Bo‘stonliqda mansabdorlar bo‘sh turgan yerga soxta hujjat tayyorlab bergani uchun 41100 dollar olgan – viloyat prokuraturasi

O‘zbekiston 00:02 / 07.07.2020 27293

«Vazirlar Mahkamasining yig‘ilish bayonida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta'minlash maqsadida prokuratura xodimlaridan iborat 5 ta ishchi guruhlari tuzilib, o‘rganishlar davomida noqonuniy qurilmalarni buzdirish bo‘yicha 338 ta holatda ogohlantirish berildi. Tuman hokimining yer maydoni ajratish va egalik huquqini berish haqidagi 40 ta noqonuniy qarorlari protest keltirish yo‘li bilan bekor qilindi, sudlarga 107 ta da'vo ariza kiritildi, qo‘pol qonunbuzilishi holatlari yuzasidan 6 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 10 nafar shaxsga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Masalan, Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi Bo‘stonliq tuman davlat xizmatlari markazi direktori S.Q. hamda yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi xodimlari Qoronqul mahallasidagi bo‘sh turgan 0,54 ga yer maydoniga soxta kadastr hujjatlarini tayyorlab, fuqaro I.Raxmatullayev va boshqalardan auksion orqali sotiladigan yer maydonining to‘lovi uchun 41 100 AQSh dollarini olishgan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 228-moddasi
2-qismi «a, b» bandlari va 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Yoki «Xondoyliq» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan zaxira yerlaridan 2,5 ga yer maydoni fuqaro M.A.ga bog‘ barpo etish va hududni obodonlashtirish uchun shartnoma asosida 10 yil muddatga ijaraga berilgan bo‘lsa-da, hozirda yer maydonida agrotexnik tadbirlar amalga oshirilmasdan, yer maydonining 2,0 ga qismi o‘t bosib, qarovsiz holga kelib qolganligi, jami
2,5 ga yer maydoni atrofida qurilish qilinib, yer maydoni beton devor bilan o‘rab olinganligi aniqlandi.

Ko‘rilgan choralar natijasida, noqonuniy o‘rab olingan yer maydoni buzilishi ta'minlanib, tuman prokurorining protestiga asosan fuqaroga yer ajratish haqidagi qaror hokimning 25.06.2020 yildagi 1615-sonli qarori bilan bekor qilinib, yer maydoni davlat zahirasiga qaytarildi», deydi Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan Kun.uz’ga taqdim etilgan ma'lumotda.

Qayd etilishicha, ishchi guruhlar tomonidan hududni obodonlashtirish, aholi muammolarini hal etish va kommunikatsiya tarmoqlarini yanada yaxshilash choralari ko‘rilmoqda.

«O‘tgan davrda, magistral avtomobil yo‘lidagi 2 ta ko‘prikning 144 kv. metr qismi ta'mirlangan bo‘lsa, 100 km. yo‘llar bo‘yoqlandi, 4 km. piyodalar yo‘lagi o‘rnatildi, 2 km. beton lotoklar o‘rnatildi, 41,5 km. ichki yo‘llar ta'mirlandi, 10 ta yo‘l belgilari o‘rnatildi, elektr energiyasi ta'minoti bo‘yicha 117 ta eskirgan yog‘och ustunlar olib tashlandi, 298 ta beton ustunlar
va tayanchlar o‘rnatildi, 282 ta tungi chiroqlar o‘rnatildi, 5 ta transformator punktlari, 8,9 km. elektr uzatish tarmog‘i yangilandi, 75 ta gaz quvurlarining tayanchlari ta'mirlanib, 18 km. gaz quvurlari bo‘yaldi, 28 282 tup daraxt
va ko‘chatlar ekildi, 1293 tup daraxtlar ohaklanib, shakl berildi, 4,2 km. himoya to‘siqlari oqlandi, 5 km. yo‘l bo‘yida joylashgan binolarni tashqi qismida pardozlash ishlari olib borilib, hududlardagi 1 984 m.kub chiqindilar tozalandi, 4 ta chiqindi to‘plash punktlari joylashtirildi, qabristonlar chegarasiga 355 metr devor to‘siqlar o‘rnatildi, 20 ta kam ta'minlangan oilalar xonadoni ta'mirlandi.

Turizmni rivojlantirish va aholini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish maqsadida «Mehmon uylari»ni ochish uchun xonadonlarini ijaraga beruvchi 429 nafar fuqarolarning ro‘yxati shakllantirilib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishiga amaliy yordam ko‘rsatildi.

Bo‘stonliq tumani hududida 277 ta davlat va xo‘jalik jamiyatlariga tegishli bo‘sh turgan obektlar mavjud bo‘lib, shundan 74 tasi davlat, 32 tasi davlat ulushi mavjud bo‘lgan, 121 ta xususiy, 20 tasi egasiz, 28 tasi bo‘sh yer uchastkalari va 2 tasi turar joy obektlarini tashkil etadi.

Bo‘sh turgan obektlardan 32 tasi sotuvga qo‘yilgan, 11 tasi eski masjid binolari bo‘lganligi uchun ehtiyojmand oilalarga uy-joy uchun ajratilishi rejalashtirilmoqda, 13 tasi tadbirkorlarga «nol» qiymatda, 4 tasi xarid qiymatida sotilgan, 1 tasi investitsiya dasturiga kiritilgan, 1 tasi Ichki ishlar vazirligiga berilgan, 1 tasi «E-ijro auksion» orqali sotilgan va 214 tasi o‘rganilmoqda», deyiladi prokuratura ma'lumotida.

Ta'kidlanishicha, viloyat prokuraturasi tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurilgan 8,13 gektar maydondagi 107 ta noqonuniy qurilmani majburiy buzdirish bo‘yicha sudlarga arizalar kiritilgan.

Ko‘proq yangiliklar: