«Masharipov Ispaniyada ham o‘ynab keta oladi» - Shota Arveladze «Paxtakor»ning transfer siyosati, maqsadlari va Superligadagi kurashuvchan 7 klub haqida

Sport 16:12 / 19.06.2020 14364

- Hozirgi paytda barchaning nazdida Jaloliddin Masharipov «Paxtakor»ning asosiy yulduzi sanaladi. Aytingchi, mish-mishlar qayerdan kelib chiqdi?

- Qayerdan kelib chiqqanligini bilmayman.

- Keling, unda bu qanday bo‘lganligini aytib beraman: men Masharipov bilan uchrashganimda u bu haqda aytdi. Keyin esa klub sport direktori Ja'far Irismetovga qo‘ng‘iroq qilib bu haqda so‘ragandim.

- Siz Jaloldan bu xabarning qayerdan olganligidan boshqa hamma narsani so‘ragansiz. Hattoki Ja'far ham bu xabarning manbasi emas. Men bu haqda eshitsam, eng avvalo «buni kim aytdi?» deb so‘ragan bo‘lardim. Men o‘zim faoliyat olib borayotgan Osiyo qit'asida Jaloliddinni ayni damdagi top-3 futbolchidan biri deb bilaman. Yevropa klublari vakili bilan gaplashganimda ham ularga Osiyo bozoriga yaxshiroq e'tibor qaratishlari kerakligini doim aytib kelaman. Tushunaman, Yaponiya va koreyalik futbolchilar jahon chempionatlari orqali e'tiborga tushishadi. Ammo Qatar milliy jamoasi Osiyo chempioniga aylangan, Amerika kubogida legionerlar bilan qatnashgan bo‘lsa-da, qatarlik futbolchilarning qaysidir klubga transfer qilinganligini eshitmadik, to‘g‘rimi? Odatda, mendan Jalol yoki o‘zbek futbolchilari haqida so‘rashsa, O‘zbekistonda iqtidorlar juda ko‘pligi, ulardan biri Eldor Shomurodov Rossiyada to‘purar ekanligini, Jalol ham boshqa ligalarda bemalol o‘ynab keta olishini aytaman.

Masharipovning «Trabzonspor»ga o‘tishi haqidagi gaplar ham mening Turkiyada yaxshi obro‘-e'tiborga ega ekanligim va Jaloliddin haqida ko‘pchilikka gapirib berganim ortidan paydo bo‘ldi. Axir, Turkiyadan turib hech kim o‘z-o‘zidan qo‘ng‘iroq qilib, «Sizlarda Masharipov bor ekan, u qanday o‘yinchi?» demaydi-ku. O‘sha yerda ham kimdir bu haqda gazetalarda o‘qigan, kimdir esa boshqalardan eshitgan. Aslida esa Yevropadan Masharipovga hali hech qanday rasmiy taklif bo‘lgani yo‘q. Men futbolchimiz haqida turli davralarda turli maqtovlarni bildirishim mumkin, Yevropadagi murabbiylarga u haqda ma'lumot berishim mumkin, bo‘ldi. Shu yerda mening rolim tugaydi. Klub meniki emas, men rahbar yoki klub prezidenti emasman. Men faqat o‘z fikrimni aytishim mumkin, xolos. Hozirgacha bu borada faqat bitta taklif tushgan. «Trabzonspor» haqidagi gap-so‘zlar ham turklarning O‘zbekiston chempionatini kuzata boshlaganidan, shu jumladan mening natijalarim bilan qiziqa boshlaganidan keyin paydo bo‘lgan. Kimdir murabbiy qidirsa, kimdir futbolchi qidirib kuzatishi mumkin.

- Siz Masharipovni qo‘yib yuborgan bo‘larmidingiz?

- Yo‘q. Men uni qo‘yib yubormayman. Birinchi navbatda, murabbiy jamoaning yetakchi futbolchilaridan birini qo‘yib yubormasligi syurpriz emas. Ikkinchidan, klubning rahbarlari, homiylari bor. Fikrimcha, futbolchi bunday paytda klubning qarorini hurmat qilishi kerak. Ya'ni, tomonlar bir-birini yaxshi tushunishi, futbolchi yaxshi o‘ynashda davom etishi, klub esa ochkolarni ishlab maqsadi sari yurishi kerak. Chunki futbolchilarga pulni rahbariyat beradi, men emas. Shunday ekan, bu masalani men hal qilmayman.

- Tushunarli, demak siz hal qilmaysiz. Bu borada shaxsiy fikringiz qanday?

- Masharipovni qo‘yib yuborish kerakmi yoki yo‘q - shu haqdami?

- U qachongacha va qanday vazifalar uchun sizga kerak bo‘ladi? Masharipovni qachon qo‘yib yuborishingiz mumkin?

- Takrorlayman, «Paxtakor» doim maksimal maqsadlar qo‘yadi. Klub Chempionlar ligasida ham qatnashadi. Maqsad vazifalarimiz uchun Masharipov o‘rniga tezda yangi futbolchi topa olmaymiz. Shu bois istalgan murabbiydek men kamida mavsum yakunigacha, biz Jaloliddinning o‘rniga futbolchi topishimizga qadar uni klubda qolishini istayman. Bu hammani qoniqtiradimi yoki yo‘q, bundan qat'i nazar. Bu boradagi moliyaviy masalalarni esa men hal qilmayman. Bu mening vakolatim doirasiga kirmaydi. Asosiysi Jaloliddin juda yaxshi o‘yin namoyish etmoqda. Ammo u mana shu asosiy vazifasini unutib qo‘yishi kerakmas. Qolaversa, hozir shunday vaqtki, kimdir qayerga borib qolsa, oilasini yillab ko‘ra olmay qolishi hech gap emas. Balki aeroport yopilib qolar, kim biladi deysiz. Mana, kuni kecha biz Jizzaxda o‘ynadik. Aziz G‘aniyev hali ham Jizzaxda ekan. O‘zi o‘ynayotgan Dubayga ucha olmayapti. Kim bilandir faqatgina shartnoma imzolash emas, u yerga borib, moslashib o‘ynash ham juda muhim.

Yaqinda Jalol bilan gaplashganimda ham o‘ziga ham aytdim, kimdir sen bilan qiziqayotgan bo‘lsa, bu shunchaki ajoyib xabar. Ammo uning transfer bahosi kam emasligi men uchun syurpriz emas, biroq bu narx uning uchun syurpriz bo‘lsa, demak u o‘zining asl bahosini bilmaydi. Balki uni ham tushunish kerakdir.

- Jaloliddin Masharipovni yaxshi biladigan mutaxassis, uning murabbiyi sifatida transfer bozoridagi narxi qancha deb o‘ylaysiz?

- Men hech qachon biror futbolchini sotib olganim ham, sotganim ham yo‘q. Taklif eng avvalo klubga tushadi. Klubning bu boradagi pozitsiyasini hurmat qilish kerak. Ammo hozirda futbol va futbolchilar atrofida turli va'dalar bilan yuradigan agentlar ko‘p. Shu bois shoshmaslik kerak. Xudo bunday imkoniyatlarni hali yana beradi. Jaloliddin ham aytaylik, ikki yil avvalgi darajasidan ancha o‘sdi. Misol uchun, «Lokomotiv»da yurgan Masharipov bilan hozirgi Masharipov o‘rtasidagi farq har tomonlama katta. Uni mendan yaxshiroq bilsangiz kerak. U o‘zgardi, o‘sishga erisha oldi. Umuman olganda, o‘yin jihatidan Jalolga ham, Jamaga (Jamshid Iskanderov, mual.) ham doim aytib kelaman, futbolchi shunchaki iqtidorli deya nom olib qolib ketmasligi kerak. 21 yoshda iqtidorli, 24, 28, faoliyatini qariyb tugatayotgan 32 yoshda ham faqatgina iqtidorli futbolchi nomi bilan qolib ketmasligi kerak. Iqtidorni hammaga ko‘rsatish lozim. Masharipov shunga yarasha o‘tgan yil 48ta assistga mualliflik qildi. Bu ajoyib natija. U chindanam o‘sdi.

- Jaloliddin Yevropa darajasigacha o‘sdimi?

- Masalan, jamoamizdagi istalgan futbolchi Yevropa jamoalarida o‘ynab keta oladi.

- Masalan, Turkiyada?

- Faqat Turkiyada emas, Ispaniyada ham o‘ynab keta oladi. U yerda asosiy narsa moslashish, adaptatsiya jarayoni.

- «Paxtakor»ning Osiyo maydonlaridagi maqsadlarini ham inobatga olib, ayting-chi, klubning transfer siyosati qaysi yo‘nalishda bo‘ladi?

- Transfer siyosatimiz o‘zgargani yo‘q. Avvalgi ishlarimizni davom ettirayapmiz. Jamoada imkonqadar o‘zbekcha ruhni yaratayapmiz.

- Qimmatbaho transferlarni kutish kerak emas, shundaymi?

- Biz boshqa transfer qila olmaymiz.

- Derdiyo‘q so‘nggisi demak?

- Shunday.

- Derdiyo‘q qay daraja moslashdi, uning ishlari qanday?

- Oxirgi ikki o‘yinda maydonga tushgandi, keyin gol ham urgandi. Orada yana pauza qildi. U qizli bo‘ldi. O‘ylaymanki, moslashish jarayonida jamoadagilar unga yordam berishmoqda. Jamoamiz juda ham ahil, til borasida ham o‘xshashlik bor – turk tili o‘zbek tiliga juda yaqin. Bu borada unda hech qanday muammo yo‘q.

- Tarkibda yetishib chiqayotgan yosh futbolchilar haqida qanday fikrdasiz?

- O‘rinbosarlar safidan 5-6 nafar yosh futbolchilar asosiy jamoa bilan shug‘ullanib kelishmoqda. Ijaradan qaytargan futbolchilarimiz ham bor.

- Klub oldiga Osiyo chempionlar ligasida aniq maqsad qo‘yilganmi? Ushbu mavsum uchun o‘z oldingizga qanday vazifa qo‘ygansiz?

- Bilasizmi, bu haqda klub rahbariyati bilan gaplashib olgandik. Shu bois sizga biz uchun asosiysi ishtirok desam, yolg‘on gapirgan bo‘laman. O‘tgan yilgi turnirdan ko‘rindiki, biz ligada ham munosib ishtirok etishimiz mumkin. Bizgacha ham o‘zbek klublari yaxshi ishtirok etib, yarim finallargacha yetib borgan, «Nasaf» OFK kubogida g‘olib bo‘lgan. Men har doim jurnalistlar bilan uchrashuvda ham aytaman, oldingi yillardagi «Paxtakor» eng kuchsizi bo‘lib qolishi kerak. Buyog‘iga natijalar faqat yaxshilanib borishi shart. O‘shanda klubning o‘sayotganligini ko‘rish mumkin bo‘ladi. Ya'ni, tashkilotchilik bobida ham, futbolchilar darajasi borasida ham faqat o‘sishimiz kerak. Shu bois aytishim mumkinki, biz hali men istagan darajadan ancha uzoqdamiz. Shunga qaramay, klub rahbariyatidan juda minnatdorman. Chunki, ular nimani xohlayotganligimni yaxshi va to‘g‘ri tushunishmoqda. «Paxtakor» hech qachon 4-5 yillik yoki bitta kutilmagan mag‘lubiyatgacha bo‘lgan loyiha bo‘lib qolmasligi kerak. Masalan, o‘tgan yili OChL so‘nggi turida Saudiyada o‘ynadik. Bikmayev yiqildi, saudlar feyr-pleyga amal qilmay, 90+2-daqiqala gol urib ketishdi. Aytmoqchimanki, mana shunaqa kutilmagan mag‘lubiyat bo‘lib, qaysidir futbolchining yiqilib qolgani ortidan butun katta proyekt buzilmasligi kerak. Bunaqada hattoki «Liverpul» ham avvalgi darajasiga qayta olmasdi. O‘tgan mavsum ham muddatdan oldin chempion bo‘lganimizda ko‘pchilik chempionat qiziq emas, deb gapirdi. Bunaqada muddatdan oldin chempionlik kuzatilayotgan Yevropadagi Angliya, Germaniya chempionatlarini ham qiziq emas deyishimiz kerakmi? «Paxtakor» O‘zbekistonda barcha davrlarning eng yaxshi klubi. Yana mamlakatda yuqori o‘rinlar uchun kurash olib bora oladigan 5ta klub bor - «Navbahor», «Lokomotiv», «Nasaf», «Bunyodkor». So‘nggi yillarda yana «So‘g‘diyona», OKMK, «Metallurg» singari klublar ham kurashga qo‘shildi.

- «Paxtakor» Osiyo chempionlar ligasida yarimfinalgacha bora oladigan darajaga chiqdimi?

- Menimcha, savol noto‘g‘ri qo‘yildi.

- Shu haqda bilishni istardim.

- Savol noto‘g‘ri qo‘yildimi, men bunday savolga aniq javob bera olmayman. Aytaylik, «Persipolis» shuncha yil ligada o‘ynab, yutolmagan bo‘lsa-yu, «As-Sadd» yutgan bo‘lsa, demak nega biz bu ishni qila olmasligimiz kerak? Bu yerda ilojsiz ishni ko‘rmayapman. Asosiy masala butun sektor hali bu darajagacha o‘sgani yo‘q. Bu yo‘lda o‘zimiz-o‘zimizga xalaqit bermasak, hech kim bizga muammo chiqara olmaydi.

Suhbatimiz yakunida barchaga sog‘liq, omad va hozirda tarqalgan kasallikdan tezroq qutulishimizni tilab qolaman.

- Mazmunli suhbat, yaxshi tilaklaringiz uchun sizga ham rahmat aytib qolamiz. Yaxshi kunlarda ko‘rishguncha!

Bobur Akmalov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: