Koronavirusni rad etgan Braziliya prezidenti o‘zida uning alomatlari kuzatilayotganini ma'lum qildi  

Jahon 07:58 / 07.07.2020 7795

Braziliya prezidenti Jair Bolsonaru o‘zida koronavirus alomatlari kuzatilayotganini ma'lum qildi. Shu sababli u koronavirusga tahlil topshirgan.  

Bu Bolsonaruning koronavirusga uchinchi marta tahlil topshirishi bo‘lib, uning mart oyida topshirgan avvalgi ikkita tahlili manfiy chiqqan edi.

Braziliya prezidenti bu haqda prezident qarorgohi oldida o‘z tarafdorlari bilan uchrashuvda ma'lum qilgan. Bolsonaruning ta'kidlashicha, unda tana harorati ko‘tarilgan. U o‘pkasini magnit-rezonans tomografiya qildirgan. Natijalar uning o‘pkasida muammolar yo‘qligini ko‘rsatgan.

Prezidentning tahlili natijalari 7 iyulda olinishi kutilmoqda. Bolsonaru ehtiyot chorasi sifatida koronavirusga qarshi samaradorligi isbotlanmagan bo‘lsa-da, gidroksixloroxin va azitromitsin dori vositalarini qabul qila boshlagan. 

Niqob taqishga qat'iy qarshi chiqqan Braziliya prezidenti uchrashuvda niqobda bo‘lgan va odamlardan o‘ziga yaqinlashmaslikni so‘ragan.

Bolsonaru mart oyida o‘z ma'muriyati vakillaridan biri Fabio Vayngartenda koronavirus aniqlangandan keyin tahlil topshirgan edi. Bundan avvalroq Vayngarten Bolsonaruga AQShga safari vaqtida hamrohlik qilgan. Ko‘p o‘tmay o‘sha safarning yana ikki ishtirokchisida koronavirus aniqlangan.

OAV dastlab Bolsonaruning tahlili musbat chiqqanini ma'lum qilgan. Biroq keyinroq prezidentning o‘zi bu xabarlarni rad etib, “feyk yangiliklarga” ishonmaslikka chaqirgan.

Bolsonaru koronavirus tarqalishi Braziliyada hali kuchli kuzatilmagan mart oyi boshida mamlakatda o‘zini yakkalash va ijtimoiy masofalashuvning boshqa choralari kiritilishiga qat'iy qarshilik ko‘rsatgan. U karantin kiritgan shtatlar gubernatorlari va shaharlar merlarini jinoyatchilar deb atagan va namoyishkorona tarzda shifoxonalarga niqobsiz tashrif buyurib, barcha bilan ko‘l siqishib so‘rashgan. Koronavirusga qarshi choralar borasidagi bahslar sababli Bolsonaru bir oy ichida ikki nafar sog‘liqni saqlash vazirini o‘zgartirgan. 

Ayni vaqtda Braziliya koronavirusga chalinish holatlari soni bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turibdi. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakatda virusga chalinganlar soni 1,6 mlndan, undan vafot etganlar soni 65 mingdan oshgan.  

Ko‘proq yangiliklar: