APL qaytmoqda. Bu qanday bo‘ladi?

Sport 11:39 / 17.06.2020 18078

30 yil kutilgan sovrin

«Qizillar»ning chempionligi faqat vaqt masalasi, mersisaydliklar qolgan 9 o‘yinda kerakli 6 ochkoni olishiga hech kim shubha qilmaydi. Ammo pandemiya tufayli, «Liverpul» 30 yillik kutilgan katta voqeani ko‘ngildagidek nishonlay olmasligi vaziyatga soya solib turibdi, xolos. Yurgen Kloppning aytishicha, muhimi sovrinni qo‘lga kiritish va agar vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarsa, hatto yil oxirida ham bayram tantanalarini tashkil qilish rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, «Liverpul» APL tarixidagi chempionlar ichida bir qator ko‘rsatkichlar bilan rekordlar qo‘yishi mumkin. Masalan, 2017/18 yilgi mavsumda «Manchester Siti» 100 ochko jamg‘arib, APL rekordini o‘rnatgandi. Hozirda 82 ochkoga ega bo‘lib turgan liverpulliklar nazariy tomondan ko‘proq ochko jamg‘arish imkoniyatiga ega bo‘lib turibdi. Shuningdek, o‘shanda «Siti» 2-o‘rindagi jamoadan 19 ochko ko‘p jamg‘argandi. Bir o‘yin ko‘proq o‘ynagan holda, ta'qibchisidan 25 ochko ilgarilab ketgan «Liverpul» bu rekordni ham o‘ziniki qilishi mumkin. Bundan tashqari, agar keyingi 2 turda «Liverpul» g‘alaba qozonsa, mavsum yakuniga 7 tur qolganida APL chempioniga aylanishi mumkin. Bu borada rekord Manchester klublariga tegishli – ikki klub ham rekord natijasini mavsum yakuniga 5 tur qolganida qayd etgan.

Qizig‘i, «Liverpul» rasman mart oyida chempionlikni nishonlashi mumkin edi va eng erta aniqlangan g‘olib sifatida tarixga kirishi ehtimoli katta edi. Endi esa, «Liverpul» APLning eng kechki chempioniga aylanadi.

Darvoqe, «Liverpul» «Everton» va «Kristal Pelas» klublariga qarshi o‘yinlardan so‘ng, «Etihad» stadioniga safar qiladi. Agar Klopp shogirdlari yuqoridagi ikki o‘yinda g‘alaba qozonsa, yoki «Manchester Siti» ham ochko yo‘qotadigan bo‘lsa, «Etihad»dagi o‘yinga chempion sifatida tashrif buyuradi. «Shaharliklar» shunday holat bo‘lganda raqib uchun «chempionlik yo‘lagi» tashkil qilib berishlarini ma'lum qilishdi. 

Tomoshabinlarsiz

«Liverpul» stadioni. Foto AFP

Futbolni sog‘ingan muxlislar uchun Bundesliganing ertaroq boshlanishi yupanch bo‘lgandi, lekin bir qancha o‘tmay, ko‘ngil soviy boshladi - o‘yinlar oddiy mashg‘ulotlardek o‘tar, televizordagi futbol qandaydir avvalgi emotsiyalarni taqdim etmasdi. Nimayam qilardik, ko‘nishga majbur bo‘ldik.

Lekin o‘tgan hafta boshlangan La Liga aslida «tovarni chiroyliroq qilib uzatish» mumkinligini namoyish etib berdi. Tribunalarda muxlislarni ko‘rsatib turadigan alohida texnik dastur, tomoshabinga muxlislarning ovozini beradigan intershum, to‘g‘ri, haqiqiy bo‘lmasa-da, futbol jozibasini oshirdi. Bir paytlar EA Spors o‘z simulyatorlarida foydalanish uchun jonli futboldan ovozlarni olgan bo‘lsa, endi aksincha, futbolni jonlantirish uchun EA Spors’ga murojaat qilinmoqda.  

Har jabhada ilg‘orlikni namoyish qiladigan APL bu borada qanday yo‘l tutishi ham juda qiziq. O‘yinning kartinasiga va «mahsulot o‘raladigan qog‘oz»ga qattiq e'tibor beradigan inglizlar Germaniya emas, ko‘proq Ispaniya yo‘lidan borishlarini kutsa bo‘ladi. Tribunadagi muxlislar esa, maxsus dastur yordamida emas, karton muxlislar bilan to‘ldirilayotgani haqida ham xabarlar bor.

Shuningdek, ilk o‘yinda «Manchester Yunayted»ni qabul qiladigan «Tottenhem» stadionning o‘zida ham muxlislar ovozidan foydalanmoqchi ekani, Zoom dasturi orqali fanatlar «Tottenhem»ga yordam berishlari uchun sharoit yaratilayotgani haqida ham aytilmoqda. Ko‘ramiz.

Joze Mourino uchun imkoniyat

Bizni yana Chempionlar Ligasi o‘rinlari uchun qizg‘in kurash kutib turibdi va tanaffus aynan «Tottenhem»ga qo‘l kelsa ajab emas. Gap faqat uzoq muddatga safdan chiqqan Harri Keyn va Son Heun Minning qaytishida ham emas. Bu ham yaxshi, ammo bugungi sharoitda Joze o‘zini «baliqdek his qiladi».

U hech qachon dinamikasi yuqori bo‘lgan futbol namoyish qilishda usta bo‘lmagan - kamida so‘nggi yillarda. Esingizda bo‘lsa, «Manchester Yunayted» APLda o‘rtacha eng kam yuguradigan ko‘rsatkichni qayd etgandi. «Tottenhem» ham uning qo‘liga tushib, pressing qilishni unutib yuborgani ham ma'lum.

So‘nggi yillarda Mourino raqibning ustunliklarini yo‘qqa chiqarish emas, aksincha, raqibning kamchiliklaridan foydalanib qolishda muvaffaqiyat qozona boshladi. «MYu» bilan bir qator top-o‘yinlar, «Tottenhem» bilan «Liverpul» va «Siti» ustidan qozonilgan g‘alabalarni eslang...

Koronavirusdan keyin esa, darhol intensiv futbol boshlanib ketmaydi. Jamoalar sport formada emas, buning ustiga bugungi yig‘inlar ham biz o‘rganib qolgan yozgi mavsumoldi mashg‘ulotlardan farq qiladi. Ya'ni, jamoalarni jismonan kuchli, tezkor, yuqori sport formada ko‘rmaymiz boshida. Bu paytda jamoalar tarkibidagi saviyali futbolchilar ko‘p narsani hal qiladilar. Klass o‘z so‘zini aytadi va...

Va Mourinoning ustunligi - raqibning kamchiliklarini baholab, ulardan foydalangan holda natijaga erishish asosiy qurolga aylanadi. Kamchilik esa, hammada bo‘ladi, ayniqsa, bu sharoitda...

Fernandesh va Pogba

Ayniqsa, «Manchester Yunayted» muxlislari bu juftlikning maydondagi harakatlarini ko‘rishga oshiqayotganliklari shubhasiz.

Pogba - Manchesterning asosiy yulduzi, shu bilan birga muvaffaqiyatsizliklari timsoli bo‘lib keldi, go‘yoki futbolchining «Old Trafford»dagi kunlari sanoqli qolgandi. Ammo birgina Fernandeshning transferi vaziyatni o‘zgartirib yubordi, «Manchester Yunayted» Pogbasiz ham mazmunli, kreativ futbol namoyish etishni boshladi. Bu esa, ikki xil farazni o‘rtaga tashlamoqda - yo endi «Yunayted» Pogbani osonlik bilan qo‘yib yuboradi yoki jamoada paydo bo‘lgan ijobiy muhit fransiyalik futbolchining ketish haqidagi fikrlarini o‘zgartiradi. Buning ustiga, bugungi krizis sharoitida Pogba uchun katta pul taklif qiladigan klub topilmasligi ham mumkin.

Fernandesh «MYu»ga shu qadar moslashib ketdiki, barcha musobaqalarda atigi 9 o‘yinda maydonga tushib, 5tasida o‘yinning eng yaxshi futbolchisi deb topildi va jamoa futbolchilari ichida bu borada birinchi o‘ringa chiqib oldi. APLda atigi 5 o‘yinda qatnashganiga qaramay, VVS uni mavsumning ramziy terma jamoasiga kiritdi - tarkibda «Liverpul»ning 7 nafar futbolchisi joy olganiga e'tibor berilsa, bu katta e'tirof.

Xullas, mana shu ikki kuchning birlashishi yozning eng qiziq intrigalaridan biri va balki «Manchester Yunayted»ning keyingi mavsumdagi strategiyasini ham belgilab beradi.

Quyida nima gaplar?

Ligada o‘z o‘rnini saqlab qolish uchun kurash ham qizg‘in kechishi kutilyapti. «Norvich» biroz orqada, qolgan ikki omadsiz o‘rin esa, 5 jamoaga xavf solib turibdi. Bu jamoalar ichida aslida yevrokuboklar uchun kurashishni maqsad qiladigan va shunga mos tarkib yiqqan «Vest Hem» va «Uotford»larning borligi kurashni yanada qizitib yuborsa kerak. Shuningdek, «Brayton», «Bornmut» va «Aston Villa» ham shu guruhda: 15-o‘rindagi «Brayton»ni 18-o‘rindan atigi 2 ochko ajratib turibdi, xolos.

Qizig‘i, sanab o‘tilgan 5 jamoa o‘rtasidagi o‘zaro o‘yinlar deyarli yo‘q, ya'ni kurash asosan sirtdan kechadi. Mavsum oxirigacha, faqat so‘nggi turlarda «Vest Hem» «Uotford» va «Aston Villa» bilan ro‘baru keladi, xolos. Aynan o‘sha o‘yinlar ham vaziyatni hal qilishi ehtimoli katta. 

Yana rekordlar

APLning davom ettirilishi bizga yana bir qator e'tiborli rekordlarni taqdim etishi kutilmoqda.

- Kevin De Bryuyne bir mavsumdagi assistlar bo‘yicha Terri Anrining ko‘rsatkichidan o‘zib ketishi mumkin. Fransiyalik hujumchi 17 yil oldin bir mavsumda 20 marta golli uzatmani amalga oshirgandi. Kevinda hozircha 16ta va qolgan 9 turda bemalol yaxshiroq natijaga erishishi mumkin.

- «Arsenal» va «Vulverhempton» shu kungacha 13tadan durang qayd etishgan va agar qolgan turlarda yana 5tadan durang hisobga erishilsa, «Nyukasl», «Aston Villa» va «Sanderlend» klublariga tegishli bo‘lgan rekord yangilanadi . Bu jamoalar o‘z vaqtida bir mavsumda 17 o‘yinni g‘olibsiz yakunlashgan.  

- «Norvich» ushbu mavsumda safar o‘yinlarida juda yomon o‘yin ko‘rsatmoqda va «Karrou Roud» tashqarisidagi 15 o‘yinda atigi 6 gol urishgan. Agar keyingi 4ta safar o‘yinida ham shunday o‘ynashda davom etilsa, «Midlsbro», «Sauthempton», «Sheffild» va «Derbi»ning rekordi yangilanadi. Bu jamoalar safarda 8 gol bilan kifoyalangan edi. Raqiblar anoyi emas - «Arsenal», «Chelsi», «Manchester Siti» va «Uotford».

- O‘tgan mavsumda «Liverpul» himoyachisi Trent Aleksander-Arnold himoyachilar ichida assistlar bo‘yicha rekord o‘rnatgandi - 12. Futbolchi o‘z rekordini yangilash yo‘lida bormoqda va allaqachon yana shuncha assistni bajardi. Keyingi bir golli uzatma yangi rekord deganidir.

Taqvim
Angliyada bugun, 17 iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 22:00da «Aston Villa» - «Sheffild» o‘yini bilan chempionat tiklanadi. Kechroq, 18 iyunga o‘tar kechasi, soat 00:15da esa, «Manchester Siti» «Arsenal»ni qabul qiladi. Bu ikki o‘yin qoldirilgan uchrashuvlar bo‘lib, juma oqshomida ikki uchrashuv bilan to‘laqonli turga start beriladi.

  • NORVICh - SAUTHEMPTON (19 iyun, 22:00)
  • TOTTeNHEM - MANCheSTeR YuNAYTeD (20 iyunga o‘tar kechasi, 00:15)
  • UOTFORD - LeSTeR (20 iyun, 16:30)
  • BRAYTON - ARSeNAL (20 iyun, 19:00)
  • VeST HEM - VURVeRHEMPTON (20 iyun, 21:30)
  • BORNMUT - KRISTAL PELAS (20 iyun, 23:45)
  • NYuKASL - SheFFILD YuNAYTeD (21 iyun, 18:00)
  • ASTON VILLA - CheLSI (21 iyun, 20:15)
  • EVeRTON - LIVeRPUL (21 iyun, 23:00)
  • MANCheSTeR SITI - BYoRNLI (21 iyun, 23:55)

Shuningdek, Angliya kubogi musobaqalari ham chorak finalda to‘xtab qolgandi. 27-28 iyun kunlari ushbu sovrin uchun ham APLning 8 jamoasi kurashni davom ettiradi. Ilk kunda «Norvich» o‘z maydonida «Manchester Yunayted»ni qabul qilsa, ertasiga «Sheffild» - «Arsenal», «Lester» - «Chelsi», «Nyukasl» - «Manchester Siti» juftliklari yarim final uchun bahsga kirishadi. Yarim final o‘yinlari sanasi ma'lum emas.

Q.Aslanov tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: