Maldiv orollaridagi o‘zbekistonlik jarroh: «Bu yerlarga pul uchun kelmadim»

Jamiyat 18:57 / 07.07.2020 47068

Turkum suhbatlarimizning navbatdagi mehmoni – samarqandlik jarroh, tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent O‘ktam Abdullayev. U 2016 yildan buyon Maldiv orollarida shifokor sifatida faoliyat yuritmoqda.

– Assalomu alaykum, O‘ktam. Suhbatimizni mushtariylarimizga sizni yaqinroq tanishtirishdan boshlasak.

– Vaaleykum assalom, aziz yurtdoshlar! Sizlardan qariyb 5 ming km uzoqlikda bo‘lsam-da, Kun.uz saytini muntazam kuzatib boraman va O‘zbekiston nafasini his qilib turaman. Xorijdagi hamkasblarimiz haqidagi maqolalarni ham diqqat bilan o‘qidim. Meni ham taklif qilganlaringiz uchun katta rahmat.

Kamina 2002 yilda Samarqand davlat meditsina institutining davolash fakultetini, 2005 yilda esa jarrohlik bo‘yicha magistraturani tugatganman. 2011 yilda Toshkentda, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, professor Asqar Asrorov boshchiligida soham bo‘yicha tibbiyot fanlari nomzodlik dissertatsiyasini yoqlaganman. Kafedrada dotsent va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filialida mas'ul jarroh sifatida ishlab kelganman. Oliy toifali jarrohman, endoxirurgiya buyicha mutaxassisligim bor.

– Darhol asosiy mavzuga o‘tarkanmiz. Malakali mutaxassis bo‘lganingiz holda, nega xorijga yo‘l olgansiz?

– Bu uzoq joylarga meni iqtisodiy omillar emas, asosan qiziqish, boshqa mamlakatlarni ko‘rish ishtiyoqi yetaklab kelgan. Daromadim O‘zbekistonda ham yaxshi bo‘lgan va qaytib borsam yana ko‘ngildagidek bo‘lishiga ishonaman. Gap shundaki, ko‘pchilik qatori men ham xorijiy klinikalarga o‘z hujjatimni jo‘natgan edim. Maqsadim xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganish, ish jarayonini kuzatish, ingliz tilini mukammal o‘zlashtirish bo‘lgan. Lekin oradan bir yarim yildan ortiq vaqt o‘tdi hamki, hech qayerdan javob kelmadi. Buni unutib bo‘lgan paytimda Maldiv orollaridan taklif kelib qoldi.

To‘g‘risini aytsam, bu davlat to‘g‘risida yaxlit tasavvurga ega emasdim. Internetni titkilab qarasam, juda xushmanzara joylar ekan.

2016 yilda oilam bilan birga jo‘nadik. Maldiv Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan shartnoma tuzdim va Doctor Abdul Samad Memorial Hospital shifoxonasida ishlab kelayapman. Bu shifoxona viloyatlararo hududiy gospital hisoblanadi va ancha yirik shifo maskanidir.

– O‘zbekiston tibbiyoti bilan tafovutlar, o‘xshash jihatlar haqida so‘zlab bersangiz.

– Bir gapni faxr bilan aytaman, O‘zbekiston va umuman sobiq ittifoq tibbiyoti ayrim farqli jihatlarni aytmasa, bu yerda raqobatbardosh. Ya'ni men boshqa davlatlardan kelgan hamkasblarim bilan bemalol ishlab keta oldim. Bu yerda tibbiyot xodimlari asosan xorijiy mutaxassislardan, ko‘proq hindistonliklardan iborat. Tibbiyot tizimi deyarli 90 foiz davlatga tegishli, yuqorida aytganimday, biz ham bevosita vazirlik bilan shartnoma tuzganmiz.

Shifoxonalarning jihozlanishi, dori-darmonlar sifati to‘liq jahon standartlariga mos keladi va bu jihatdan bizdan oldinda. Hujjat ishlari, tekshiruv natijalari tahlili, davolash jarayoni qaydnomalari, dori-darmonlar qabul qilish to‘liq elektronlashgan.

Dorilar bizdagidek istagan joydan emas, faqat vrach retsepti bo‘yicha xarid qilinadi. Har qanday kasallik bo‘yicha shifokor ko‘rigidan keyingina davolanishga kirishiladi, ya'ni o‘z-o‘zini davolash yo‘q. Maktablarda sog‘lom turmush tarziga keng e'tibor beriladi, hamma salomatligini asraydi. Bu oxir-oqibat nogironlik, og‘ir kasalliklarning oldini oladi va davlat budjetiga tibbiyot yuki kamayadi.

Muhim jihat – barcha fuqarolar tibbiy sug‘urtadan foydalanadilar va bu sug‘urta davlat tomonidan to‘lanadi. Demak, bir so‘z bilan aytganda, tibbiyot aholi uchun bepul.

– Juda uzoqdasiz, u yerlarda sizdan tashqari ham o‘zbekistonliklar bormi?

– Hamyurtlarimizning oyog‘i yetmagan joy qolmagan bo‘lsa kerak. Maldiv orollarida 6 nafar hamkasbimizni taniyman. Ularning to‘rt nafari Samarqand, biri Buxoro, yana biri esa Surxondaryodan.

Bundan tashqari ham o‘zbekistonliklar bor va ularning aksariyati mehmonxona, turizm sohasida ishlaydilar. Bu davlatning asosiy daromadi turizmdan va ko‘pchilik shu yo‘nalishda band.

– Ko‘pchilikni qiziqtiruvchi savol – qancha maosh olasiz?

– Keling, shu savol ochiq qolsin. Yuqorida aytganimday, bu yerlarga pul uchun kelmaganman, qiziqish yuqori bo‘lgan. Aytishim mumkinki, maoshim O‘zbekistondagidan ancha yuqori. Lekin shunga qaramay, joriy yilning noyabr oyida shartnomam muddati tugaydi va uni uzaytirish niyatida emasman. Bolalarim qaytib ketishdi, men ham yurtimizga, o‘z ishimga qaytaman.

– Oyiga nechta operatsiya qilasiz va ishingiz hajmi maoshingizga ta'sir qiladimi?

– Oyiga o‘rtacha 20ta turli xildagi operatsiya qilaman. Bu har bir ish kuniga taxminan bittadan to‘g‘ri keladi. Hamma joyda bo‘lgani kabi ba'zan bitta ham operatsiya qilmasligim mumkin, ba'zi kunlari esa uchtalab ustma-ust bo‘ladi. Lekin ish hajmim maoshimga ta'sir qilmaydi – vazirlik har qanday holatda ham kelishilgan haqni beradi.

– Bu orollarda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat qanday?

– Vaziyat jiddiy, lekin nazorat ostida. Kasallikka bevosita duch kelmadim. O‘zbekistondagi vaziyatni saytlaringiz orqali kuzatib boryapman, ilohim bu kasallik tezroq jilovlansin.

– Bu davlatda duch kelgan biror qiziqarli voqeani so‘zlab bersangiz?

– Bir narsa menda katta taassurot qoldirgan. Dastlab kelgan paytlarimda ramazon oyi edi, mahalliy odamlardan biri meni iftorlikka taklif qildi. Uyiga kirganimda mehmonxonasi devorida «Registon» majmuasi suratini ko‘rib juda xursand bo‘lganman. Dunyoning juda olis burchagida, Hind okeani o‘rtasida joylashgan mamlakatda odamlar Samarqandni, Imom Buxoriyni tanir ekanlar. Bundan faxrlansak arziydi.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: