Inqirozning yangi qulfi: Liviyada kim g‘alaba qozonadi?

Jahon 09:32 / 05.07.2020 23229

AQSh ancha faol pozitsiyani egallay boshladi

Sharqdagi kuchlar rahbari Xalifa Haftar armiyasi esa hujum pozitsiyasidan mudofaa pozitsiyasiga o‘tdi va bundan ham ko‘proq joy yo‘qotib qo‘ymaslik ularning asosiy maqsadiga aylandi. Boshqa tomondan, Haftar tarafdorlarining kurashda g‘olib bo‘lgan tomonda bo‘lish umidlari ham o‘zgarishga yuz tutdi. Endi ular butkul mag‘lub tomonda bo‘lmaslik uchun yo‘qotishlarini minimallashtirishga kirishdilar. Buning uchun ular UMH’ning harbiy rivojlanishini to‘xtatishga qaratilgan qizg‘in faoliyatga kirishdilar. Ilgari bu jarayonga kam jalb qilingan holda ishtirok etgan AQSh esa UMH foydasiga nisbatan ancha faol pozitsiyani egallay boshladi.

Sirt va Kufra – kurashning ramziy ostonasi

Liviyadagi inqiroz muhim burilish nuqtasida turibdi. Tomonlarning o‘zgargan pozitsiyalari nuqtayi nazaridan Sirt va Kufra bilan ramziy ma'no kasb etadigan ushbu burilish nuqtasi Liviyadagi inqirozning sur'atiga va ehtimol, uning taqdiriga katta ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Chunki Sirt shahrining UMH boshqaruviga o‘tishi Liviyaning sharqidagi Beng‘ozi va Tobrukning rivojlanishi hamda «neft hiloli» deb nomlangan mamlakat janubidagi strategik neft qazib olish hududlarini nazorat ostiga olish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi. Boshqacha qilib aytganda, Sirt Haftar kuchlarini bartaraf etish va Milliy kelishuv hukumatining milliy hokimiyatini o‘rnatish jarayonida o‘ziga xos ostonadir. Xuddi shu holat harbiy nuqtayi nazardan Kufra aviabazasi uchun ham amal qiladi. Shu sababli, UMH uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Kufra aviabazasini nazorat qilish juda muhim, chunki g‘arbdagi hukumatning o‘rta va uzoq muddatli maqsadlarini amalga oshirish uchun Sirt bilan birgalikda nazoratda turilishi lozim.

Siqilib borayotgan Haftar ham Sirt va Kufra shaharlarining strategik ahamiyatini yaxshi tushunadi va shuning uchun ham bu ikki mintaqadan chekinmaslik uchun imkon qadar ko‘proq qarshilik ko‘rsatadi. Bu yerda haqiqiy muammo Haftarning qarshilik nuqtasi qanday darajada ekanligidadir. So‘nggi olti oyda Haftar armiyasi Foiz Siroj kuchlariga qarshi tura olmagani UMH’ning sohadagi ustunligini yaqqol namoyish etdi. Shuning uchun, normal sharoitda, Haftar kuchlari UMH’ning olg‘a ilgarilashiga to‘sqinlik qila olmaydi.

Bu vaqtda Haftar kuchlari harbiy salohiyatidan ko‘ra ko‘proq tarafdorlarning munosabati va pozitsiyalari kuchga kiradi. Chunki siyosiy-harbiy obro‘si kundan kunga «erib» borayotgan Haftar ma'lum darajada qo‘llab-quvvatlanmoqda. ushbu yordam Haftar shaxsiyatini emas, uning tarafdorlari erishmoqchi bo‘lgan maqsadlarni aks ettiradi. Boshqacha qilib aytganda, avvallari Haftarga berilgan ixtiyoriy ko‘mak sohadagi o‘zgarishlar tufayli Liviya doirasidan chetda qolmaslik uchun berilgan yordamga aylanish arafasida.

«Qizil chiziq»lar kimlar tomonidan chizilmoqda?

3 iyul kuni Turkiya mudofaa vaziri Xulusi Akar va qurolli kuchlar bosh shtabi rahbari Yashar Guler Liviyaga kelishdi

So‘nggi voqealar fonida Liviyadagi vaziyat va kvo nazorati yakuniy emas, ya'ni u vaqtinchalik xususiyatga ega. Biroq voqealar rivoji qay yo‘sin davom etishi tomonlar e'lon qilgan «qizil chiziq»lar va bu chiziqlardan qanday oshib o‘tilishi bilan bog‘liq.

Sohadagi muvaffaqiyatsizliklardan so‘ng Haftarning «qizil chiziq»ni belgilash imkoniyati qolmadi. Bu chiziqlar uning o‘rniga to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita tarafdorlari tomonidan chizilmoqda. Masalan, Rossiya Liviyadagi rasman harbiy harakatlar amalga oshirmayotganini da'vo qilsa-da, «Vagner» orqali olib borgan ishiga qo‘shimcha ravishda UMH’ning Sirt va Kufrani nazorat qilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Haftar kuchlariga harbiy samolyotlar berdi. Fransiya yillar davomida Haftarga qilgan sarmoyasining natijasini ololmagach, bir tomondan sulh chaqirig‘ini yangilash barobarida boshqa tomondan UMH’ga yordam berayotgan Turkiyani izolyatsiya qilishga harakat qilmoqda. Fransiyaning bunday munosabatiga, shubhasiz, Sharqiy O‘rta Yer dengizidagi kuchlar kurashida duch kelgan nufuz eroziyasi ham ta'sir qilmoqda. O‘z navbatida, BAA va Saudiya Arabistoni bu jarayonda oldingi planga chiqmaslikka harakat qilib, Misr va Arab Ligasi orqali Liviyadagi yo‘qotishlarini minimallashtirishga va ta'sir doirasida qolishga urinmoqda.

UMH kuchlari Liviyaning butun G‘arbiy hududini o‘z nazoratiga olganidan keyin Sirt va Kufrani egallashga mo‘ljallangan «G‘alaba yo‘llari operatsiyasi»ni boshlagan 6 iyun kuni harakatga tushdi. Sisi ma'muriyati o‘sha kuni Haftar va Akile Solih bilan birgalikda Qohirada to‘planib, sulh tuzish va siyosiy jarayonni boshlashni taklif qildi. «Qohira deklaratsiyasi» nomi ostida qilingan ushbu taklif yuqorida aytib o‘tilgan barcha Haftar tarafdorlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. UMH’ning Sirt va Kufrani ozod qilmay turib, sulh tuzilmasligini aytgani va bu mintaqalarda operatsiyaviy tayyorgarlik ko‘rishni davom ettirganini e'lon qilganidan keyin yana bir harakatni amalga oshirgan Sisi 20 iyun kuni Sirt va Kufrani Misrning «qizil chizig‘i» deb e'lon qildi. Shuningdek, agar ushbu chiziqdan o‘tilsa, misrlik askarlar Liviyaga bostirib kirishi mumkinligini aytdi.

Mavjud vaziyat Tripolini qoniqtardimi?

Bugungi kunda Haftar va uning tarafdorlarining asosiy maqsadi UMH’ning harbiy rivojlanishini to‘xtatish va Sirt va Kufra qo‘llarida bo‘lgan paytda jarayonni harbiy o‘lchamdan siyosiy o‘lchamga o‘tkazishdir. Agar ushbu maqsadga erishilsa, Haftar o‘ziga beriladigan yordam bilan harbiy kuchini mustahkamlab oladi va uning tarafdorlari ham Liviya inqirozini hal qilishda samarali rol o‘ynashda davom etadilar. Shu nuqtayi nazardan aytish mumkinki, butun Liviya bo‘ylab ta'sir kuchiga ega bo‘lish rejalari keyingi davrlarga qoldirildi. Boshqacha qilib aytganda, Sirt va Kufraning UMH nazoratiga o‘tishi Haftarning harbiy nuqtayi nazardan sohada, siyosiy nuqtayi nazardan mintaqada kuch yo‘qotishini tezlashtiradi. Uni qo‘llab-quvvatlaydigan ishtirokchilarning esa Liviya inqirozining yechim jarayoniga ta'siri kamayadi va bu jarayondan chetlatilish ehtimollari oshadi. Haftar tarafdorlarining so‘nggi paytlarda Sirt va Kufra ustidan ochiq yoki yopiq «qizil chiziq» hosil qilishga bo‘lgan urinishlari ushbu xavfning oldini olishga qaratilgan.

Boshqa tomondan, mavjud vaziyat UMH va Turkiya nuqtayi nazaridan qabul etiladigan holat emas. Chunki hozirgi vaziyat ushbu ishtirokchilarga Liviya strategiyasini amalga oshirishni imkonsiz qilib qo‘yishi mumkin. Shu sababli, ikkala shaharning Haftar kuchlarida qolishi Haftar va tarafdorlarining Liviyadagi siyosiy jarayonda doimo samarali ishtirok etishini ta'minlaydi.

Shuning uchun Haftar va uning tarafdorlari mavjud vaziyatni muhofaza qilishga, UMH esa maydonda jadal harakat qilishga urinmoqda. Bu yerda, boshqa parametrlar bilan bir qatorda tomonlarning chizilgan «qizil chiziq»larda qanchalik barqaror ekanligi va boshqa tomonni qancha ushlab tura olishi muhim. Shu nuqtayi nazardan, «UMH Shon-sharaf yo‘llari» harakati doirasidagi operatsiyaviy tayyorgarlikni davom ettirish, butun Liviyaning barcha «qizil chiziq»lardan iborat ekanini e'lon qilish orqali yuqori darajada tayyorligini bildirishi lozim.

Misrning pozitsiyasi

Haftar va uning tarafdorlari nuqtayi nazaridan olib qaraganda, Misr va Rossiyaning bu boradagi qat'iyati va ehtiyotkorligi boshqa tarafdorlarga qaraganda samaraliroq bo‘lishi mumkin. Misrga kelsak, uning iqtisodiy va siyosiy muammolari, shuningdek, harbiy tayyorgarlik darajasi, Sinay yarim orolidagi xavfsizlik muammolari va Efiopiya va Renessans to‘g‘oni tufayli boshidan kechirayotgan muammo uning aytgan gapining uddasidan chiqishida jiddiy qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Shuning uchun, Misrning ehtimoliy aralashuvi bilan bog‘liq xarajatlar Sisi ma'muriyati nuqtayi nazaridan arzirlimi yoki yo‘qmi – munozarali.

Rossiya va AQShning pozitsiyasi

Rossiyaga kelsak, Putin ma'muriyati Liviyada juda kam xarajat bilan katta yutuqlarga erishdi va tabiiyki, bu yutuqlarni saqlab qolishni va ularning adadini ko‘paytirishni xohlaydi. Ammo Liviya inqirozida Rossiya ta'sirining keskin o‘sishi nafaqat UMH, balki AQSh va Yevropaning bir qator mamlakatlari uchun yoqimsiz holat. Shu sababli, avvallari Liviya inqiroziga ehtiyotkorlik bilan yondashgan AQSh endi yanada faolroq munosabatlarni rivojlantira boshladi. Ayniqsa, Amerika xavfsizlik byurokratiyasi va NATOda Liviyadagi Rossiya ta'siri doirasiga ko‘proq urg‘u berila boshlandi. Ammo AQSh Liviyada yakka tartibda yoki NATO orqali qisqa muddatda aniq va keng qamrovli siyosat olib borishi kutilmayapti. Shuning uchun AQSh Saroj hukumatiga bo‘lgan munosabatini aniqlashtirishi va Rossiyaning ta'sirini shu orqali kamaytirishga urinishi ehtimoldan xoli emas. Rossiyaning bunday qadamga qanday munosabat bildirishi hozircha noma'lum bo‘lsa-da, aytish mumkinki, AQShning Tripolini qo‘llab-quvvatlashi Liviyadagi barqarorlikka ijobiy hissa qo‘shishi mumkin.

Fransiyaning pozitsiyasi

Fransiya nuqtayi nazaridan aytish mumkinki, Liviya inqirozida Fransiya o‘z tashabbusini yo‘qotdi va uni osonlikcha tiklay olmaydi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning inqirozni hal qilish bo‘yicha takliflari, Liviyaning qo‘shnilari bilan olib borgan diplomatiyasi va Turkiyaning ta'sirini kamaytirish uchun qilgan harakatlari xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmadi. Harbiy nuqtayi nazardan Fransiya harbiy-dengiz kuchlarining turk kemalariga tazyiq o‘tkazishga qaratilgan harbiy urinishlari ham muvaffaqiyatsiz bo‘ldi.

Arab Ligasining ta'siri

Misr, BAA va Saudiya Arabistoni boshchiligidagi Arab Ligasida qabul qilingan qarorlar va chaqiriqlarning ta'siri xuddi Yevropa Ittifoqi (YeI) tomonidan qilingan chaqiriqlar kabi sohadagi o‘zgarishlarga cheklangan ta'sir ko‘rsatdi.

Inqiroz murakkab kechadi

Liviya inqirozida tomonlar nuqtayi nazaridan erishilgan nuqta qat'iylik va ehtiyotkorlik sinovidir. Ammo shuni unutmaslik kerakki, bu holat mazkur jarayonda faqat burilish nuqtasi bo‘lib xizmat qiladi, xolos. Ushbu burilish nuqtasidan jarayon qay tomonga rivojlanishiga qarab, Liviyada va mintaqada hokimiyat taqsimoti o‘zgarishi muqarrar. Biroq Haftar va uning tarafdorlari hozirgi holatni uzaytirish tarafdori. UMH esa vaziyatga qarshi chiqishi mumkin. Vaqt o‘tgan sayin Rossiyaning Liviyadagi ishtiroki yoki Misrning harbiy sarguzashtga kirishishi inqirozning turlicha va murakkab o‘tishiga olib keladi.

Otabek Tillayev tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: