«O‘FA rahbariyati, Qashqadaryo viloyat hokimi va Kun.uz’ga rahmat». Kamoliddin Kenjayevga Qarshidan va'da qilingan uy berildi

Sport 14:13 / 27.06.2020 17710

Fevral oyida e'lon qilingan «Qashqadaryo viloyat hokimi sovg‘a qilgan uy berilmadi: avtofalokat sabab nogiron bo‘lib qolgan sobiq futbolchi murakkab ahvolda» sarlavhasi ostidagi maqoladan keyin O‘FA rahbariyati va viloyat mutasaddilari tomonidan Kamoliddin Kenjayevning holidan xabar olinib, uning muammosi atroflicha o‘rganildi.

Qashqadaryo viloyat hokimi sovg‘a qilgan uy berilmadi»: avtofalokat ...

 Mart oyida esa nihoyat futbolchiga Qarshi shahridan yangi kvartira topshirilishi haqida ma'lum qilingandi. Biroq, pandemiya sababli yangi uyning kaliti topshirilishi muddati biroz cho‘zildi.

 26 iyun, juma kuni Qarshi shahrida o‘tgan Superliga 6-turi doirasidagi «Nasaf» - «Buxoro» uchrashuvi oldidan nihoyat Kamoliddin Kenjayevga va'da qilingan yangi uyning kaliti tantanali tarzda topshirildi. Tadbirda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi mas'ul vakillari Rahmiddin Zikriyayev va Shoakram Isroilov uyning kaliti va sertifikatni topshirishdi. Tadbirdan keyin Kamoliddin Kenjayev quvonchini yashira olmay, taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

 «Juda ham xursandmiz. Quvonchimizni cheki yo‘q. Shu kunlarga yetkazganiga shukur. Meni yo‘qlab, hol-ahvolimni o‘rganib bor haqiqatni ommaga yetkazganlaringdan keyin ko‘pchilik qo‘llab-quvvatladi, dalda berdi. Xususan, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyatiga, Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev va Kun.uz jamoasiga minnatdorchilik bildirib qolaman. Oradan 13 yil vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, viloyat markazi Qarshi shahridan yangi uyning kalitini topshirishdi. Yillar o‘tib endi yana sevimli mashg‘ulotim, hayotimga aylangan futbol atrofida bo‘laman, qo‘ldan kelgancha o‘z bilim va tajribamni viloyatimiz, yurtimiz jamoalari uchun yangi iqtidorlarni kashf etishga sarflamoqchiman. Menga yordam bergan barchaga butun oilam nomidan katta rahmat aytib qolaman. Fursatdan foydalanib, bugungi kasb bayramingiz bilan barcha jurnalistlarni, shu jumladan Kun.uz va Tribuna.uz jamoasini chin qalbdan tabriklayman. Har doim bugungidek faol bo‘lib, xalq dardi, muammolari va haqiqatni yuzaga chiqarishda charchamang, deb qolaman», - deydi Kamoliddin Kenjayev.

Ko‘proq yangiliklar: