ham buni normal holat deb tushunaman.

- Karantindan keyin aksariyat legionerlarimiz hali formalarini tiklay olmagandek taassurot uyg‘onmoqda. Aytaylik, Ikrom Aliboyev Koreyada, Eldor Shomurodov Rossiyada avvalgi sermahsulligini namoyish eta olmayapti. Bu o‘tkinchi holatmi yoki muxlislarning xavotirida asos bormi?

- Bu eng avvalo har bir futbolchining o‘ziga bog‘liq. Bilasizmi, hamma joyda ham ayniqsa murabbiylar bir xil barqaror o‘ynaydigan futbolchilarni qadrlashadi. Shunday ekan, o‘ylaymanki siz nazarda tutgan futbolchilarimiz ham xulosa chiqarib, o‘z ustida ishlab avvalgi sport formasini tiklay olishadi.

 «Masharipov chetga ketishi kerak, keyin kech bo‘lishi mumkin»

 - Jaloliddin Masharipovga Turkiyaning «Trabzonspor» klubidan qiziqish bo‘ldi. Shota taklif yo‘q dedi, Masharipov qiziqish bor deyapti. Sizningcha, futbolchilarimiz Turkiya chempionatiga yo‘l olsa, o‘ynab keta olishadimi?

- Jalol – irodasi kuchli futbolchi. Uni har qanday jamoada o‘ynab keta oladi deb o‘ylayman. Unga qiziqish bo‘lmadi, degan gap noto‘g‘ri bo‘lsa kerak. Chunki har bir murabbiy ham o‘ziga kerakli futbolchini qo‘yib yuborgisi kelmaydi. Shu bois Arveladze ham Masharipovni ushlab turgan bo‘lsa kerak. Fikrimcha, Jaloliddin legioner sifatida o‘zini sinab ko‘rishi kerak.

Hozirda Superliga o‘yinlarini kuzatib borayapman. O‘zimni ham boshimdan o‘tgan bu narsa. O‘zbekistonda hamma sovrinlarni yutgandan keyin o‘zimga ham Oliy ligada o‘ynash qiziq bo‘lmay qolgandi. Maydonda nimani xohlasam o‘shani qila olganimdim keyin baribir qiziqish biroz so‘nadi. Bu narsa Jalolidin Masharipovda ham bo‘layotganini ko‘rayapman. Jalol o‘zini boshqa chempionatda sinab ko‘rishi kerak deb o‘ylayman. Chunki o‘yin jihatdan o‘zingni boshqalardan balandroq ekanligingni ko‘rsata olayapsanmi, demak o‘zingdan kuchliroq yoki o‘zingga teng futbolchilar bilan birga futbol o‘ynashing kerak. O‘shanda yanada o‘sasan. Aks holda karerada orqaga chekinish bo‘lib qolishi mumkin.

- Jasur Jaloliddinovga Rossiyaning «Lokomotiv» klubidan qiziqish bo‘lgan. Bu chempionatda o‘ynagansiz, ayting-chi Jasurning ketishiga vaqtliroq emasmi?

- Rossiya Premer-ligasida o‘zbekistonlik futbolchilar uchun to‘p surish oson emas. Chunki u yerda asosan jismoniy jihat muhim sanaladi, futbolchi baquvvat bo‘lishi kerak. Masalan, Oston O‘runov jismonan baquvvatligi uchun «Ufa» safida o‘ynab keta olayapti.

O‘zimizda bitta narsaga ko‘p guvoh bo‘laman, bitta futbolchi chiqib qolsa, unga bu jamoa qiziqayapti, boshqa klub qiziqayapti, degan gaplar ko‘p tarqaladi. Ammo rasmiy taklif haqidagi xabarlar juda kam. Agarda Jasur Rossiya chempionatida o‘ynab keta olsa, bu uning uchun katta yutuq bo‘ladi.

«Kuper qiynaldi, biz hech qachon himoyada juda zo‘r o‘ynay olmaganmiz»

 - Superligada ko‘p yillardan beri to‘p surayotgan legioner futbolchilarni O‘zbekiston milliy jamoasiga taklif etish haqida ko‘p gapirilmoqda. Siz xorijlik legionerlarning mahalliylashtirilib, bosh jamoamizga chaqirilishiga qanday qaraysiz?

- Milliy jamoamizda xorijlik legionerning o‘ynashi o‘zbek futboliga katta minus deganidir. Chunki Superligamizda shuncha jamoalar va qanchadan-qancha futbolchilarimiz bor, xorij chempionatlarida o‘zimizni legionerlar to‘p surayapti. O‘shalar orasidan ham milliy jamoamizga mos futbolchilar chiqmasa, bu juda ham katta minus bo‘ladi. Legionerlardan aksari O‘zbekiston fuqaroligini qabul qildi, endi ular O‘zbekiston milliy jamoasiga yordam bera oladi deyish ham aslida noto‘g‘ri, deb o‘ylayman. Sababi O‘zbekiston chempionati bilan milliy jamoamizni taqqoslaydigan bo‘lsak yer bilan osmonchalik farqi bor.

O‘zbekiston milliy jamoasi kuchli raqiblarga qarshi o‘ynaydi, Superligada esa kuzatayapmizki, o‘yinlar saviyasi u darajada yuqori emas. O‘ylashimcha, kimgadir O‘zbekiston fuqaroligini berish majburan qilinayapti, lekin bu o‘zbek futboli obro‘si uchun katta minus.

 - Ektor Kuper milliy jamoamizni boshqarayotganda va undan keyin turli gap-so‘zlar bo‘ldi. Tajribali futbolchi sifatida uning murabbiylik faoliyatiga qanday baho berasiz?

- Ektor Kuper juda yaxshi inson. Ammo jahon futbolida qaysidir xorijlik murabbiyni chaqirishmoqchi bo‘lishsa, o‘sha milliy jamoaning o‘yin uslubidan kelib chiqib, chaqiriladi. Bizning jamoamiz esa himoyaviy o‘yin uslubiga mos emasdi. Biz hech qachon himoyada juda zo‘r o‘ynay olmaganmiz. Kuper himoyaviy futbol ko‘rsatishga harakat qildi, lekin juda ham qiynaldi. Chunki himoyaviy futbol ko‘rsatish uchun himoyaviy futbolchilar kerak. Bizda esa himoyaviy futbochilar yetarlicha emas. Shaxsiy fikrim, uning ish uslubi ham eskiroq edi. Lekin futbolchilarga ruhan katta dalda bera oladigan murabbiy edi.

 «O‘rnimga futbolchi paydo bo‘lsa, joyimni ertagayoq bo‘shatib berishga tayyorman»

 - Emishki, Kuperning so‘nggi o‘yini bo‘lgan Falastinga qarshi mag‘lubiyatli bahsda futbolchilar ataylab o‘z darajasidan past to‘p surib, Kuperning iste'fosini istagan, ya'ni «sabotaj» qilishgan. Buni Aziz Haydarov boshchiligida Odil Ahmedov va Anzur Ismoilovlar birga qilishdi, degan mish-mish gaplar tarqaldi. Bu qanchalik rostligi noma'lum, siz bu haqda eshitdingizmi, bu gaplarga qanday munosabat bildirgan bo‘lardingiz?

- Bilasizmi, futbol shunaqa narsaki, 11 kishi o‘ynaydi, millionlab kishi muhokama qiladi. Eshitaman desangiz million xil fikr va har xil gaplar. 2007 yildan buyon milliy jamoada o‘ynab kelayotgan bo‘lsam, ko‘rayapmanki kimga nimadir bersam, Xudo meni o‘sha bilan mukofotlaydi. Men shuncha payt to‘p surib, biror marta ataylab oyog‘imni tortib olgan joyim bo‘lsa, ataylab zaxiraga olishni so‘ragan yoki yugurmagan joyim bo‘lsa, ko‘rsatib berishsin-chi? Qanaqa qilib shunday ishga borish mumkin? Axir, milliy jamoani yutishi o‘zimni, oilamni obro‘si, ota-onamni faxri bo‘lsa. Aziz va Anzur uchun ham bemalol ayta olaman, bunaqa pastkashlikka hech qachon borishmaydi. Bunday gapni kim chiqarishi mumkin, o‘sha pastkash odamlar gapirishi mumkin. Futbolni umuman tushunmagan odam bunday gaplarni gapirishi mumkin. Futbolda har xil holat bo‘lishi mumkin, ba'zida o‘yinimiz chiqmay qoladi. Gohida butun jamoa o‘ynamay, faqat uch futbolchi aybdor bo‘lib qolishi mumkin. Mabodo o‘sha murabbiy menga ming xil yomonlik qilgan taqdirda ham, futbol o‘ynamay qolganimga sababchi bo‘lgan taqdirda ham, hech qachon bunaqa pastkashlikka bormayman.

 - Odil, 2017 yil JCh-2018 saralashidagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin «Sport» telekanaliga chaqirganimizda, «Agar yoshlardan raqobatbardosh jamoa tuzilsa, milliy jamoadan ketishga roziman», degan edingiz. O‘sha paytda bunday keskin fikr bildirishingizga nima sabab bo‘lgan?

- O‘sha paytda har xil gaplarni eshitasiz, milliy jamoa haqida yozilayotgan maqolalarni o‘qiysiz, ota-onamizga yetib boradi. Ayniqsa, uydagilar shunaqa maqolalarni ko‘p o‘qishadi. O‘shanda ko‘pchilik meni qarib qolgan degan. O‘shanda ham aytgandim, hozir ham aytaman – milliy jamoada mendan kuchli futbolchi chiqsa, o‘z o‘rnimni bo‘shatib berishga doim tayyorman. Chunki milliy jamoada eng kuchlilar o‘ynashi kerak. Kuper murabbiy bo‘lganida ham birinchi bo‘lib o‘zim borib aytganman, “o‘rnimga kuchliroq futbolchi bo‘lsa ketishga tayyorman” deb, lekin u rozi bo‘lmagan. Vadim Abramov murabbiy bo‘lganida ham Ravshan Ermatov, Aziz Haydarov, Karlenovich birga muhokamaga yig‘ilganimizda bu murabbiyga ham buni to‘g‘ri tushunishimni o‘zim aytganman, ammo Abramov kerakligimni bildirgan. Shunga qaramay, hozirgacha fikrimdan sobitman - o‘rnimga raqobatbardosh futbolchi paydo bo‘lsa, joyimni ertagayoq bo‘shatib berishga tayyorman.

 «Milliy jamoada o‘ynasam yozishni boshlashadi, ustimdan kulib chiqadi», deydi»

 - Murabbiy milliy jamoaga keraksan deb tursa-yu, aksariyat muxlislar buni aksini gapirishsa, bunga qanday qaraysiz?

- Aytaylik, murabbiy o‘sha 35 yoshli futbolchini chaqirayaptimi, demak uning o‘rniga munosib yoshlar topilmayotganidan chaqiradi. Milliy jamoada shunaqa holatlarga duch kelganmanki, o‘zimizni aksariyat futbolchilarimizga “kel, sen milliy jamoaga o‘ynashing kerak”, deb aytsam, “meni milliy jamoaga chaqirishmasa ham mayli”, deyishadi. Nima sababdan desam, “ertaga milliy jamoa safida maydonga tushsam, yozishni boshlashadi, ustimdan kulib chiqadi” - degan gaplar bo‘lgan. Bu ko‘proq futbolchining ruhiy holatiga bog‘liq. Bunday futbolchilar ruhan kuchsiz bo‘lishadi. Afsuski, shunaqa o‘ylaydigan futbolchilarimiz juda ham ko‘p. Gap-so‘zga e'tibor bermaydigan futbolchilar bizda juda ham kam. Yuqorida bejizga Jaloliddin Masharipov haqida gapirdim, masalan u mana shunday gaplarga e'tibor bermay, o‘z ustida ishlab hozirgi darajasiga yetdi. Bizda ko‘pchilik futbolchilar internetda kommentlarni o‘qib, ijtimoiy tarmoqlardagi gaplar sababli maydonda o‘zidagi bor iqtidorni ham ko‘rsata olmaydi.

Superligamizni kuzatayapman. Juda ko‘p futbolchilarimiz tavakkal qilmaydi. Yaxshisi, tinchgina xato qilmay ortga to‘p oshirishni ma'qul topadi. Futbolchi imkoniyat bo‘lganda ham hujumga o‘tishdan, raqibni aldashdan qo‘rqayaptimi, demak u hali ruhan tayyor emas. Futbolda psixologiyaning o‘rni juda katta.

 - Saudiya Arabistoniga qarshi Toshkentda mag‘lub bo‘lganimizdan keyin imkoniyatimiz qiyinlashdi. Qolaversa, Saudiyaga qarshi yozda o‘ynashimiz kerak bo‘lgan bahs pandemiya sababli kuzga ko‘chirildi. Bu yaxshi bo‘ldimi yoki o‘z vaqtida o‘ynaganimiz yaxshimidi?

- Albatta, Saudiyada yozda o‘ynagandan ko‘ra, kuzda o‘ynagan yaxshi. Chunki issiqda futbol o‘z tempi va chiroyini yo‘qotadi, to‘p surishimiz ham oson bo‘lmasdi. Imkoniyatimizni hali ham yomon emas, biz hech narsani yo‘qotmadik. Saudiya O‘zbekistonda yutib ketgan bo‘lsa, biz nima uchun Saudiyaga borib yutmasligimiz kerak? Jamoamiz yaxshi tayyorgarlik ko‘rib, xatolardan to‘g‘ri xulosa qila olsak, ijobiy natija bilan qaytishimiz mumkin.

 - Muxlislarsiz futbolga ko‘nikish qiyin bo‘lmaydimi?

- Afsuski, ko‘nikishga majburmiz. Vaziyat, sharoit shuni taqozo etmoqda. Yevropada ham ko‘rayapmizki, o‘yinlar xuddi o‘rtoqlik uchrashuvidek o‘tmoqda. Bejizga futbol muxlislar bilan go‘zal deyilmaydi. Futbol chiroyini yo‘qotib qo‘ygandek. Umid qilamizki tez orada bu sinovli damlar o‘tib, futbol ham, hayot ham avvalgi holatga qaytadi va biz yana muxlislar qarshisida futbol o‘ynaymiz.

 Jamoliddin Bobojonov suhbatlashdi. 

Ko‘proq yangiliklar: