«Xizmat doirasidan tashqarida»gi qishloqlar. Internetsiz talabalar va kelajak haqida

Fan-texnika 08:25 / 07.06.2020 63685

AQShda xususiy korxonalar kosmosga odamlarni olib chiqayotgan bugungi kunda biz hamon qishloqlarimizni sifatli internet bilan ta'minlay olmaganimiz g‘alati holat. Ayniqsa oliy ta'lim muassasalari talabalari internet yo‘qligi haqida kuyunib gapirishi o‘ylashga undaydi. Axir u talaba va hozir ayni qandaydir yangilik qila oladigan davri. Bunday vaqtda yosh avlod oddiy saytdagi bir xabar qachon ochilarkan deb bir necha daqiqalab kutishi, qishloqdagi uyida turib Youtube’da video ko‘rishni faqatgina orzu qila olishi ularning kelajakdagi rejalariga qanday ta'sir qiladi?

Facebook, Google, Amazon kabi kompaniyalar oddiy startap loyihasi ko‘rinishida paydo bo‘lib, keyinchalik rivojlanib ketgan. Ularning asoschilarida o‘z loyihalarini amalga oshirish uchun qulay sharoit bo‘lgan. Aytaylik, 2000-yillar boshida Harvard universiteti yotoqxonasida internet bo‘lmaganda, Mark Tsukerberg Facebook’ni yaratmagan va bugun u bozor narxi 1 trillion dollardan oshgan ilk kompaniyaga aylanmagan bo‘lardi.

Yoki Jyeff Bezos internet tezligi ko‘ngildagidek bo‘lmay, uyida hadeb chiroq o‘chaversa, Amazon’ni yaratmagan va bugun dunyoning eng boy odamiga aylanmagan bo‘lardi. Ilon Mask ham sharoit bo‘lmaganida PayPal, Tesla, Space X kompaniyalariga asos sola olmagan, ular loyihaligicha qolib ketardi. Yosh avlodga sharoit yaratib berish deganda internet sifatini yaxshilashni esdan chiqarmaslik kerak. Qishloq joylarda ham. Axir bu imkonsiz ish emas.

Bir sayyoh bilan gaplashib qoldik va u qiziq gapni aytgandi: «Dunyoning turli telekanallarida sizning reklamangizni ko‘rdim, ular judda qimmat, lekin qanchalik naf berishini bilmayman. Siz jamoat joylarida, bekatlarda, sayyohlar ko‘p bo‘ladigan yerlarda, poyezdlarda, jamoat transportlarida internet o‘rnatib, uning sifatini yaxshilab qo‘ysangiz, sayyohlarning o‘zi O‘zbekistonni bepul reklama qiladi». Juda asosli gap. Bizda bekatlar, jamoat transportlarida internet bo‘lishi uyoqda tursin, mehmonxonalarda ham sifatli internet yo‘q. Har oy tarif bo‘yicha falon gigabayt internet va'da qiladigan mobil kompaniyalar ham qishloq joylarga sifatli internet yetkazib bera olishmayapti. Keling, gaplar isboti bilan bo‘lsin, murojaatlarni aynan keltirsak.

«Bizning qishloqda internet deyarli ishlamaydi. Onlayn darslarni o‘qituvchiga yuborish uchun kamida 2 soat vaqtimiz ketadi. Bizda internet antennasi ham, wi-fi ham o‘rnatilmagan. Tog‘ ichkarisidagi Ingichka qishlog‘ida yashaymiz. Biror kishi yordam bersa, savobga qolardi».

Samarqand viloyati, Bulung‘ur tumani, Ingichka qishlog‘idan

«Pop tumanidagi Oltin kon shaharchasida turaman. Uzmobile kompaniyasidan iltimos, bizning hududga ham antenna o‘rnatishsin. Qo‘shni qishlog‘imizda aloqa yaxshi, lekin bizga yetib kelmayapti. 3G’da ham, 2G’da ham internet sifati yaxshi emas».

Namangan viloyati, Pop tumani, Chodak qishlog‘idan

«Men Samarqand shahrida yashayman. OTM professoriman. Uzonline orqali talabalarimga onlayn darslarni o‘tib turgandim. Birdan aloqa uzildi va dars o‘tish ham to‘xtadi. 1086 va +998712007797 raqamlari bilan bir necha marta bog‘landim. Va'da berishadi, lekin ijrosi yo‘q».

Samarqand shahridan

Shu o‘rinda Uzonline haqida ikki og‘iz. Men ham uyda shu provayderdan foydalanaman. Aloqa sifati yaxshi. Ammo biror marta Uzonline operatori bilan bog‘lana olmaganman. Operatorga bog‘lanish uchun naq 30 daqiqa urindim, oxir-oqibat telefonning puli tugab o‘chib qoldi. Pul tashlab yana qo‘ng‘iroq qilganda, 50-navbatdasiz deyishdi. Bitta navbat yuqoriga ko‘tarilish uchun kamida ikki daqiqa vaqt ketdi. Bu esa operator bilan bog‘lanish uchun kamida 1,5 soat vaqt kerak degani. Odamlarning bekorchi vaqti bormi? Umuman, Uzonline’ning operatori bormikin?

Murojaatlar orasida internet provayderlarda ishlaydigan xodimlar ham bor. Mana ulardan biri.

«Men Uztelecom’da ishlayman. Karantin vaqtida tinim bilganimiz yo‘q. Har kuni qishloqlarga 1 kilometrdan ko‘proq internet kabelini o‘tkazyapmiz. Bu kabellarni Uztelecom o‘z hisobida o‘tkazmoqda. Shuncha ishlasak-da, saytingizda faqat «internet yo‘q», «tezlik yaxshimas», «monopoliya» degan maqolalarni o‘qiyman...».

Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanidan

«Men Samarqand davlat arxitektura va qurilish institutining 4-bosqichida o‘qiyman. Hududimizda internet tezligi pastligi sabab onlayn darslarga qatnashishda muammoga duch kelyapman. Wi-fi tarmog‘iga ulanish uchun mart oyida hududimizdagi tegishli idoralarga murojaat qildim, ammo haligacha ulab berishmadi. «Biz yetarlicha jihozlanmaganmiz», deyishdi. Ko‘chamizda 10ga yaqin menga o‘xshagan talaba bor. Yordam beringlar».

Samarqand viloyati, Jomboy tumani, Beruniy ko‘chasidan

«Qishlog‘imizga optik tolali internet zarur. Qishloq markazida o‘rnatilgan tarmoqdan tortib berish uchun 100, ba'zan 500 dollar so‘rashyapti. Atrofimizdagi barcha qishloqlarga optik tolali internet tortib bo‘lingan. Hududimizga qarashli Keles ATS tomonda pulsiz tortib bermaymiz, deyishyapti. Iltimos, shu muammoni saytingizda yoritib bering».

Toshkent viloyati, Toshkent tumani, Chuvalachi qishlog‘idan

«Qishloqlarda internet yaxshi ishlamasligi haqida ko‘p eshitamiz, onlayn darslar o‘tilishi munosabati bilan bu yanada yaqqol ko‘zga tashlanyapti. Ammo internet Toshkent shahrida ham talabga javob bermaydi. Masalan, Sergeli tumanidagi yangi qurilgan uy-joylar hududida ikki yildir-ki, birorta mobil aloqa operatorlari talabga javob bermaydi. O‘zim foydalanadigan Beeline operatoriga bir necha marta shu haqida fikr bildirdim, ammo natijasi bo‘lmayapti. Uyimizning bir xonasida internetga bir amallab ulanib bo‘lsa, narigi xonada umuman antenna chiqmaydi. Aloqa ham shunday. Bu murojaatim foyda beradimi yo‘qmi, bilmayman, shunchaki bildirib qo‘yay dedim-da...». 

Toshkent shahri, Sergeli tumanidan

«Murojaatim shundan iboratki, bizning qishloqda Beeline aloqa operatorining antennasi bor, u 2G tizimida ishlaydi. Bizga internet tizimining 3G yoki 4G apparatini o‘rnatib berishda yordam qilishingizni so‘rayman. Tashkilotlarga ko‘p bor murojaat qildik, foydasi bo‘lmadi. Axir bizning ham shunday imkoniyatlardan foydalanishga haqqimiz bordir?».

Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani, Cho‘yanli qishlog‘idan

«Boshqa davlatlarda odamlar 5G internet ishlatayotgan vaqtda biz hatto 3G ishlata olmayapmiz. Boshqalardan nima kamimiz bor? Internet uchun pul to‘layapmiz, tekinga yoki qarzga ishlatayotganimiz yo‘q-ku?! Kompaniyaga telefon qildik, boramiz, deb kelishmadi. Kerakli joyga aloqaga chiqib, yordam qilinglar».

Xorazm viloyati, Shovot tumani, «Royat» mahallasi

«Qishlog‘imizda Ucell va Uzmobile antennalari o‘rnatilgan, lekin internet sifati juda past. Maktab o‘quvchilari onlayn darslarda yuborilgan 100 kilobaytlik rasmni ham zo‘rg‘a ochishadi. Internet sifati yaxshilansa, bizga ham, kompaniyadagilarga ham yaxshi bo‘lardi».

Amudaryo tumani, Xolimbek ovuli fuqarolar yig‘ini, «Uchyop Sog‘a» mahallasidan

«Bizning hududda internet yaxshi emas. Talabalar, o‘quvchilar onlayn darslarga qatnasha olishmadi. Beeline antennasi 1 km uzoqda joylashgan, lekin aloqa yaxshi emas. Wi-fi ham, boshqa mobil operator ham yo‘q».

Farg‘ona viloyati, Beshariq tumani, «Kapayangi» mahallasidan

«Onlayn darslarda qatnasha olmayapmiz. Ucell, Beeline, Uzmobile birortasining internet sifati yaxshi emas».

Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumani Buktaroy qishlog‘idan

«Mahallamiz markazida Ucell, Beeline, Uzmobile, UMS antennalari o‘rnatilgan, lekin birortasining internet sifati yaxshi emas. Ishlasa ham, kechasi 00:00dan keyin qotib-qotib ishlaydi. Bizda aholi ko‘p, buning ustiga sanatoriya bor. U yerga kelganlar ham internet yo‘qligidan nolishadi. Karantinda talabalar uyga qaytgan, ular ma'lumot olishda qiynalib, antenna qidirib tepaliklarga chiqib yurishibdi. Nahotki tezlikni oshiradigan 4G qurilmasini o‘rnatish shunchalik qiyin bo‘lsa? Bu borada surishtiruv o‘tkazinglar, iltimos».

Navoiy viloyati, Xatirchi tumani, «Oltinsoy» mahallasidan

Ko‘rib turganingizdek, murojaatlar mamlakatning to‘rt tomonidan kelgan. Hali bu murojaatlar internet sekin bo‘lsa ham ishlaydigan joylardan yuborilgan. Qancha-qancha xatlar internet ishlamay, kelmay qolgandir... Xullas, aytmoqchi bo‘lganimiz zamon bu qadar tez rivojlanayotgan bir vaqtda internet sifatini qishloqlarda ham yaxshilamasa bo‘lmaydi. Axir mamlakatning asosiy qismi qishloqlarda yashaydi. Internet ta'minotchilari uchun uzoq qishloqlarda aloqa sifatini yaxshilash foyda keltirmasa, balki ularga qandaydir yordam berish kerakdir?

Odamlarning axborotga bo‘lgan ehtiyoji qondirilmas ekan ulardan yangilik kutish qiyin. Yoshlar dunyoda nima bo‘layotganini, tengdoshlari nimalar bilan mashg‘ulligini internet orqali bilib borishi kerak. Bugun onlayn dars nima ekanini tushungan yoshlar ertaga dunyo oliygohlarining onlayn darslarini kuzatadi, bilim oladi, yangilik qiladi va nihoyat davlat uchun yaxshi kadrga aylanadi. Bunday ikoniyatni qo‘ldan chiqarmaslik kerak. Axir qanchadan qancha o‘zbekistonlik yoshlar yaxshi sharoit qidirib boshqa mamlakatlarda o‘qimoqda...

O‘tkir Jalolxonov

Ko‘proq yangiliklar: