Yozgi transferlar: klubini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan 25 futbolchi

Sport 16:05 / 21.06.2020 27344

Koronavirusga qaramay, iyun oyi odatdagi kabi transfer mish-mishlari va yangiliklar bilan o‘tmoqda. Transfer darichasi hali ochilmadi, ammo xorij nashrlarida yetarlicha insaydlar va klublar o‘rtasidagi kelishuvlar haqida xabarlar yetarlicha. Ilk katta transfer ham amalga oshdi - bir necha yildan buyon «RB Leypsig» safida to‘purarlik qilib kelgan Timo Verner «Chelsi» a'zosiga aylandi. Quyida so‘nggi haftalardagi eng qiziqarli ma'lumotlar keltiriladi.

Miralem Pyanich, «Yuventus» — «Barselona»

Foto: Dmitriy Golubovich, «Chempionat»

Miralem Pyanich yozgi transferlarning asosiy qahramoni bo‘lib turibdi. «Barselona» «Yuventus» yarimhimoyachisini o‘zini qilish harakatlarini to‘xtatmayapti. Goal nashri xabariga ko‘ra, kataloniyaliklar hamon bosniyalik futbolchidan umid uzishmagan. Shu bilan birgalikda, turinliklar klubi ushbu tajribali futbolchisini osonlikcha qo‘yib yubormoqchimas. «Yuventus» Pyanichning transferiga yosh Ansu Fatini qo‘shtirmoqchi. Lekin «Barselona» bunga ko‘nmayapti. Klub boshqaruvi a'zosi Xaver Vilayolana Fatining ketishi haqida gap ham bo‘lmasligini aytib o‘tgandi.

Tuttosport ma'lumotiga ko‘ra, turinliklar Pyanich transferi doirasida Arturni o‘z safiga qo‘shib olishni ko‘zlagan. RAC1 jurnalisti Jyerar Romeroning ma'lumotiga ko‘ra, «byankoneri» havbekka katalon klubidagidan uch karra ko‘proq maosh to‘lashga tayyor. 

Jurnalist Nikolo Skiraning yozishicha, «Yuventus» bosniyalik futbolchisini Jorjino evaziga «Chelsi»ga berishi ham mumkin. Sport.es esa Pyanich «Barsa» himoyachisi Semeduga almashtirilishi haqida yozmoqda, Sky Spors Italia talqiniga ko‘ra, italyanlar klubi ushbu futbolchini «PSJ» havbeki Paredesga almashish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Albatta, bu mish-mishlarning ko‘pi – absurd. Ammo bu futbolchi atrofida shu qadar ko‘p mish-mish tarqalishi bejiz bo‘lib chiqmasligi va yozda Pyanich baribir klubini almashtirishi ehtimoli yuqori.

Pol Pogba, «Manchester Yunayted» — «PSJ» / «Real» / «Yuventus»

Foto: Getty Images

Pogba «MYu»dan ketishi mumkinligi haqidagi xabarlar ham to‘xtagani yo‘q. Le10sport xabariga ko‘ra, fransuz hamon «Real»ga o‘tish haqida o‘ylamoqda. Shu bilan birga, u «PSJ» va «Yuventus»  variantlarini ham ko‘zdan qochirgani yo‘q. Lekin futbolchining shu yozda klubini almashtirishiga bir qator to‘sqinliklar bor. Koronavirus inqirozi tufayli deyarli bir yil o‘ynamagan va xarakteri og‘ir bo‘lgan futbolchi uchun katta mablag‘ to‘laydigan klub (Pogbaning transfer qiymati 80 mln yevroga baholanmoqda) topilishi qiyin.

Lautaro Martines, «Inter» — «Barselona»

Foto: Alex Caparros/Getty Images

Aftidan, argentinalik forvard shu yozda baribir «Barselona»ga o‘tadi. Italiyalik jurnalist Nikolo Skira ham shu fikrda.

«Lautaro Martines va «Barselona» o‘rtasida kelishuvga erishilgan. Uning katalonlar klubidagi yillik maoshi 12 mln yevroni (qo‘shimcha bonuslar) tashkil etadi. Yaqin haftalarda «Barselona» «Inter» bilan ham kelishuvga erishishi kutilmoqda, milanliklar yetakchi hujumchisi uchun shartnomada ko‘rsatilgan 111 mln yevro olishni istamoqda, ammo 90 mln yevrolik taklif va biror futbolchi berilishi ham klubni qanoatlantirishi mumkin», degan u.

«Barselona» argentinalik hujumchini sotib olishga qishda ham harakat qilib ko‘rgan, ammo «Inter» obektiv sabablarga ko‘ra o‘z yulduzini sotmagandi. Italiya nashrlariga ko‘ra, kataloniyaliklar klubi futbolchiga 2025 yilgacha shartnoma va yiliga 7 mln yevro miqdorida maosh taklif qilmoqda. Koronavirus pandemiyasi ko‘plab klublar iqtisodiyotiga zarba berdi. Hozirda «Inter» moliyaviy muammolarini hal etish uchun Martinesni qo‘yib yuborishi mumkin, futbolchining o‘zi ham Kataloniyada mashhur vatandoshi bilan birga to‘p surishni istaydi. 

Albatta, ushbu saviyali forvardga boshqa klublar ham qiziqmoqda, «PSJ» va «Manchester Siti» klublaridan ham takliflar kelgan, ammo Martines rahbariyatdan bu klublarga rad javobi berishni so‘ragan.

Neymar, «PSJ» — «Barselona»

Foto: Soccrates ImagesGetty Images

Bu yil ham Neymar «Barsa»ga qaytishi haqidagi mish-mishlar tarqalishi davom etmoqda. Fransiyadagi Le Figaro nashri braziliyalik futbolchi Parij klubidagi maoshi kamaytirilganidan noroziligi haqida yozgan. Manba ma'lumotiga ko‘ra, Neymar shu orqali bosim o‘tkazib, Ispaniyaga qaytishga harakat qiladi.

Mundo Deportivo xabariga ko‘ra esa braziliyalik futbolchi klubdoshlariga yana ketmoqchiligi haqida aytgan. «Men «Barselona»ga qaytishni istayman», —deya Neymarning so‘zlarini keltirgan nashr. Yoz davomida ushbu ertakning davomini kuzatamiz.

Donni van de Bek, «Ayaks» — «Manchester Yunayted»
Bu yozda «Ayaks» yarimhimoyachisi Angliyaga o‘tishi aniqqa o‘xshamoqda. Ushbu havbekka asosiy da'vogar bo‘lmish Madridning «Real» klubi «qarmoq tashlab kutmoqda», «qaymoqranglilar»ning niderlandiyalik iste'dod uchun kurashdagi raqibi «MYu» esa, jurnalist Nikolo Skiraning ma'lumotiga ko‘ra, allaqachon rasmiy taklif tayyorlashgan. Van de Bek uchun mankunianliklar 40 mln yevro berishmoqchi.

Kay Havers, «Bayyer» — «Real» / «Chelsi»

Foto: Images/Getty Images

Havers uchun transferlar bozorida shiddatli kurash boshlansa ajab emas – Bundesliga qayta tiklanganidan keyin yosh yarimhimoyachi 4 o‘yinda 5 gol urishga ulgurdi. Hozirda ushbu nemis havbekiga «Real» va «Chelsi» da'vogar. Bild nashri ma'lumotiga ko‘ra, madridliklar Kay uchun 80 mln yevro yevro taklif qilishgan, ammo nemislar klubi rad javobi qaytargan. Jurnalist Nikolo Skiraning ma'lumotiga ko‘ra, londonliklar ham futbolchi transferi bo‘yicha taklif jo‘natishgan. «Chelsi» Havers bilan 5 yillik shartnoma imzolab, unga yiliga 8 mln yevro miqdorida maosh tayinlamoqchi.

Frenki de Yong, «Barselona» — «Yuventus»
Yosh yarimhimoyachi «Barselona»da bir mavsum o‘tkazishga ulgurmadi, ammo Football Italia portali Frenki shu yozda klubini o‘zgartirishi haqida yozmoqda. Italiyalik jurnalistlar niderlandiyalik bu futbolchi uchun asosiy da'vogar sifatida «Yuventus»ni ko‘rsatishmoqda. «Keksa sinora» Arturni qo‘lga kirita olmasa, asosiy e'tiborini de Yongga qaratadi. Yaqin vaqtlar ichida «Yuventus» futbolchi transferi uchun muzokaralar boshlashi kutimoqda.

Gonsalo Iguain, «Yuventus» — «Marsel»
Odatda har yili bahorda «Yuventus»ning argentinalik forvardini turli klublarga «jo‘natish»ni boshlashadi. Jurnalistlar Iguain «River Pleyt»ga qaytishi, o‘zini MLSda sinab ko‘rishi va hatto «Atletik» safida paydo bo‘lishi mumkinligi haqida yozishdi. Endi esa Fransiyadagi L'Equipe nashri Iguainga «Marsel» qiziqish bildirayotgani haqida yozib chiqdi. Xabar qilishlaricha, italiyalik sobiq futbolchi, tez orada fransuz klubida sport direktori bo‘lishi kutilayotgan Fabritsio Ravanelli jamoani argentinalik futbolchi bilan kuchaytirishni rejalashtirgan.

Jyeydon Sancho, «Borussiya» — «MYu» / «Chelsi»

Foto: Martin Rose/Bongars/Getty Images

Jyeydon Sanchoning keyingi mavsumda qaysi klubda to‘p surishi masalasi ham hali aniq emas. Yosh futbolchi uchun asosiy da'vogar «MYu» hisoblanadi. Fevralda Britaniyadagi Mirror tabloidi mankunianliklar ushbu futbolchi uchun 140 million yevro sarflab, transfer rekordini yangilamoqchi ekani haqida xabar tarqatgandi. Shuningdek, futbolchiga 7-raqam va haftasiga 400 ming funtlik maosh taklif qilingani aytilgan. Pulishichni «Chelsi»ga sotgan «Borussiya» D esa qishda o‘zining asosiy yetakchisi bilan xayrlashishga rozi bo‘lmagan va muzokaralar yozga qoldirilgandi. Angliyalik yosh iste'dodga boshqa klublar ham qiziqish bildirmoqda, bu klublar qatorida «PSJ», «Chelsi» va «Liverpul» kabi nomlar bor. Ammo «qizil iblislar» aniq takliflar bermoqda. Sanchoning o‘zi ham Angliyada o‘ynashni istaydi va bu haqda nemislar klubini xabardor qilib qo‘ygan.

Vaziyat bahorda koronavirus pandemiyasi tufayli o‘zgardi. «Manchester Yunayted» inqiroz tufayli muzokaralarni keyinga qoldirishi bilanoq, kurashga «Chelsi» ham qo‘shildi. Bir necha jurnalistlar bir vaqtda Sancho ko‘klar safiga o‘tishi haqida yozib chiqdi. Manba ma'lumotiga ko‘ra, «Chelsi» Jyeydonni keyinroq sotib olish sharti bilan ijaraga oladi.

Joriy mavsumda Sancho «Borussiya» D safida jami 37 o‘yinda maydonga tushib, 17 gol urgan va 20 golga uzatma bergan.

Kepa Arrisabalaga, «Chelsi» — «Valensiya»
«Valensiya» «Chelsi»dan Kepani sotib olib, tarkibni kuchaytirmoqchi. Sport nashri xabariga ko‘ra, tomonlar muzokaralarni davom ettirishmoqda va mavsum yakunida transfer haqida e'lon qilinishi mumkin. «Ko‘rshapalaklar» Kepani 25 mln yevro evaziga Ispaniyaga qaytarishmoqchi. London klubi esa futbol tarixidagi eng qimmatbaho darvozabon uchun 35 mln yevro so‘ramoqda. Kepa doimiy xatolari tufayli Lempard va murabbiylar shtabining ishonchini yo‘qotgan. So‘nggi o‘yinlarda jamoa darvozasini tajribali Villi Kabalero qo‘riqlamoqda.

«Chelsi» Arrisabalagani qimmatroqqa sotish haqida ham o‘ylamayapti, holbuki u 2018 yilda 80 mln yevroga sotib olingandi. Hozirda londonliklar «Ayaks»dan Andre Onanani transfer qilish ustida ishlashmoqda. Andrening o‘zi ham Niderlandiya chempionlari safini tark etish vaqti kelganini tushunib turibdi. Ushbu futbolchi transferi qiymati 40-45 mln yevroga baholanmoqda. Onanaga «Barselona» ham da'vogar, futbolchi aynan shu klub tarbiyalanuvchisi hisoblanadi.

Filippe Koutino, «Barselona» — «Chelsi»

Foto: Sebastian Widmann/Bongars/Getty Images

22 may kuni «Bavariya» bosh direktori Karl-Hayns Rummenigge myunxenliklar Koutinoning transferini «Barselona»dan sotib olmasligi haqida e'lon qildi. «Bavariya» uni 2019 yil yozida ijaraga olgandi. Myunxenliklar klubi ushbu braziliyalikni 120 mln yevroga transfer qilishi mumkin edi, ammo bu banddan foydalanilmadi. Avvalroq myunxenliklar yarimhimoyachining ijara muddatini uzaytirmoqchiligi haqida xabarlar tarqalgandi, ammo vaziyat o‘zgargan. Filippe o‘ng oyog‘ining to‘piq qismidagi jarohatidan davolanishni davom ettirmoqda.

Londonning «Chelsi» klubi futbolchi atrofidagi vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda. Inglizlar klubi havbekni ijaraga olib, uning maoshini to‘liq miqdorda to‘lab bermoqchi. «Barselona» ham uni yana ijaraga yuborishga qarshi emas, ammo katalonlar klubi shartnomada keyinchalik sotib olish majburiyati bo‘lishini istashmoqda. Londonliklarni esa bunday punkt qoniqtirmaydi va bu muzokaralarda murakkablikni keltirib chiqargan. El Mundo xabariga ko‘ra, Koutino «Chelsi»ga o‘tishga rozilik bildirgan.

«Bavariya» safida Koutino 32 o‘yin o‘tkazib, 9 gol urdi va 8 golga hammualliflik qildi.

Kalidu Kulibali, «Napoli» — «Manchester Yunayted»
Sky Sport Italia nashri ma'lumotiga ko‘ra, «Napoli» prezidenti Aurelio De Laurentis klubda qayta qurish boshlamoqchi. U hozirgi tarkib o‘z davrini o‘tab bo‘lgan deb hisoblamoqda va yetakchi futbolchilar sotuvi orqali katta pul ishlab, yangi futbolchilarni tarkibga jalb etmoqchi. Neapolitanliklar jamoasining asosiy aktivi – senegallik himoyachi Kulibali hisoblanadi. «Manchester Yunayted» unga 80 mln yevro taklif qilgan. Ammo «Napoli» futbolchi uchun 100 mln yevro olishni istamoqda.

Radja Naynggolan, «Inter» — «Roma»
«Inter»dagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin Radja Naynggolan «Kalyari»ga ijaraga yuborilgandi va mavsumni yaxshi o‘tkazdi. Sardiniyaliklar klubida u o‘z faoliyatida yangi bosqichga chiqdi va yana foydali futbolchiga aylanib, golli uzatmalarni qalashtira boshladi. Belgiyalik futbolchining bu muvaffaqiyati uning «Roma»ga qaytishi haqidagi xabarlarga sabab bo‘ldi. Calciomercato nashri xabariga ko‘ra, Radja sevimli klubiga qaytish uchun barcha ishga tayyor.

Rahim Sterling, «Manchester Siti» — «Manchester Yunayted»

Foto: Getty Images

The Independent ma'lumotiga ko‘ra, «Manchester Yunayted» Rahim Sterlingni ham ko‘z ostiga olib qo‘ygan. Mankunianliklar bunday futbolchini asosiy raqibi safidan olib kelish qiyinligini tushunib turishibdi, ammo «Manchester Siti» moliyaviy feyr-pley tufayli yevrokuboklardan chetlatilsa, futbolchini transferga ko‘ndirish mumkinligiga umid qilishmoqda.

Benjamin Chilvel, «Lester» — «Chelsi» / «Manchester Siti»
«Chelsi»da «Lester»ning yosh iste'dodi uchun kurashda jiddiy raqib paydo bo‘lgan. The Telegraph nashri ma'lumotiga ko‘ra, Pep Gvardiola jamoasining chap qanotini kuchaytirmoqchi va angliyalik futbolchi uchun kurashga qo‘shilmoqchi. Lekin «Lester» qimmatbaho himoyachisini qo‘yib yubormoqchi emas - uni 85 mln yevroga baholashmoqda.

Alvaro Morata, «Atletiko» — «Inter»
Morata hali ham «Chelsi» futbolchisi. Bu yozda «Atletiko» ispaniyalik forvardni londonliklardan 56 mln yevroga sotib olishi kerak bo‘ladi. Lekin «matraschilar» hali uni tarkibda qoldirish bo‘yicha qaror qabul qilishmagan. Qolaversa, bu vaqtda, Tuttosport ma'lumotiga ko‘ra, unga «Inter» tomonidan qiziqish mavjud. Italiyaliklar shu yozda kataloniyaga yo‘l olishi kutilayotgan Lautaro Martinesga o‘rinbosar izlashni boshlab yuborishgan. Shunday ekan, Alvaro yana Italiyaga qaytib, sobiq jamoasi «Yuventus»ga qarshi to‘p surishi ham mumkin.

Memfis Depay, «Lion» — «Milan» / «Everton»
Depay og‘ir jarohatini davolashni davom ettirayotgan bo‘lsada, unga ikki klub – «Milan» va «Everton» da'vogar. Calciomercato.com portali ma'lumotiga ko‘ra, futbolchi «Lion» bilan keyingi yil oxirida yakunlanadigan shartnomasi muddatini uzaytirishga rozi bo‘lmagach, unga bo‘lgan qiziqish kuchayib ketgan.

Sandro Tonali, «Breshiya» — «Inter» / «Barselona»
«Breshiya»ning Andre Pirloga tenglashtirilayotgan yosh futbolchisi uchun qator klublar navbat hosil qilgan. «PSJ», «Yuventus», «Napoli», «Fiorentina» va «Barselona» kabi grandlar Tonalini o‘z safida ko‘rishni istamoqda. Lekin futbolchi bilan shartnoma imzolashga Milanning «Inter» klubi eng yaqin turibdi.

«Bugungi kunda Sandro Tonali «Inter» uchun birinchi raqamli nishon. Futbolchi transferni tezlashtirish uchun tez orada «Breshiya» bilan muzokara boshlaydi. U aynan «Inter»ga o‘tish istagini bildirgan. Klublar o‘rtasidagi muzokaralar ham davom etmoqda», — degan Sky Sport Italy jurnalisti Fabritsio Romano.

Chiro Immobile, «Latsio» — «Manchester Yunayted» / «Everton»
«Latsio»da yorqin mavsum o‘tkazgan Immobile yozda yana top-klubga o‘tishi mumkin. Calcio Mercato ma'lumotiga ko‘ra, bir yil oldin Romelu Lukakuni qo‘yib yuborgan «MYu» ushbu forvardga ehtiyoj sezmoqda. Britan klubiga raqobatchi ham bor. A Seriyaning 26 o‘yinida 27 gol urgan futbolchi ayni vaqtda Anchelotti boshqaruvida bo‘lgan «Everton»da paydo bo‘lishi mumkin.

Jorjino, «Chelsi» — «Yuventus» / «Bavariya» / «PSJ»

Foto: Getty Images

Jorjino Sarrining «sevimli» futbolchisi ekani haqidagi gaplarni rad etayotgan mahalda, italiyalik mutaxassis uni Italiyaga qaytarishga urinishlarini davom ettirmoqda. U o‘tgan yil yozida futbolchini o‘zi bilan olib ketmoqchi bo‘lgan, qishda ham ushbu transferni amalga oshirishga urinib ko‘rgandi.

Sport Mediaset nashri xabar berishicha, turinliklar ushbu futbolchi uchun braziliyalik yarimhimoyachi Duglas Kostani berishga tayyor. Bundan tashqari, futbolchiga «Bavariya» va «PSJ» ham da'vogar. Tuttosport London klubi Jorjinoni 65-70 mln yevroga baholayotgani haqida yozgan, nima bo‘lganda ham klub uni 50 mln yevrodan kamiga qo‘yib yubormaydi.

Luka Yovich, «Real» — «Milan»
Luka Yovich «Real»da haqiqiy dahmazaga aylandi. O‘tgan yil yozida 60 million yevroga xarid qilingan forvard juda kam gol urgani yetmaganidek, ortiqcha muammolarni keltirib chiqardi. Iyun oyida hujumchi Serbiyada karantin qoidalarini buzib safar qildi, mamlakat prezidentidan dakki eshitdi, keyin devor oshib o‘tayotganida oyog‘ini sindirib oldi. Ko‘p o‘tmay Yovichni karantin qoidalarini mensimasdan do‘stlari bilan hordiq olishga bordi. Madridliklarni bu omadsiz futbolchidan «Milan» qutqarishi mumkin. Le Bombe di Vlad ma'lumotiga ko‘ra, serbiyalik futbolchi italiyaliklar klubiga o‘tishga rozi bo‘lgan – tomonlar transferning jihatlarini kelishib olishi qolgan.

Viktor Osimxen, «Lill» — «MYu»

Foto: Bryn Lennon/Getty Images

«Manchester Yunayted»ga nigeriyalik bir hujumchi kamlik qilmoqda. Daily Star ma'lumotiga ko‘ra, «MYu» «Lill» hujumchisi Viktor Osimxonning xizmatlariga jiddiy qiziqish bildirmoqda. «Qizil iblislar» xo‘jayinlari Odion Igalo bilan shartnomani uzaytirmoqchi emas, shu tufayli hujum chizig‘ini kuchaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda.

Telefoot ma'lumotiga ko‘ra, yozgi transferlar doirasida «Lill» Osimxon bo‘yicha saxiy taklif oladi. Nomi aytilmayotgan klub yosh nigeriyalik uchun 85 mln yevro to‘lashga tayyorligi aytilgan.

Osimxon nimasi bilan ajralib turadi? Viktor— klassik markaziy hujumchi. Jarima maydonidan tashqaridan kam gol uradi, lekin jarima maydoni ichida o‘zini juda yaxshi his qiladi. To‘pni raqib darvozasiga orqa qilgan holda qabul qilib, murakkab vaziyatda keskin burilib gol uradi — klassik hujumchilarga xos gol. «Lill» 2019 yilda uni «Sharlerua»dan 12 mln yevroga transfer qilgandi.

Fransiya chempionati koronavirus tufayli to‘xtatilguniga qadar ushbu yosh futbolchi fenomenal o‘yin ko‘rsatdi. Osimxon liganing 2019/2020 yilgi mavsumi kashfiyoti bo‘ldi - Viktor jami 38 o‘yinda maydonga tushib, 18 gol urdi hamda 6 golga uzatma berdi.

Korentin Tolisso, «Bavariya» — «Manchester Yunayted» / «Inter»
Joriy mavsumda Tolisso ko‘p jarohat oldi va kuchli raqobat tufayli «Bavariya»ning asosiy tarkibiga kira olmadi. Shu tufayli myunxenliklar hozirda futbolchi bilan xayrlashishga qarshi emas. RMC Sport jurnalisti Muhammad Buhafsiyning ma'lum qilishicha, «Bavariya» fransuz yarimhimoyachisini kamida 35 mln yevroga pullamoqchi. Unga asosiy da'vogar «MYu» bo‘lib turibdi — mankunianliklar Tolissoning atrofidagilar bilan muzokaralarni boshlagan. Ammo Korentin «Inter»ga o‘tib ketishi ham mumkin.

Aleks Telles, «Portu» — «PSJ»

Foto: Alex Grimm/Getty Images

«Portu»da ko‘p vaqt qolib ketgan Telles nihoyat top-klubga o‘tadigan ko‘rinadi. Ushbu braziliyalik bir necha yillardan buyon Portugaliya Primeyrasida chap qanot qiroli bo‘lmoqda va endi o‘zini yanada kuchliroq chempionatda sinab ko‘rishni istamoqda. A Bola nashri ma'lumotiga ko‘ra, Telles «PSJ» bilan kelishuvga erishgan. Fransuzlar klubi futbolchi uchun 25 mln yevro bermoqchi. Avvalroq «Portu» o‘z yetakchilaridan birini olib qolishga harakat qilgandi, ammo Aleksni taklif etilgan maosh miqdori qoniqtirmagan – u yiliga kamida 6 mln yevro maosh olmoqchi.

Ko‘proq yangiliklar: