Namangan viloyat SEOM mansabdorlari budjet mablag‘larini talon-toroj qilgani aniqlandi

Jamiyat 11:59 / 07.07.2020 30489

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Sergeli tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, respublika «Mahalla» xayriya jamoat fondi Sergeli bo‘limi mansabdor shaxslari umumxalq xayriya hashari hisobidan kelib tushgan mablag‘larni go‘yoki ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar uchun sovg‘a, moddiy yordam pullari berilgani va boshqa ijtimoiy yordamlar ko‘rsatilgani haqida soxta bayonnomalarni rasmiylashtirish orqali 95,8 mln so‘m mablag‘larni talon-toroj qilgani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Respublika «Mahalla» xayriya jamoat fondi Sergeli bo‘limi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, Namangan viloyati Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazidagi talon-torojliklar fosh etildi.

Departamentning Namangan viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, viloyat Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi mansabdor shaxslari «F.B», «A.T» va «H.S» MChJlar bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq, 275,9 mln so‘m bo‘lgan «gipoxlorid kalsiy» dezinfeksiyalovchi vositalarni 524,8 mln so‘mga, ya'ni o‘rtacha bozor narxidan 248,9 mln so‘mga qimmat narxlarda sotib olishib, juda ko‘p miqdordagi budjet mablag‘larini talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan markazning mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq SEOM mansabdor shaxslari xuddi shu yo‘l bilan Navoiy viloyatida 222,3 mln so‘m, Buxoro viloyatida 202,5 mln so‘m miqdoridagi budjet mablag‘larini talon-taroj qilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: