Rossiyada yil oxirigacha bolalar uchun ommaviy tadbirlar taqiqlandi

Jahon 08:49 / 04.07.2020 3347

«Rospotrebnadzor» koronavirus pandemiyasi vaqtida maktablar va bolalar bog‘chalari ishi uchun sanitariya talablarini o‘rnatdi. Tegishli qaror idora rahbari va Rossiya bosh davlat sanitariya vrachi Anna Popova tomonidan imzolandi, hujjat huquqiy axborot rasmiy portalida e'lon qilindi.

Yangi talablar 2021 yil 1 yanvargacha amal qiladi. Ular bolalar bilan ishlaydigan barcha tashkilotlarga, jumladan sog‘lomlashtirish oromgohlari, qo‘shimcha ta'lim muassasalari, savdo markazlari va aeroportlardagi o‘yin xonalari hamda bolalar sport tashkilotlariga tegishli.

«Rospotrebnadzor» tomonidan kiritilgan sanitariya qoidalariga muvofiq:

  • bolalar tashkilotlarida «turli guruhlar ishtirokida» ommaviy tadbirlarni o‘tkazish taqiqlanadi. Oromgohlarda ommaviy tadbirlarga faqat ochiq havoda va turli guruhdagi bolalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqaga yo‘l qo‘ymagan holda ruxsat beriladi;
  • bolalar va kattalarda haroratni majburiy tekshirish maxsus jurnal yuritish orqali amalga oshiriladi;
  • maktablarda har bir sinfga alohida xona ajratish taklif etildi. Unda jismoniy tarbiya, chizmachilik, mehnat, fizika va kimyo darslari kabi maxsus jihozlar kerak bo‘lganlardan tashqari boshqa barcha fanlar bo‘yicha darslar olib boriladi;
  • maktablarda attestatsiyani o‘tkazish paytida 1,5 m ijtimoiy masofa belgilanadi. Buning uchun o‘quvchilarni zigzag shaklida joylashtirish taklif qilinmoqda, bitta partada bir kishi bo‘ladi;
  • maktabgacha yoshdagi bolalar ham alohida guruhlarda shug‘ullanishi kerak;
  • bolalar bog‘chalarida o‘yinchoqlar har kuni dezinfeksiya qilinadi;
  • binoning kirish qismida, oshxonalar va hojatxonalarda antiseptiklar o‘rnatilishi kerak.

Bundan tashqari, joriy yil oxirigacha «Rospotrebnadzor» bolalarning boshqa hududlardagi oromgohlarda dam olishini taqiqlab qo‘ydi. Istisnolar faqat Arktika hududida yashovchilar uchun amal qiladi. Moskva, Sankt-Peterburg va Sevastopoldan kelgan bolalar ushbu federal ahamiyatga ega shaharlarga chegaradosh hududlarda hordiq chiqarishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: