Tramp AQSh mustaqilligi kunida radikallar ustidan g‘alaba qozonishga va'da berdi

Jahon 10:03 / 05.07.2020 10188

AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh mustaqilligining 244 yilligi munosabati bilan 4 iyulda millatga murojaat qilib, AQSh erkinliklarga va barcha odamlar uchun teng imkoniyatlarga amal qilishda butun dunyoga o‘rnak bo‘lib qolayotganini aytdi.

“Bizning asoschi otalar zulmkorlik va monarxiyaga qarshi kurashda ozodlik va demokratiyani qo‘llab-quvvatlagan tajribani boshlashgan. 244 yildan keyin Mustaqillik deklaratsiyasida bayon qilingan tamoyillar hamon millatimizni olg‘a yo‘naltirmoqda va uning ozodlik, farovonlik va barcha uchun imkoniyatlar mayog‘i sifatidagi nufuzini saqlab kelmoqda”, deb ta'kidlab o‘tgan Tramp.

AQSh prezidenti oxirgi oylarda “Amerika ko‘plab sinovlar va chaqiriqlarni boshdan kechirishiga to‘g‘ri kelganini”, biroq shunga qaramay, AQSh bir nechta tantanavor onlarni boshdan kechirganini aytgan.   

U o‘tmishda “amerikalik qahramonlar” kommunistlar va fashistlar ustidan g‘alaba qozonganini, “terrorchilarni yerning chekkasigacha ta'qib qilganini”, hozirda esa mamlakat tartibsizliklar uyushtirayotgan va “nima qilayotganini o‘zi anglamayotgan” so‘l radikallar, anarxiyachilar, markschilar, marodyorlarni yo‘q qilish jarayonini bosib o‘tayotganini va ular ustidan g‘alaba qilishini aytgan.

“Biz darg‘azab olomonga haykallarimizni ag‘darishga, tariximizni o‘chirishga, farzandlarimiz ongini zaharlashga va erkinliklarimizni poymol qilishga yo‘l bermaymiz”, deb aytgan Tramp. Uning ta'kidlashicha, namoyishchilarning asl maqsadi “adolat qaror topishi” emas. 

Bir kun avval Tramp Rashmor tog‘idagi yodgorlikdagi nutqida AQSh “tarixni yo‘q qilish, qadriyatlarni yoddan o‘chirish va milliy qahramonlarni yomonotliq qilish bo‘yicha shafqatsiz kampaniya” guvohi bo‘lganini aytgan. Uning ta'kidlashicha, “so‘l fashizm” tarafdorlari shu tariqa “Amerikani yo‘q qilmoqchi”.

Tramp o‘z murojaatining oxirida har bir amerikalikka mustaqillik kunini yaxshi o‘tkazishni tilab qolgan.

“Birinchi xonim va men har bir amerikalikka baxtli va xayrli 4 iyulni tilab qolamiz va buyuk davlatimiz tug‘ilgan kunini nishonlashda faxr ila sizga qo‘shilamiz. Tangri AQShni yarlaqasin”, deb o‘z nutqini nihoyalagan Tramp.

Ko‘proq yangiliklar: