Frontdagi o‘zbek mergani. «Tohir va Zuhra»dagi Zebo G‘aniyeva tarixi

Jamiyat 23:35 / 23.06.2020 50677
Zebo G‘aniyeva «Tohir va Zuhra» filmida Xorazm malikasi rolini ijro etgan.

Zebo G‘aniyeva 1923 yilning 20 avgustida tug‘ilgan. Urush boshlanganda Zebo 16 yoshda bo‘lib, Moskvadagi teatr san'ati institutida o‘qirdi. Dahshatli voqealar xavfi tug‘ilgach, institut Sharqqa evakuatsiya qilinadigan bo‘ldi. Ammo ko‘pchilik talabalar frontga borib, qo‘lga qurol olib vatanni bosqinchilardan himoya qilish istagini bildirdilar. Ular qatorida Zebo G‘aniyeva ham bor edi.

1941 yil oktyabridayoq u Moskva yaqinidagi diviziyalardan birining pulemyotchilar rotasida jang qila boshladi. Qizning teran aqli, o‘tkir ko‘zlari juda qisqa vaqt ichida unga merganlikni o‘rganib olish va qiron keltirilgan fashistlar sanog‘ini oshirish imkonini berdi. U tez-tez razvedkaga ham borib turdi.

Kunlarning birida G‘aniyeva bilan dugonasi Nina Soloveyga ochiq maydonga chiqish, emaklagan holda nemis handaqlariga yaqinlashib borish hamda u yerda nimalar bo‘layotganini bilib qaytish haqida buyruq berildi. Qish payti edi. Qizlar oppoq xalatlarga o‘ralib hech kimga sezdirmasdan maydonga chiqdilar-da, ertalab soat beshga yaqin dushman handaqlariga yetib bordilar. Ular sakkiz soat sovuqda qimir etmay, ovoz chiqarmay yotdilar. Diviziyada esa qizlar sovuqda qotib qolishdi, deb o‘ylashdi. Qorong‘i tushgach, har ikkisi yana emaklab ortga qaytib kelishdi.

Qizlar juda ko‘p muhim ma'lumotlardan voqif bo‘lishgan edi. Butun vujudni quloqqa aylantirib nemislarning har bir so‘zini eslab qolishdi. Kiyim-boshlarini, qurollar-u, shoshilib tikilgan pogonlarni ham nazardan qochirishmadi, chunki bu belgilar yangilar kelib qo‘shilganidan dalolat berardi.

O‘sha qishning o‘zida Zebo 16 marta razvedkaga bordi, dushman haqida muhim ma'lumotlar olib keldi. Razvedkalar oralig‘idagi tanaffus paytlarida esa qo‘lga mergan miltig‘ini olib ochiq marraga chiqar va fashistlarni qiyratardi.

1942 yilning aprel-may oylarida o‘z hisobiga 21 nafar fritsni yozib qo‘ygan. O‘z so‘zlariga ko‘ra, butun urush davomida u 129 fashistni yo‘q qilgan.

1942 yilning 23 may kuni Leningrad oblastidagi Vragovo qishlog‘ida Zebo haqiqiy qahramonlik ko‘rsatadi. U tepalikda merganlik pozitsiyasini egallab turganida nemislar qishloqni tashlab chiqa boshlaydilar. Zebo o‘z sheriklari bilan ularni o‘qqa tutadi va olti fashistni yer tishlatadi. Bu paytda qishloqda jang olib borayotgan leytenant Marchenko ko‘mak so‘raydi va Zebo safdoshlari bilan qishloq tomon yuguradi. Shu payt panada o‘rnashib olgan avtomatchi ularni o‘qqa tutadi. Zebo javob o‘qi bilan avtomatchini tinchitadi, lekin shu payt yo‘llangan minomyot zarbalaridan keyingi oskolkalardan qattiq yaralanadi.

Zebo G‘aniyevaning do‘stlari – Nina Solovey, Fedor Kirillov va Yakov Kolyakolar jang maydonidan olib chiqadilar. Mo‘jiza tufayli aynan shu paytda Moskvaga uchayotgan samolyotga Zeboni chiqarib yuboradilar. Moskvadagi gospitalda unga eng yaxshi shifokorlar g‘amxo‘rlik qilishadi. Prezidium raisi Nikolay Shvernikning turmush o‘rtog‘i Mariya Shvernik shaxsan o‘zi qoni zararlangan, og‘ir ahvoldagi Zeboni 11 oy davomida parvarishlaydi. Sog‘ayganida «barcha ayollar o‘z farzandlarini 9 oy ko‘tarib yuradilar va tug‘adilar, men esa seni 11 oy ko‘tardim», deya hazillashadi. Keyinchalik Zebo Shverniklar xonadonining tutingan qiziga aylanadi.

Urushdan keyin Zebo G‘aniyeva yana san'atga qaytadi va «O‘zbekfilm» durdonasiga aylangan «Tohir va Zuhra» filmida Xorazmning go‘zal malikasi rolini o‘ynaydi.

U Ozarboyjon diplomati Tofik Qodirovga turmushga chiqadi va o‘g‘il ko‘radi. Keyinchalik tarix bilan shug‘ullangan Zebo G‘aniyeva sharqshunoslik fanlari doktori, professor darajasiga ko‘tariladi.

Ikkinchi jahon urushidagi xizmatlari uchun Zebo G‘aniyeva «Moskva mudofaasi uchun», «Qizil bayroq» ordeni, «Qizil yulduz» ordeni, I darajali vatan urushi ordenlari bilan mukofotlangan.

Uzoq va mazmunli umr ko‘rgan Zebo G‘aniyeva 2010 yilda vafot etgan.

Ko‘proq yangiliklar: