«Yoshlar media xoldingi» tashkil etiladi

O‘zbekiston 10:50 / 02.07.2020 2365

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining yoshlar hayoti, orzu-intilish va muvaffaqiyatlarini keng yoritish, muammo va kamchiliklari yechimiga qaratilgan ko‘rsatuv, maqola va eshittirishlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish maqsadida ushbu yo‘nalishda faoliyat yurituvchi ommaviy axborot vositalari va nashriyotlardagi ulushlarini Agentlikka berish hamda Agentlik tomonidan ular negizida aksiyadorlik jamiyati shaklidagi "Yoshlar media xoldingi"ni tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari qo‘llab-quvvatlandi.

Agentlik:

yoshlar yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatuvchi nodavlat notijorat tashkilotlariga o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yish, amalga oshirish va rivojlantirishda har tomonlama tashkiliy va amaliy yordam ko‘rsatadi;

uch oy muddatda "Kamalak" bolalar tashkiloti faoliyatini takomillashtirish va qo‘llab-quvvatlash yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

Davlat va davlat ulushi mavjud bo‘lgan OTMning yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori lavozimiga nomzod Agentlik bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga bevosita yoki bilvosita ta'sir qiladigan normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari Agentlik bilan majburiy ravishda kelishiladi.

Agentlik direktori Bosh vazir taqdimnomasiga asosan Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

Maqomi, mehnatga haq to‘lash, moddiy rag‘batlantirish va tibbiy xizmat ko‘rsatish shartlariga ko‘ra:

Agentlik direktori – vazirga, uning birinchi o‘rinbosari – vazirning birinchi o‘rinbosariga, o‘rinbosarlari – tegishli ravishda vazir o‘rinbosarlariga;

Agentlikning markaziy apparati xodimlari – vazirliklar markaziy apparati, hududiy bo‘linmalari xodimlari esa – vazirliklar hududiy bo‘linmalari xodimlariga tenglashtirildi.

Qaror bilan Toshkent shahar “Yoshlar ijod saroyi” qoshidagi Yoshlar simfonik orkestri negizida O‘zbekiston davlat simfonik orkestri tashkil etiladi va amaldagi mehnatga haq to‘lash shartlari saqlanib qolgan holda Madaniyat vazirligi tuzilmasiga o‘tkazildi.

Ko‘proq yangiliklar: