Maktablarda o‘quvchilarga endi tibbiyot muassasalari xodimlari xizmat ko‘rsatadi

O‘zbekiston 08:14 / 22.06.2020 33105

Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta ta'lim to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

Umumiy o‘rta ta'limga qo‘yilayotgan zamonaviy talablarni hisobga olgan holda umumiy o‘rta ta'lim muassasalari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, umumiy o‘rta ta'limning o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi bilan uzviy aloqadorligini ta'minlash maqsadida Umumiy o‘rta ta'lim to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, o‘quvchilarga tibbiy xizmat ko‘rsatish umumta'lim muassasalariga tibbiyot muassasalari tomonidan biriktirilgan tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.

Tibbiyot xodimlari maktab rahbariyati va pedagog xodimlar bilan bir qatorda davolash-profilaktika tadbirlarini tashkil etish, sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga rioya qilish, ovqatlanish rejimi va sifatiga, o‘quvchilarni tibbiy ko‘rikni o‘tkazish va sog‘lomlashtirish uchun mas'uldirlar.

Umumta'lim muassasasi rahbariyati tomonidan tibbiyot xodimlarining faoliyat olib borishi uchun zarur shart-sharoitlar (maxsus joy, mebel va tibbiy jihozlar, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan dori-darmonlar) yaratib beriladi.

Umumta'lim muassasasi o‘quvchilarini har yilgi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Umumta'lim muassasalarida ta'lim-tarbiya jarayonini psixologik jihatdan ta'minlash psixologlar tomonidan amalga oshiriladi.

Og‘zaki nutq nuqsonlari va tovush talaffuzida kamchiliklari bo‘lgan o‘quvchilarga korreksion-logopedik yordam berish maqsadida umumta'lim muassasasida o‘qituvchi-logopedlar (defektologlar) faoliyat yuritadigan logopediya shoxobchasi tashkil etilishi mumkin.

Logopediya shoxobchasining tashkil etilishi va faoliyat ko‘rsatish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tomonidan belgilanadi.

Ko‘proq yangiliklar: