Jismoniy tarbiya va sport vazirining tegishli buyrug‘i bilan joriy yil 28 iyun kuni “Yoshlar oyligi” doirasida stol tennisi, mini futbol, voleybol, badminton sport turlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda viloyatlar jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari tomonidan yoshlar o‘rtasida ommaviy sport musobaqalari o‘tkaziladi.
Shuningdek, respublikamiz miqyosida yugurish bo‘yicha aholi o‘rtasida «30 iyun – Yoshlar kuni»ga bag‘ishlab «onlayn marafon» musobaqasi ham bo‘lib o‘tadi. Ushbu musobaqada mamlakatimizning har bir fuqarosi ishtirok etishi mumkin. «Onlayn marafon»da qatnashish uchun Yoshlarsport.com manzili orqali ro‘yxatdan o‘ting va musobaqada ishtirok etib, g‘olib bo‘ling. Yakunda sizni qimmatbaho sovg‘alar kutmoqda.
Musobaqalar respublikamizning «yashil» toifaga mansub hududlarida tegishliligi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, hududiy hokimliklar, Sog‘liqni saqlash va Ichki ishlar boshqarmalari bilan kelishilgan holda o‘tkaziladi.
«Yoshlar kubogi» sport musobaqalari Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 29 maydagi qaroriga muvofiq sanitariya qoida va me'yorlari talablari saqlangan holda (ijtimoiy masofani saqlash, tibbiy niqob taqish, antiseptik vositalar bilan tez-tez qo‘llarni dezinfeksiya qilish va o‘yingohga sportchilarni navbatma-navbat kiritish) tashkil etiladi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati