Vazir va hukumat vakillari koronavirusdan vafot etgan shifokor oilasini yo‘qladi. Marhumning yaqinlariga kompensatsiya to‘lab berildi

Jamiyat 22:20 / 01.07.2020 79800

Koronavirusdan vafot etgan shifokor Alisher Uralovning xonadoniga Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov tashrif buyurib, marhumning oila a'zolaridan ko‘ngil so‘radi. Vazirlar Mahkamasi, SSV va OAV vakillari ishtirokida prezident qarorida belgilangan tartibda marhumning oilasiga 250 million so‘m miqdoridagi kompensatsiya to‘lab berildi.

«Vazir otamning o‘limiga sabab bo‘lganlar javobgarlikka tortilishini aytdi»

Marhum shifokorning qizi Shahnoza Hasanova Kun.uz muxbiri bilan suhbatda vazir Alisher Shodmonovga minnatdorchiligini bildirgan.

«Bugun ertalab Sergeli tumani tibbiyot bo‘limi boshlig‘i qo‘ng‘iroq qilib sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov ta'ziya bildirish uchun xonadonimizga kelayotganini xabar berdi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay vazirimiz uyimizga kirib keldilar.

U kishini ilgari yaqindan ko‘rmagandim, faqat OAV orqali ko‘rganman. Sog‘liqni saqlash vaziri meni diqqat bilan eshitdilar, barcha savollarimga javob berdilar, mavjud muammolarni hal qilishga, otamning vafotiga sababchi bo‘lganlar, vazifasiga sovuqqonlik bilan yondashgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishiga ishontirdilar. Shu bilan birga, birlamchi ekspertiza xulosasini sud organlari darajasida o‘rganilishini nazorat qilishga va'da berdilar. Bundan qalbim yorishdi.

Suhbat davomida vazirimizning nihoyatda samimiy inson ekanliklari, haqiqatni tan ola bilishlari, vazir sifatida sohani chuqur bilishlariga amin bo‘ldim. Har bitta savolim, e'tirozlarimga mulohaza bilan javob berdilar. Berilgan javoblardan qoniqish hosil qildim», deydi Shahnoza Hasanova.

Marhumning turmush o‘rtog‘i Zilola Uralova ham adolat qaror topganidan minnatdor ekanini bildirdi.

«Uyimizga sog‘liqni saqlash vazirining o‘zlari kelib, ko‘ngil so‘raganlaridan, har qanday vaziyatda dardimizga sherik bo‘lib, nimagadir ehtiyojimiz bo‘lsa, hamisha ko‘makka tayyor ekanliklarini aytganlaridan ko‘nglimiz tog‘day ko‘tarildi. E'tibor, g‘amxo‘rlik shunchalik bo‘ladi. Erkagi yo‘q xonadonimizni yo‘qlab, dardimizga hamdard ekanliklarini aytganlarida ko‘z yoshlarimni tiyib turolmadim.

Bo‘lgan ishlarni taqdirdan deb bilamiz. Xo‘jayinimni Alloh rahmatiga olsin. Bunday paytda qo‘limizdan sabr va duo qilishdan boshqasi kelmaydi. Biroq u kishining yo‘qliklariga ko‘nika olmayapman. Shu kunlarda o‘g‘il farzandimiz bo‘lmaganidan o‘kindim, ikki qizim ham otasini tobutini ko‘tara olmaganidan ko‘proq siqilib yig‘lashdi.

Biz kompensatsiya pulini undirish uchun jamoatchilik e'tiborini o‘zimizga qaratganimiz yo‘q. Yetib-yetmay ro‘zg‘or tebratgan bo‘lsak-da turmushimdan nolimayman. Faqat marhum umr yo‘ldoshimning nimadan vafot etgani tan olinsin, haqiqat qaror topsin, boshqa shifokorlar bunday e'tiborsizlik qurboni bo‘lmasin, ularning farzandlari ham mening qizlarim kabi bo‘zlab qolmasin degan edim. Nolalarimiz mutasaddilarga yetib borganidan, adolat qaror topganidan xursandman», deydi ayol.

«OAVdagi chiqishlarim, aytgan so‘zlarim uchun hech qanday bosim bo‘lgani yo‘q»

Shahnoza Hasanovning aytishicha, turli nashrlarga bergan intervyulari va ularda bildirilgan iddaolar uchun Sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan hech qanday e'tiroz bildirilmagan, bosim qilinmagan.

«Alisher Shodmonov shu ikki kun ichida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan murojaatimga befarq qaramasdan, muammoning yechimiga kirishganlari ko‘nglimni ko‘tardi. Shu sabab bu odam meni eshita oladi degan his paydo bo‘ldi. U kishi kirib kelganlaridan keyin duoga qo‘l ochildi. Undan keyin sekin-asta, hech qanday bosimlarsiz, xuddi yaqin insonlardek gaplashdik.

Ortiqcha hech qanday savol bo‘lgani yo‘q, ushbu mavzu eng avval nimadan boshlangani haqida gaplashdik. Bu orada onam ayriliqqa chidolmasdan yig‘lay boshladilar. Men onamning yonlarida ham shifokor, ham farzand sifatida turib berishga, dardlariga sherik bo‘lishga harakat qilyapman. Biroq otaning o‘rnini bosib bo‘lmas ekan.

Holatimizni kuzatib turgan sog‘liqni saqlash vaziri bardam bo‘lishni, har qanday vaziyatda yonimizda ekanini aytdilar», deydi u.

«Covid-19 bo‘yicha ilmiy ish qilmoqchiman!»

«Men bilan suhbat chog‘ida vazir kelgusi rejalarim bilan qiziqdi. Men shu yili Toshkent pediatriya tibbiyot instituti magistraturasini tamomladim. Magistraturada yuqumli kasalliklar kafedrasida ilmiy izlanishlar qildim, OITSga chalingan bemorlarning faoliyati, turmush tarzi, salomatligini o‘rgandim. Ushbu yo‘nalishni tanlashimga otam sababchi bo‘lganlar, aynan u kishining bergan tavsiyalari asosida yuqumli kasalliklar sohasini tanladim.

Otam o‘zlari ilmiy ish qilmaganlar. Lekin senda salohiyat bor, albatta ilmiy ish qilgin, ichingdagilarni yuzaga chiqargin, chunki senda buning uchun qobiliyat bor deb ko‘p aytardilar. Bu haqda Alisher Shodmonovga aytganimdan keyin u ilmiy faoliyat uchun qanday yordam kerak bo‘lsa, barchasiga ko‘maklashishini aytdilar. Bu gaplardan so‘ng o‘zim o‘qigan institutning kafedrasida ish boshlashga va PhD bo‘yicha dissertatsiya yoqlashga qaror qildim. Sog‘liqni saqlash vazirining tavsiyasi asosida ilmiy ishimga mavzu sifatida Covid-19’ni o‘rganishni tanladim. Bu orqali tibbiyotimizga, kelajakda ushbu kasallikka qarshi kurashishga qanaqadir hissamni qo‘sha olsam rahmatli otamning ruhlari ham shod bo‘lishidan umidvorman», deydi Shahnoza Hasanova.

«250 mln so‘m miqdoridagi kompensatsiya to‘lab berildi»

Marhum shifokor Alisher Uralovning qizi ta'kidlashicha, hukumat, SSV va OAV vakillari ishtirokida prezident qarorida belgilangan tartibda marhumning oilasiga 250 million so‘m miqdoridagi kompensatsiya to‘lab berilgan.

«Alisher Shodmonov otam uchun beriladigan kompensatsiya masalasiga to‘xtalar ekan, ikki kun ichida bu masalani hal etilishini aytgandi. Lekin hukumat va vazirlik mas'ullari tomonidan bugunning o‘zida ushbu mablag‘ yetkazib berildi.

U kishi bilan muammo va kamchiliklarni birga hal etamiz degan xulosaga keldik. Kerakli yordam ko‘rsatamiz va bu kabi holatlarga boshqa yo‘l qo‘yilmaydi, barchasini o‘z nazoratimga olaman dedilar», deydi u.

«Prezidentimizga minnatdorchiligimni yetkazing!»

Ijtimoiy tarmoqlarda aytgan gaplarimdan maqsad O‘zbekistonning siyosatiga aralashish yoki qoralash emas. Shu Vatanda o‘sdim, shu yurtda tahsil oldim. Kamchiliklarimizni oshkor qilib, muammolarni o‘z vaqtida ko‘tarib chiqsak, kamchiliklarimiz yo‘qotiladi, degan maqsadda gapirdim.

Juda tushkun holatga tushib qolgan edim. Ammo vazirimizning o‘zlari kelganidan so‘ng, ruhiyatim ko‘tarildi. Birgina gapim bilan rektorimizga qo‘ng‘iroq qilib, ilmiy ish qilishimga yo‘naltirdilar. Ertaga o‘z ilmim va izlanishlarim bilan menga ishonch bildirgan barchaning, davlatimizning, Prezidentimizning yuzini yorug‘ qilishga, O‘zbekistonimizga xizmat qilishga va'da beraman. 

Bugun uyimizga hukumat vakillari kelib, hodisadan bosh vazir Abdulla Aripov, prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev xabardor ekanliklarini aytishdi. Demak, harakatlarim besamar ketmabdi. Ana shunday og‘ir vaziyatda fuqarolar dardini tinglayotgan prezidentimizga rahmatimni yetkazing!», deydi Shahnoza Hasanova.

  • Eslatib o‘tamiz, Alisher Uralov xizmat vaqtida koronavirus yuqtirib olish oqibatida 26 iyun kuni vafot etgani ma'lum qilingan edi. Sog‘liqni saqlash vazirligining xabarida o‘lim miokard infarkti tufayli sodir bo‘lgani qayd etilgan.
  • Shundan so‘ng marhumning qizi Shahnoza Hasanova jurnalist Aziza Qurbonova bilan bog‘lanib, OAVda otasining o‘lim sababi rasman noto‘g‘ri ko‘rsatilgani, o‘lim hujjatlari uning o‘limi Covid-19 tufayli ro‘y berganini bildirgan. Bundan tashqari, Human.uz muxbiri bilan suhbatda u otasining jiddiy kasalliklari bo‘lishiga qaramasdan karantin markaziga majburlab jo‘natishganini, shikoforlarning u yerda ishlashi uchun sharoit qoniqarsiz bo‘lgani, birlamchi himoya va gigiyena vositalari yetishmaganini aytgan va uning bu so‘zlari ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi.
Ko‘proq yangiliklar: