Buxoroda keksa erkak va yosh yigitning bir-birini do‘pposlashi o‘lim bilan tugadi

Jamiyat 12:44 / 04.07.2020 16755

2020 yilning 2 iyul kuni soat 03:25da Buxoro viloyati Shofirkon tumani IIBga tuman kasalxonasi tomonidan Shofirkon tumani “Zarchibek” MFYda yashovchi 24 yoshli M.F. va 65 yoshli Ya.N. tan jarohatlari olib, murojaat qilganliklari to‘g‘risida xabar berilgan. 

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti ma'lumotiga ko‘ra, mazkur xabar asosida hodisa sodir bo‘lgan joyga tergov-tezkor guruhi yuborilgan.

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, joriy yilning 2 iyul kuni soat 00:30da Ya.N. o‘z uyida M.F. bilan spirtli ichimlik iste'mol qilib turib, o‘rtalarida kelib chiqqan kelishmovchilik va janjal oqibatida, Ya.N. uyida bo‘lgan temir armatura bo‘lagi bilan M.F.ning bosh qismiga bir necha marotaba urib tan jarohati yetkazgani aniqlangan. 

Shundan so‘ng, M.F. Ya.N.ning qo‘lidan temir armatura bo‘lagini tortib olib, uni ham tanasining bosh, ko‘krak, qorin sohalariga bir necha marotaba qasddan urib, tan jarohati yetkazgan, Ya.N. tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelinib, ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan jonlantirish bo‘limida vafot etgan. 

Holat yuzasidan Shofirkon tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan M.F.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: