Qarshidagi qarama-qarshilik, Jizzaxda 21 yil avvalgi voqea takrorlandi. «Nasaf» peshqadamga aylangan Superliga 4-tur sarhisobi

Sport 12:30 / 16.06.2020 7464

Tur o‘yini: Qarshidagi qarama-qarshilik

Hech shubhasiz, turning markaziy o‘yini Qarshidagi «Markaziy» stadionda o‘tkazildi. Moliyaviy jihatdan tobora tenglashayotgan «Nasaf» va «Navbahor» jamoalari o‘yinida ham tenglik kuzatildi. Ro‘ziqul Berdiyev va Andrey Kanchelskis boshqaruvidagi klublar o‘rtasidagi to‘qnashuvning dastlabki 9 daqiqasidayoq mehmonlar gol urishga, bosh hakam Sherzod Qosimov ikki tomon darvozasiga 11 metrlik jarima to‘pi belgilashga, Eshmurodov va Turg‘unboyev esa bu vaziyatlardan foydalana olmay, darvozabonlarning qahramonlik ko‘rsatishiga sababchi bo‘lishdi. Bobir Abduxoliqov 2-bo‘limda muvozanatni tiklagan bo‘lsa, zaxiradan maydonga tushgan Zabihillo O‘rinboyev mehmonlarni yana oldinga olib chiqdi. Oxirgi so‘zni Marko Stanoyevich «aytib», o‘z goli bilan tomonlarning durangga imzo chekishlariga sabab bo‘ldi. Ikki tomon ham niyatiga yetdi - «Nasaf» 10 ochko bilan peshqadamga aylandi, «Navbahor» ketma-ket uchinchi yil Qarshidan ochko bilan qaytdi.

Tur voqeasi: Karantindagi futbol

Avvaldan belgilanganidek Superliga 4-tur uchrashuvlari PFL tomonidan joriy qilingan qat'iy ehtiyot chora va talablari asosida o‘tkazildi. O‘yinlar oldidan stadiondan tortib to‘plargacha dezinfeksiya qilingan bo‘lsa, o‘yin oldidan futbolchilarning salomlashishi, murabbiylarning yonma-yon o‘tirishi, golni birgalikda nishonlamaslik va yana bir qator taqiqlarga amal qilindi. Shuningdek, futbolchilar o‘yin oldidan jamoaviy emas, tarqoq holda suratga tushishdi.

Tur sensatsiyasi: Chempion 13-o‘rindagi jamoaga mag‘lub bo‘ldi

Turning yana bir e'tiborli o‘yinlaridan biri Jizzaxda kuzatildi. Amaldagi chempion, turnir jadvali peshqadami «Paxtakor» bu turgacha 13-o‘rinda borayotgan «So‘g‘diyona»ga mag‘lub bo‘ldi. Ulug‘bek Baqoyev shogirdlari maydonning har bir qarich yeri uchun kurashib, yakunda Shota Arveladze jamoasini ilk mag‘lubiyatni tan olishga majbur qilishdi. Dastlab Jasur Hasanovga nisbatan ishlatilgan qo‘pollik uchun belgilangan penaltidan Shohruz Norxonov foydalana olmagan bo‘lsa, ko‘p o‘tmay yana Hasanovning uzatmasidan keyin u bu safar Sanjar Quvvatovni dog‘da qoldira oldi. O‘yin yakuniga qadar mehmonlardan Jaloliddin Masharipovga nisbatan ishlatilgan qo‘pollik uchun bosh hakam Temur To‘xtasinov penalti belgilamaslikni lozim topdi. Yakunda Jizzax klubi mavsumdagi ilk g‘alabasini tantana qildi. E'tiborlisi, «So‘g‘diyona» 21 yil o‘tib «Paxtakor»ni Jizzaxda mag‘lub eta oldi.

Tur qahramoni: Doniyor Narzullayev «Loko»ni «relsi»dan chiqarib yubordi

Tur sensatsiyasiga yana bir da'vogar o‘yin Toshkentda «Lokomotiv» va «Metallurg» o‘rtasida kechdi. Tur doirasidagi so‘nggi bahs hech kim kutmagan natija bilan yakunlandi. «Metallurg» safarda «Loko» ustidan yirik – 3:0 hisobida zafar quchdi. Shu kuni mehmonlar tarkibida yarimhimoyachi Doniyor Narzullayevni to‘xtatib bo‘lmadi. O‘tgan yil Ro‘ziqul Berdiyevga kuyov bo‘lib, kutilmaganda «Nasaf»ni tark etgan Narzullayev «Metallurg»ning uchta goliga ham assistentlik qildi. Ushbu g‘alaba bilan Bekobod jamoasi o‘z tarixida ilk marta «Lokomotiv»ni Toshkentda taslim eta oldi.

Tur faktlari:

- «So‘g‘diyona» 21 yil o‘tib «Paxtakor»ni mag‘lub etdi. Jizzax jamoasi so‘nggi marta bu klubni 1999 yilda Jizzaxda taslim qila olgandi.

- OKMK klubi 11 yil o‘tib, «Qizilqum»ni Navoiyda mag‘lub etib qaytdi. Bungacha Olmaliq jamoasi so‘nggi marta 2009 yilda Navoiydan g‘alaba bilan qaytgan.

- «Navbahor» so‘nggi uch mavsumdan buyon Qarshida mag‘lub bo‘lmadi: ikki durang va bir g‘alaba.

- «Metallurg» o‘z tarixida ilk bor «Lokomotiv»ni poytaxtda mag‘lub etdi.

Tur e'tirofi: Rasul Yo‘ldoshev

Vadim Abramov qo‘l ostidagi «Bunyodkor» «Qo‘qon-1912» jamoasi ustidan qiyin g‘alabaga erishdi. Dilshod Ahmadaliyevning uzatmasini qaytarmoqchi bo‘lgan Bobur Akbarov o‘z darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi. Ushbu bahsda «qaldirg‘ochlar» safida 19 yoshli Rasul Yo‘ldoshev ilk marta 90 daqiqa to‘p surdi. Yarimhimoyachi Abramovning ishonchiga yarasha o‘yin namoyish etib, maydon markazidagi ustunlikni ta'minlay oldi. Yosh iqtidorning o‘yini e'tirofga loyiq.

Turning eng chiroyli goli: Shahzoddan superzarba

Haftaning eng chiroyli goli «Lokomotiv» - «Metallurg» (0:3) uchrashuvida kiritildi. Bekobod jamoasining o‘yindagi ikkinchi goli Shahzod Ubaydullayev nomiga yozildi. 66-daqiqada Doniyor Narzullayev tomonidan o‘ng qanotdan uzatilgan to‘pni «Metallurg»ning 22 yoshli hujumchisi akrobatik usulda Ignatiy Nesterov darvozasiga joylab qo‘ydi. Nafaqat tur balki mavsumning bezagiga aylangan mukammal ijro bo‘ldi.

 

Tur iqtiboslari: «Barchangizdan ming bor uzr so‘rayman»

«Paxtakor» bosh murabbiyi Shota Arveladze Jizzaxdagi mag‘lubiyatdan keyin: «Chempionatning to‘xtab qolgani yomon bo‘ldi. Juda sekin o‘ynadik, sur'atni oshirmadik. Uch vaziyatda penalti tepishimiz mumkin edi»

«Lokomotiv» bosh murabbiyi Andrey Fyodorov 0:3 hisobli mag‘lubiyatdan keyin: «Hisob 0:0 bo‘lib turgan paytda biz gol urib olishimiz kerak edi»

«Buxoro» murabbiyi Mirislom Hasanov «Andijon» bilan 2:2dan keyin: «Uch oydan keyin birinchi bor futbol o‘ynadik. Ikki marta ham yo‘q joydan darvozamizga o‘zimiz penalti olib keldik»

«Navbahor» bosh murabbiyi Andrey Kanchelskis «Nasaf» bilan 2:2dan keyin: «Penaltini Aziz Turg‘unboyev emas, doimgidek Azim Ahmedov tepishi kerak edi. Ammo u zarba berishni istadi va adashdi. Ahmedov esa gol urgan bo‘lardi va hisob 2:0ga aylanardi. Azizning nega bunday qilganligini albatta so‘rayman»

«Qo‘qon-1912» jamoasi himoyachisi Bobur Akbarov avtogoldan keyin: «Barchangizdan ming bor uzr so‘rayman. Jamoamiz bugungi o‘yinda yutishini va 3 ochkoni qo‘lga kiritishimizni juda ham xohlagandim».

Tur ramziy jamoasi:

Superliga 4-turi yakunlariga ko‘ra, quyidagi futbolchilar Tribuna.uz talqiniga binoan tur ramziy jamoasidan o‘rin olishdi.

Darvozabon: Aleksandr Lobanov (Metallurg)

Himoyachilar: Dilshod Ahmadaliyev (Bunyodkor), Sardor Qulmatov (So‘g‘diyona), Mirzohid G‘ofurov (Navbahor)

Yarimhimoyachilar: Marko Stanoyevich (Nasaf), Jamshid Hasanov (Andijon), Doniyor Narzullayev (Metallurg), Elguja Grigalashvili (OKMK), Jasur Hasanov (So‘g‘diyona)

Hujumchi: Shohruz Norxonov (So‘g‘diyona), Shahzod Ubaydullayev (Metallurg)

Ramziy jamoa:

Superliga 4-turidan keyingi turnir jadvali: 

Ko‘proq yangiliklar: