“Toshshahartransxizmat” haydovchilarga qo‘ygan “plan” bekor qilinadi. Endi poygalar to‘xtaydimi?

O‘zbekiston 00:10 / 06.06.2020 19953

Bundan qariyb bir yil muqaddam “Toshshahartransxizmat” AJ matbuot xizmati rahbari Ravshan Yoqubjonov haydovchilarni kunlik to‘lov bo‘yicha belgilangan rejani topshirishdan ozod qilish rejalashtirilayotganini bildirgandi. Soha xodimlari va yo‘lovchilar manfaatlari ko‘zlangan islohotlar sababmi yoki karantin tufayli ana shu reja nihoyat amalga oshmoqda.

8 iyundan boshlab “qizil” hududlardan tashqari hududlarda jamoat transporti, xususan avtobuslar harakatiga ruxsat berilmoqda. Eng ko‘p jamoat transportini jamlagan “Toshshahartransxizmat” tarqatayotgan ishga taklif qiluvchi e'lonlarda bundan buyon haydovchilar uchun kunlik reja tushumi bekor qilingani bildirilgan.

Shuningdek, jamiyat haydovchilar nafaqat “plan” tashvishidan qutulishlari, balki 15 kunlik ish uchun haydovchilarga 3 mln so‘m, chiptachilarga esa 1 mln 800 ming so‘m va undan yuqori maosh berilishini va'da qilgan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, 22 martdan buyon to‘xtab qolgan jamoat transporti endi qat'iy jadval asosida harakatlanishi, haydovchilarning ishga vaqtida kelishlari jiddiy nazorat qilinadi. Shuningdek, avtobuslar birinchi va oxirgi bekatlarda to‘liq dezinfeksiya qilinadi, ularda ishlovchi xodimlar ham ish jarayonida faqat niqob va qo‘lqoplarda bo‘lishadi.

Azaldan ma'lumki, poytaxtda harakatlanuvchi avtobuslar haydovchilari ko‘proq yo‘lovchi olish va tushumni ko‘paytirish uchun hamisha bir-birlari bilan poyga o‘ynab kelishgan. “Plan”ning bekor qilinishi ortida yo‘lovchilarni norozi qiladigan bu odatga ham chek qo‘yilishi kutilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: