JSST COVID-19’ga qarshi preparatni «umidli» deb atadi

Jahon 08:11 / 04.07.2020 56120

JSST «Remdesivir»ni COVID-19’ga qarshi «umidli» natijalarni ko‘rsatgan yagona antivirus dori deb atadi. Kuni kecha ushbu dorining deyarli barcha zaxiralari AQSh tomonidan sotib olinganligi ma'lum bo‘ldi.

Antivirus dorilarni sinab ko‘rish davomida faqatgina «Remdesivir» COVID-19’ga qarshi «umidli» natijalarni ko‘rsatdi, deya xabar berdi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh ilmiy xodimi Sumiya Svaminatan. Brifing translatsiyasi JSSTning Twitter’ida namoyish etildi.

Shu bilan birga, Svaminatanning ta'kidlashicha, «Remdesivir» kasalxonaga yotqizish holatlarini kamaytirgan, ammo koronavirusdan o‘lim soni kamaymagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ushbu preparatni qabul qilgan bemorlar tezroq tuzaladi. Svaminatanning ta'kidlashicha, «Remdesivir»ni olgan bemorlar dori qabul qilmagan shaxslar kabi 15 kunda emas, balki 11 kunda sog‘aygan.

Dastlab, «Remdesivir» gepatit C va respirator-sinsitial virusni davolash uchun testning bir qismi sifatida ishlab chiqilgan, shuningdek, Ebola bezgagini davolash uchun sinovdan o‘tkazilgan, ammo samarali davolash vositasi sifatida tan olinmagan.

Bir necha oy oldin ushbu preparat koronavirusni davolash bo‘yicha klinik sinovlardan o‘tkazildi. Xususan, undan foydalanish Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Britaniya va Isroilda ma'qullangan.

Ko‘proq yangiliklar: