Moskvadagi mehnat migrantlari uchun koronavirusga bepul test topshirish imkoniyati yaratildi

Jahon 18:13 / 02.07.2020 5712

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiyadagi vakolatxonasi Xalqaro Shodiyev fondi bilan birgalikda mehnat muhojirlariga tibbiy yordam ko‘rsatish dasturini ishga tushirdi. Ushbu dastur doirasida COVID-19 kasalligi bilan aloqada bo‘lgan yoki birga yashab kelgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari, shuningdek o‘tkir respirator virusli infeksiya belgilari bo‘lganlar koronavirusga qarshi antitanachalar mavjudligini bepul tekshirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Tekshirish natijasida infeksiya aniqlanmagan yoki koronavirusga qarshi antitanachasi bo‘lgan muhojirlarga ish joyiga qaytish uchun rasmiy tibbiy ma'lumotnoma beriladi. Moskva shahri va Moskva viloyatida istiqomat qiluvchi mehnat muhojirlari ayni dastur xizmatidan foydalanishlari mumkin. 

Shu bilan birga, ta'kidlanishicha, salbiy natijaga ega bo‘lgan, ammo o‘tkir respirator virusli infeksiya alomatlari bo‘lgan muhojirlar tibbiy yordam va dori-darmonlardan foydalana oladi.

Sinov natijasida koronavirus infeksiyasi aniqlangan muhojirlar Rossiya Federatsiyasining sanitariya-epidemiologiya qoidalariga muvofiq, davlat tibbiy muassasalarida karantinga olinadi hamda kerakli muolajalardan o‘tadi. Bemorlarning holati davolanish davomida kuzatib turiladi. Shuningdek, ularga huquqiy yordam ham ko‘rsatiladi.

Ikki tashkilot o‘rtasidagi hamkorlik doirasida Xalqaro Shodiyev fondi tibbiy xizmatlarni taqdim etish va sinov to‘plamlari hamda dori-darmonlarni sotib olish uchun mablag‘ ajratadi. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Rossiya Federatsiyasidagi vakolatxonasi esa, mehnat muhojirlari ro‘yxatlarini tuzib, tibbiyot muassasalariga taqdim etadi. Dastur doirasida tibbiy guruhlar Vakolatxona tomonidan tasdiqlangan muassasalarga, masalan, kamida 15-20 muhojir istiqomat qiladigan yotoqxonalarga borib, tekshiruvlar o‘tkazadi.

Vakolatxona rahbari Saidno‘'mon Mansurov ta'kidlaganidek: “Ustuvor vazifalardan biri, davolanishga muhtoj bo‘lgan muhojirlarga yordam berishdir. Loyiha vatandoshlar va ular bilan aloqada bo‘lgan odamlar orasida infeksiya, shuningdek, og‘ir kasalliklar va o‘limning oldini olishga mo‘ljallangan. Sinov natijalari to‘g‘risidagi sertifikatga ega bo‘lish, imkon qadar tezroq o‘z ishini tiklamoqchi bo‘lganlarga katta yordam beradi”.

Test topshirish uchun arizalar vakolatxona tomonidan +7 925 957 56 46 telefon raqami orqali qabul qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, Xalqaro Shodiyev fondi (ICF) O‘zbekiston hukumatining koronavirus tarqalishiga qarshi kurashiga qo‘shilib, so‘nggi to‘rt oy mobaynida bir necha bosqichdan iborat keng qamrovli xayriya dasturini amalga oshirib kelmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: