O‘zbekistonda Facebook yana bloklandimi? Mutasaddilar izoh berishdi

O‘zbekiston 22:43 / 07.07.2020 23732

Kun.uz suhbatlashgan o‘nga yaqin o‘zbekistonlik Facebook foydalanuvchilari VPN-ilova orqali kirayotganliklarini aytishdi. Aks holda ijtimoiy tarmoqqa kirib bo‘lmayotganidan shikoyat qilishdi.

Qolaversa, ijtimoiy tarmoqlarda yozib qoldirilayotgan ko‘plab post va izohlar dunyodagi eng mashhur onlayn platformalardan biri O‘zbekistonda yana bloklangani haqida taxminlarni yuzaga keltirmoqda.

«Bu masalani Facebook egalaridan so‘rash maqsadga muvofiq»

AKT vazirining matbuot kotibi Sherzod Ahmadov Kun.uz muxbirining savoliga javoban o‘zi Facebook tarmog‘iga kirishda muammolarga duch kelmaganini, tarmoq kimdadir yaxshi ishlamayotgan bo‘lsa, bu masalani Facebook egalaridan so‘rash maqsadga muvofiqligini ma'lum qildi.

«O‘zkomnazorat» davlat inspeksiyasi vakili Azamat Akobirov Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi uzilishlarni o‘rganish inspeksiya vakolatiga kirmasligini aytdi.

«So‘nggi bir necha kundan beri ijtimoiy tarmoqlarda Facebook’ning yomon ishlayotgani qizg‘in muhokama qilinmoqda. Menga mazkur masala bo‘yicha izoh so‘rab bir qancha OAV vakillari murojaat qilishdi.

Shuni ta'kidlashni istardimki, «O‘zkomnazorat» davlat inspeksiyasi aloqa xizmatlari sifati ustidan texnik nazoratni amalga oshiradi, operatorlar va provayderlarning texnik infratuzilmasi bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqadi.

Turli saytlarning ochilishi, ularga kirish jarayonida kuzatilayotgan muammolarni hal qilish bizning vakolatimizga kirmaydi. Biz bunday jarayonlarni kuzatmaymiz.

Mutaxassislarimiz ma'lumotlariga ko‘ra, shubhasiz, turli xil saytlarning mavjudligi vaqti-vaqti bilan o‘zgarib turadi va bu internet uchun odatiy holdir. Ijtimoiy tarmoqlardagi ma'lumotlarga ko‘ra, foydalanuvchilar bu vaziyatni turlicha tavsiflashmoqda: kimdadir mobil internet orqali tarmoqqa kirishda qiyinchilik kuzatilayotgan bo‘lsa, kimdadir buning aksi. Yana kimdadir bu borada umuman hech qanday muammo yo‘q. Umuman olganda, Facebook’ka ommaviy kirishda muammo bor deyish uchun hech qanday asos yo‘q. Ehtimol, bu qaysidir provayder yoki mobil aloqa operatorining qaysidir uskunalarini modernizatsiya qilishi yoki profilaktika ishlari bilan bog‘liqdir»,deb yozgan inspeksiya vakili Azamat Akobirov o‘zining Telegram’dagi kanalida.

Bu birinchisi emas

O‘zbekistonda Facebook bilan bog‘liq muammolar ilgari ham kuzatilgan. 2018 yilning 3 sentyabridan 2019 yilning 22 fevraligacha o‘zbekistonliklar Facebook va YouTube’ga faqatgina VPN orqali kira olishgan.

Qariyb olti oy davom etgan blokdan so‘ng ushbu ikki ommabop tarmoq to‘siqsiz ishlay boshlagandi. Bu vaqt davomida blok qo‘yilganini rad etib kelgan mas'ullar keyinchalik «texnik muammolar» hal etilganini aytishgan.

O‘shanda Facebook va YouTube’ga qo‘yilgan to‘siq Davlat xavfsizlik xizmati rahbariyatidagi o‘zgarishlar ortidan olib tashlangani haqidagi mulohazalar paydo bo‘lgandi.

Keyinchalik Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining sobiq rahbari Komil Allamjonov o‘z intervyularidan birida aniq ismlarni tilga olmagan bo‘lsa-da, ushbu taxminlarda asos bo‘lganiga sha'ma qilgandi.

«Agentlik rahbari bo‘lib tayinlanganimdan so‘ng Facebook va YouTube’ning yoqilishi bo‘yicha ma'lum bir harakatlarni amalga oshirdik. Bloklagan shaxslar hozir qamoqda o‘tiribdi. Bunda mantiq shundan iborat bo‘lganki, ularning fikriga ko‘ra, juda ko‘p salbiy ma'lumotlar mavjud edi. Va ular Facebook hamda YouTube’ni yopish orqali salbiy ma'lumotlar oqimini kamaytirish mumkin, degan qarorga kelishgan. Bu borada juda jiddiy munozaralar bo‘ldi. Men salbiy ma'lumotlar bilan qarshi dalillar va qarshi faktlar orqali kurashish kerakligini aytdim.

Bu to‘g‘ri yo‘l, boshqa yo‘l yo‘q. Bugungi kunda internetni o‘chirib qo‘ysangiz, hech narsaga erisha olmaysiz. Xo‘sh, Facebook o‘chirildi. Oxir-oqibat nima bo‘ldi? Hamma VPN’dan foydalanishni boshladi. VPN esa barcha xavfsizlik tizimlarini buzadi. U hamma manbalarga kirish imkoniyatini ochadi. Agar hamma VPN’dan foydalanishni boshlasa, unda davlatda nazorat qilish vositalari qolmaydi, masalan, terroristik saytlar, konstitutsiyaga qarshi turli harakatlarga targ‘ib qiluvchi yoki giyohvand moddalar savdosi bo‘yicha saytlar. Axir, hozirda bularning barchasi saytlar orqali amalga oshirilmoqda. Agar har bir fuqaro har qanday to‘siqdan o‘tib ketadigan VPN’ga ega bo‘lsa, unda o‘z davlatingizni qanday himoya qila olasiz? Biz buni tushuntirdik va bunga erishdik«, – deb aytgandi Komil Allamjonov.

Facebook ma'muriyati bilan aloqa o‘rnatish uchun Tashqi ishlar vazirligidan so‘ralgan yordam

Ijtimoiy tarmoqlarning bloklanishi o‘sha paytda to‘g‘risini ayta olmagan mutasaddi idoralarning ajabtovur bayonotlari bilan esda qolgan. Jumladan, 2019 yilning yanvarida Kun.uz muxbiri o‘z manbalariga tayangan holda Axborot va kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish vazirligi Facebook ma'muriyati bilan aloqa o‘rnatishda yordam so‘rab, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qilgani haqida xabar bergan edi. Ushbu mazmundagi xat 2018 yil dekabr oyida Tashqi ishlar vazirligiga yuborilgan.

Mazkur xabar jamoatchilik va internet foydalanuvchilarning kulgisi va tanqidlariga sabab bo‘lgan edi.

Facebook ishlamayaptimi: unda sizga VPN yordam beradi

Facebook’ka kirishda 2020 yil 4 iyuldan buyon kuzatilayotgan qiyinchiliklar ortidan O‘zbekistonda VPN-ilovalardan foydalanuvchilar soni yana ko‘paygan. 2018–2019-yillardagi olti oylik bloklanish davrida VPN mamlakat aholisi tomonidan eng ko‘p yuklab olingan dasturlar 20taligiga kirgan edi.

Downdetector servisi ma'lumotlariga ko‘ra, uzilishlar markazlaridan biri O‘zbekistonga, yanayam aniqrog‘i, poytaxt Toshkent va unga yondosh hududlarga to‘g‘ri kelmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: