Kompyuterdan himoya ko‘zoynaklari: ulardan foyda bormi?

Light 16:49 / 19.06.2020 40454

Kompyuter kundalik hayotga qanchalik chuqur kirib bormasin, uning umumiy salomatlikka, xususan, ko‘rish organlariga salbiy ta'siri haqida ham unutmaslik kerak.

Kompyuter ko‘rish sindromi

Kompyuterdan uzoq va davomli foydalanish natijasida «kompyuter ko‘rish sindromi» yuzaga keladi. Faoliyati kompyuter bilan bog‘liq bo‘lgan har kimda kuzatiladigan bu sindrom ko‘zlarda charchoq, qizarish, qum qadalgandek hissiyot, quruqlik va sanchiq, ko‘rish qobiliyatining xiralashuvi, qichish, bosh va bo‘yinda og‘riq, ish kuni yakunidagi charchoq kabi belgilar bilan namoyon bo‘ladi.

Kompyuterdan foydalanishda bazaviy qoidalarga rioya qilmaslik esa bu sindromning paydo bo‘lish ehtimolini oshiradi.

Kompyuterdan foydalanishda diqqat qaratish kerak bo‘lgan qoidalar:

  • monitordan 50-60 sm uzoqlikda bo‘lish;
  • har 45 daqiqada ko‘zga dam berish va ko‘z gimnastikasini bajarish;
  • monitorning yorug‘lik, kontrast sozlamalarini to‘g‘ri va qulay tarzda belgilash;
  • bir xil holatda uzoq vaqt o‘tirmaslik;
  • monitorning ko‘z bilan bir kesimda joylashuvi (ko‘zdan balandda yoki pastda bo‘lmasligi kerak);
  • displey va ish joyida chang to‘planib qolmasligini nazorat qilish;
  • ko‘zni yumib-ochmay uzoq tikilishni kamaytirish;
  • ish xonasining o‘ta qorong‘i bo‘lmasligini ta'minlash darkor.

Kompyuter ko‘zga qanday ta'sir qiladi?

Kompyuterdan foydalanishda ko‘rish fokus masofasi juda kam o‘zgartiriladi va ko‘z kam ochib-yumiladi. Natijada ko‘rish organlari mushaklari zo‘riqadi va ko‘z soqqasi yetarlicha namlanmaydi, bu esa ko‘zda yoqimsiz quruqlik va charchoqqa sabab bo‘ladi.

Shuningdek, barcha elektron uskunalar singari kompyuterdan ham elektromagnit to‘lqinlar tarqaladi. Kompyuter qanchalik zamonaviy bo‘lmasin, ko‘k va binafsharang spektr nurlarining ko‘pligi bois ko‘zda zo‘riqish hosil qiladi.

Kompyuterdan ko‘zga yetadigan zararni minimallashtirish maqsadida maxsus kompyuter ko‘zoynaklaridan foydalanish tavsiya etilmoqda.

Himoya ko‘zoynagi chindan foydalimi?

Kompyuterlar uchun mo‘ljallangan himoya ko‘zoynagi chindan foydalimi yoki keraksiz atribut – juda bahsli masala.

Ishlab chiqaruvchilar va ba'zi foydalanuvchilar ko‘zoynaklarning ta'sirini ijobiy baholashsa, uni keraksiz dahmaza deb hisoblovchi, hatto bosh og‘rig‘i, ko‘zdagi noqulaylikka sabab bo‘lishini ta'kidlovchilar ham bor.

Mohiyatan, kompyuter himoya ko‘zoynaklari elektromagnit to‘lqinlarini neytrallashtiradi, displey yuzasidagi yorug‘likning jimirlashini yo‘qotadi, ko‘zga ortiqcha yuklama bo‘ladigan binafsharang va ko‘k nurlarni kesadi.

Bularning barchasi ko‘zoynak linzasidagi maxsus himoya qobig‘i hisobiga amalga oshadi.

Faoliyati kompyuter bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday shaxs bu ko‘zoynaklardan foydalanishi mumkin. Ayniqsa, ofis sharoitida ishlovchilar va talabalar orasida ulardan foydalanish ommalashgan.

Umuman olganda, himoya ko‘zoynaklarining har bir shaxs uchun foydasi individual. Natija – shaxs ko‘rish tizimining o‘ziga xosligi, kompyuterdan foydalanish qoidalariga rioya qilish, tashqi omillar (xonaning yorug‘ligi, kompyuterning joylashuvi) kabilarga bog‘liq.

Bu optik vosita kompyuterning salbiy ta'siridan yuz foiz himoya qilishi kafolatlanmagan bo‘lsa-da, zararni qisman neytrallashtiradi: ko‘zdagi charchoq va zo‘riqishni kamaytiradi, kompyuterda uzoq ishlash natijasidagi bosh og‘rig‘i va holsizlikni minimallashtiradi, yorug‘likka ta'sirchanlik, ko‘zdagi achishishni yo‘qotadi.

Holatga majmuaviy yondashganda – himoya ko‘zoynaklarini taqish barobarida kompyuterdan foydalanishda yuqorida qayd etilgan qoidalarga rioya qilgandagina ijobiy samaraga erishish mumkin.

Ko‘zoynakni qanday tanlash kerak?

Ko‘zoynak dioptriyali yoki dioptriyasiz bo‘lishi mumkin. Ko‘rish organida uzoqni yoki yaqinni ko‘ra olmaslik singari anomaliyalar bo‘lganlar uchun dioptriyali ko‘zoynak tavsiya etiladi. Shuning uchun himoya ko‘zoynaklarini tanlash va xarid qilishdan avval ko‘z shifokori – oftalmolog bilan maslahatlashish, ko‘z holati haqida ma'lumotga ega bo‘lish lozim.

Ko‘zoynakni noto‘g‘ri tanlash nafaqat undan foydalanishda noqulaylik, balki ko‘rish qobiliyatining yomonlashuviga ham sabab bo‘lishi mumkin.

Bunday ko‘zoynakni xarid qilishda:

  • tutqich (oprava)ning qulayligi va sifati;
  • linzaning turi va sifati;
  • dioptriyaning bor-yo‘qligi (ko‘zdagi anomaliyalardan kelib chiqqan holda individual asosda tanlanadi);
  • himoya qobig‘ining borligi;
  • tonirovka (qoraytirilgan linza) darajasiga ham e'tibor qaratish kerak.

Quyidagi tavsiyalarni ham e'tibordan qochirmaslik zarur:

  • Kompyuterdan foydalanish jarayonida quyosh nurlari ta'siri yuqori bo‘lganda yorug‘lik jimirlashiga qarshi polaroid ko‘zoynaklardan foydalanish kerak.
  • Monitor yorug‘ligi yuqori bo‘lganda, yorug‘lik darajasi tez-tez o‘zgarib turadigan sharoitda och rangdagi linzalarga ega ko‘zoynak tavsiya etiladi.
  • Tonirovkali (qoraytirilgan) ko‘zoynaklar ko‘k spektrdagi qisqa to‘lqinli nurlarni to‘sib qoladi.
  • Kompyuterda asosan matn bilan ishlovchilar kontrastni kuchaytiruvchi, yorug‘likni yumshatuvchi modellarni tanlashi maqsadga muvofiq.
  • Grafika bilan ishlovchilarga esa ranglar uzatmasini yaxshilovchi ko‘zoynaklar to‘g‘ri keladi.
Ko‘proq yangiliklar: