Yaponiya Olimpiadani ortiqcha dabdabasiz o‘tkazishga qaror qildi 

Sport 09:03 / 11.06.2020 3782

“Biz xarajatlarni qisqartirish va virus tarqalishi oldini olish maqsadida  O‘yinlar o‘tkazilishi formatini soddalashtirishga qaratilgan siyosatni tasdiqladik”, deb aytilgan Olimpiada tashkiliy qo‘mitasi bayonotida.

Musobaqalar uchta asosiy tamoyil – xavfsiz vaziyat, xarajatlarni minimallashtirish va O‘yinlar o‘tkazilishi formatini soddalashtirish asosida o‘tkaziladi.

Avvalroq Olimpiada ochilishi va yopilishi ishtirokchilari soni kamaytirilishi hamda stadionlarda tomoshabinlar soniga cheklov kiritilishi mumkinligi ma'lum qilingandi. Shuningdek, Yaponiya nafaqat sportchilar va jamoalar a'zolarini, balki muxlislarni ham koronavirusga majburiy tekshirishni o‘tkazish hamda sportchilarning Olimpiya qishlog‘i tashqarisida harakatlanishini cheklash variantini ham ko‘rib chiqqan.

Olimpiada tashkiliy qo‘mitasi ijrochi direktori Tosiro Muto O‘yinlar “ortiqcha dabdabasiz” o‘tishini va ularning tashkillashtirilishi soddalashtirilishini ta'kidlab o‘tgan. Tashkiliy qo‘mita fikricha, bir yilga ko‘chirilgan O‘yinlar umumjahon birdamligi va tiklanish ramziga aylanishi kerak.

Mart oyida Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi pandemiya sababli Tokio Olimpiadasining 2020 yildan 2021 yilga ko‘chirilishini e'lon qilgandi. Yangi muddatlarga ko‘ra, musobaqalar 2021 yilning 23 iyulidan 8 avgustigacha bo‘lib o‘tadi.

Ko‘proq yangiliklar: