Bitiruvchilari oliy ta'limga kam kirgan tuman mutasaddilariga chora ko‘riladi – Shermatov

Jamiyat 15:01 / 07.06.2020 19094

Xalqaro press-klubning Farg‘ona viloyatidagi sayyor sessiyasida chiqish qilgan Sherzod Shermatovning so‘zlariga ko‘ra, maktablar faoliyatini ikki qismga bo‘lish mumkin – oliy ta'limga tayyorlov va kasbga yo‘naltirish.

«Birinchi yo‘nalishdagi faoliyat – oliy ta'limga, universitetga tayyorlash. Qaysi tumanda maktab bitiruvchilarining oliy ta'limga kirish darajasi past bo‘lsa, demak, o‘sha tuman boshqarmasi yaxshi ishlamagan, ularga nisbatan chora ko‘riladi. Keyingi yildan boshlab ta'lim boshqarmalari mehnat faoliyati samaradorligini baholashning asosiy yo‘nalishi shu bo‘ladi.

Farg‘onaning o‘zida 942ta maktab bo‘lsa, 100taga yaqinidan bironta bitiruvchi oliy ta'limga kirmagan. Buning natijasida qator muammolar kelib chiqadi – mahallada oliy ma'lumotli odam bo‘lmaydi, eng oddiy mutaxassislar ham yetishmaydi. Shu bois bitiruvchilari oliy ta'limga kirmagan maktab direktoriga, shu tuman boshqarmasiga chora ko‘riladi. Bitta ham bitiruvchisi universitetga kira olmasligi mumkin emas.

Foto: Xalqaro press-klub

Ikkinchi yo‘nalishdagi faoliyat haqida. Bitiruvchilarning 20 foizi institutga kirsa, 20 foizi kasb-hunar maktablariga borsa, qolgan 50-60 foizi-chi?

7-sinfdan boshlab proforiyentatsiya – kasbga yo‘naltirish jarayoni boshlanishi kerak. O‘quvchi qaysi yo‘nalishni tanlaydi? Oliy ta'lim bo‘lsa, universitetga tayyorlanadi, o‘ziga qiziq bo‘lgan sohaga kerakli fanlar chuqurlashtirib o‘qitiladigan dastur bilan shug‘ullanadi.

Qaysi kasblar borligini ham maktablarda o‘qitmas ekanmiz. O‘quvchilar qaysi kasblar borligini bilmaydi.

Hamma sektor rahbarlariga asosiy vazifa qilib qo‘yildi – o‘quvchi 10-sinfni bitirib, yozgi ta'tilga chiqqanida sektor rahbarlari ularni kimgadir shogirdlikka, qaysidir yo‘nalishga ishga qo‘yadi. Maktabni bitirayotganda kasbga moslashib, pul topishni o‘rganib chiqadi. Biron jinoyatchilikka, noqonuniy harakatga, xorijda qiynalib, kam maoshli ishga ketishiga hojat qolmaydi», deya Shermatovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: