Yoshlarga oid davlat siyosatini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi

O‘zbekiston 11:08 / 02.07.2020 1726

O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Dasturda quyidagilar nazarda tutiladi:

yoshlarning innovatsion, amaliy va istiqbolli loyihalariga grant mablag‘lari ajratish;

o‘z iqtidori va salohiyatini kamol toptirish, kelajakda qiziqqan sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lib yetishishi uchun yoshlarda o‘zini o‘zi rivojlantirish bo‘yicha kuchli motivatsiya uyg‘otish maqsadida keng yoshlar davrasida xalqaro miqyosda yuqori nufuzga ega notiqlar jalb qilingan holda motivatsion tadbirlar o‘tkazish;

hududlarda yoshlar bandligiga ko‘maklashish maqsadida quduqlar burg‘ilash (qazish), sug‘orish vositalari xarid qilish, yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish, urug‘lik va ko‘chatlar sotib olish uchun subsidiyalar ajratish;

yoshlarning xalqaro fan olimpiadalari va tanlovlarda hamda yosh tadbirkorlarning xalqaro forum va yarmarkalardagi ishtirokini ta'minlash, yoshlarning xalqaro mehnat bozorlariga chiqishiga ko‘maklashish;

iqtidorli va jamoat ishlarida faol bo‘lgan yoshlarni (birinchi navbatda ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan oilalarning farzandlari) bepul yo‘llanmalar asosida oromgohlarga yuborish;

yoshlarni kelgusida tegishli sohada malakali mutaxassis bo‘lib yetishishlari, shu jumladan tadbirkorlikka o‘qitish uchun mamlakatimizda yuqori natijalarga erishgan soha mutaxassislarini jalb etgan holda o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazish;

bitiruvchilarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida barcha hududlardagi oliy ta'lim muassasalari bazasida biznes akseleratorlar tashkil etish;

O‘zbekiston yoshlari portalini tashkil etish va unda yoshlar siyosatini baholash milliy indekslari hamda yoshlarga oid qonun hujjatlari bazasini shakllantirish;

yoshlarni tadbirkorlik va ishbilarmonlikka qiziqtirish hamda ularga bunday faoliyatni yo‘lga qo‘yishning amaliy jihatlarini o‘rgatish maqsadida joylardagi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish tashkilotlariga biznes sayohatlar tashkil etish;

yoshlarni kasbga o‘rgatish bilan bog‘liq xarajatlar, shuningdek, yosh tadbirkorlarga huquqiy, buxgalteriya, marketing, brending, bank, sug‘urta, mehnat va boshqa sohalarda amaliy ko‘mak ko‘rsatish uchun konsalting xizmatlari xarajatlarini qoplash;

ko‘rgazmali savdo yarmarkalarini tashkil etish;

biznesni yo‘lga qo‘yishdan daromad olishgacha bo‘lgan masalalarni o‘rgatishga qaratilgan masofaviy o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazish va qo‘llanmalar yaratish;

iqtidorli yosh adib, rassom va hunarmandlar o‘rtasida ijodiy ko‘rik tanlovlar tashkil etish, yosh mualliflarning ijod namunalari, jumladan, birinchi kitoblarini nashr etish, san'at asarlarini yaratish uchun moliyaviy yordam ko‘rsatish.

Belgilanishicha, Yoshlar ishlari agentligi Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki nodavlat notijorat tashkilotlariga ijtimoiy buyurtma shaklida ajratiladigan davlat grantlari va subsidiyalar taqsimlash orqali amalga oshiradi.

Ko‘proq yangiliklar: