O‘zbekistonda kitoblarni uch xil shaklda sotib olish imkonini beruvchi ilova ishga tushirildi

Jamiyat 18:40 / 30.06.2020 7034

Aholi va ayniqsa yoshlar orasida kitob targ‘ibotini kuchaytirishga mo‘ljallangan «Kitobnoma» mobil ilovasi polshalik dasturchilar, Vebster universiteti talabalari va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari maktabi mutaxassislari bilan xamkorlikda tayyorlangan.

Ilova Android va IOS operatsion tizimlari uchun ishlab chiqilgan.

Loyiha mualliflariga ko‘ra, «Kitobnoma» mobil ilovasi orqali kitobni to‘g‘ridan to‘g‘ri nashriyotdan sotib olish mumkin. Shu sababli endilikda kitobxonlarda kitoblarni arzon narxda xarid qilish imkoniyati paydo bo‘ldi.

«Portalning qulayligi shundaki, mijoz kitobni xarid qilishdan oldin uning parchasini elektron shaklda o‘qib ko‘rish imkoniga ega.

Qolaversa, kitoblar 3 xil shaklda taqdim etiladi: elektron, audio va asl shaklida. Sotib olingan elektron kitoblar onlaynda, bulutda saqlangani tufayli uni smartfonga yuklab olish, boshqalarga ham ulashish mumkin. Asl kitoblarni yetkazib berish xizmati butun O‘zbekistonni qamraydi.

Loyiha ochilish jarayonida O‘zbekistonning yirik xususiy nashriyotlarining 100dan ortiq kitoblari joylashtirildi. «Zaminnashr», «Ziyonashr», «Akademnashr» nashriyotlari shular jumlasidan.

Bundan tashqari, «O‘qituvchi» NMIU, G‘ofur G‘ulom nomidagi NMIU, «Davr» nashriyoti kabi yirik nashriyotlar chop etgan kitoblarni ham ilovaga joylashtirish rejalashtirilgan. Bu onlayn platformaga barcha nashriyotlar hamkorlikka taklif qilinmoqda», – deyiladi press-relizda.

Ta'kidlanishicha, «Kitobnoma» platformasida yosh yozuvchi va shoirlar o‘z asarlarini joylashtirishi mumkin. Ularga o‘z qo‘lezmalarini kitob shakliga keltirishda yuqori toifali muharrirlar, rassomlar, dizaynerlar va ijodkorlarni ruhlantirish uchun mentorlar ko‘maklashadi.

«Sotilgan kitoblardan gonorar esa to‘g‘ridan to‘g‘ri mualliflarning hisob raqamiga shartnoma asosida o‘tkazib beriladi. Shu bois endi ijodkorlar vaqtini to‘liq ijodga bag‘ishlashlari mumkin», – deyiladi relizda.

Taqdimotda qayd etildiki, yosh avlod yangi texnologiyalar sari intilmoqda va bu adabiyot sohasini ham chetlab o‘tmayapti: qog‘oz kitoblar o‘rnini elektron kitoblar egallamoqda. Shunday ekan, kelajakda elektron kutubxonalarga bo‘lgan talab ham ortib borishi aniq.

«Bilasizmi, birinchi kitobimni qo‘lyozmadan to kitob shaklida chiqarishim men uchun juda mushkul kechdi. Bu yo‘lni yakka o‘zim bosib o‘tdim. Maslahat beradigan odam bo‘lmadi. Yosh ijodkor har bir bosqichda qanday to‘siqlarga duch kelishini o‘zimning boshimdan kechirdim. Bu startapimning asosiy maqsadi – O‘zbekistondagi barcha iste'dodli yozuvchi va shoirlarni katta sahnaga olib chiqishdir» – deydi loyiha asoschilaridan biri Temurmalik Ostanaqulov.

Ko‘proq yangiliklar: