Sardobadagi suv omborida ehtimoliy halokat oqibatlari oldindan modellashtirilishi kerak edi – ekspert

O‘zbekiston 22:58 / 06.06.2020 17489

– «Sardoba» fojiasi ro‘y berganiga ham bir oydan oshdi. Hodisa yuzasidan jinoyat ishi ochildi. Mazkur ishga aloqador bo‘lgan ikki kishi allaqachon hibsga ham olindi. Tergov jarayoni davom etmoqda.

Fojia sabablari hukumat tomonidan tuzilgan maxsus komissiya tomonidan ham o‘rganilmoqda. O‘zingizning ta'biringiz bilan aytganda, masalaning bu tarafini mutasaddilarga qo‘yib beraylik-da, siz bilan fojiani yuzaga keltirgan omillar haqida gaplashsak.

Kun.uz’da e'lon qilingan maqolangizda suv omboridagi falokatga loyihalash jarayonidagi xatolar sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini bayon qilgansiz. Ammo biz suhbatlashgan mutaxassislar loyihalarda, odatda, hisob-kitoblar ortig‘i bilan ko‘zda tutilishi, fojiaga katta ehtimol bilan qurilishdagi xatolar sabab bo‘lganini aytishdi. Bu fikrga qo‘shilasizmi? Falokat loyihalash chog‘idagi xatolar tufayli sodir bo‘lgani mutaxassis sifatidagi taxminingizmi yoki qo‘lingizda bu borada qandaydir ma'lumotlar bormi?

Albatta, men O‘zbekistondagi har bir mutaxassis fikrini hurmat qilaman. Balki ular loyiha jarayonida xatoliklar bo‘lmasligini aytishganida qo‘llarida shunga yarasha ma'lumot, asos bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ularning fikriga qarshi chiqmoqchi emasman. Biroq o‘z tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, loyihalash davri juda murakkab jarayon hisoblanadi.

Kanadada bo‘lganim uchun dunyodagi juda mashhur, nomdor injyenering-konsalting firmalari bilan hamkorlik qilaman. Ular shu darajada mashhurki, boshqa ko‘p davlatlarda o‘z ofislariga ega. Shunday bo‘lsa-da, ular tayyorlagan loyihaning sifatini, standartlarga mos kelishini kimdir tekshirishi kerak. Men shunday ish bilan shug‘ullanaman. Bunday firmalar loyihaning birinchi xomaki varianti tayyor bo‘lgach, bizga yuborishadi. Hatto o‘sha nomdor injyenering kompaniyalarining ham ishida o‘nlab, ba'zida undan ham ko‘p xatolar topiladi. Biz esa xatolarni sharhlagan holda ularga qaytaramiz. Firmalar ular ustida ishlashga, kamchiliklarini to‘g‘rilashga yana kamida 3-4 oy vaqt sarflaydi. 

Shundan so‘ng qayta ishlangan variantni yuborishgach, biz yana sinchkovlik bilan uni o‘rganib chiqamiz. Bitta loyiha 5-6 marta o‘zaro telefon va video hamda jonli muloqot orqali muhokama qilinadi. Men O‘zbekistonda loyihalarni kim tekshirishini, nazorat qilishini aniq bilmaganim uchun loyihalashda xato bor degan taxminga keldim va o‘z fikrimda qolaman.

Sharofiddin Qaraboyev

O‘zi dunyoda suv omborlari qanday quriladi? Maqolangizda qurilish uchun noto‘g‘ri joy tanlangan bo‘lishi mumkinligi, joy relefi va boshqa jihatlar hisobga olinishi zarurligi haqida aytgansiz.  Rostdan ham halokat ro‘y berganda suvning qayerga qarab oqishi, kelib chiqishi mumkin bo‘lgan zarar ko‘lami hisoblanadimi? Masalan, «Sardoba» suv omborining qurilishi 2012 yilda boshlangan bo‘lsa, unda halokat ro‘y berganda suvning Aydarko‘lga yoki Qozog‘iston tarafga qarab oqishi hisob-kitob qilinishi kerak edimi?

Suv ombori har bir davlat uchun strategik obekt hisoblanadi. Hukumat bunday inshoot xalqimiz va hukumatimiz uchun, iqtisodiyotimiz rivojlanishi uchun muhim obekt bo‘ladi, degan tashabbus bilan chiqadi va shu asosda alohida ishchi guruh tuziladi.

Uning tarkibiga yetuk olimlar, universtitetda dars beradigan professorlar va boshqa soha vakillari kiritiladi. Bu ishchi guruhning oldida, avvalo, qurilish uchun qulay, xavfsiz, hamma talablarga javob beradigan joy tanlash vazifasi turadi. Odatda, bu jarayon Kanadada 1-2 yil davom etadi. Men ham shunday ishchi guruhlar rahbari sifatida faoliyat ko‘rsatganim uchun bu borada tajribam yetarli.

Kanadada yashayotgan o‘zbek injyeneri — Sardoba fojiasi va qurilishdagi inqiroz haqida

Bu jarayonda OAVda ochiq ma'lumotlar berib boriladi, qurilish bo‘ladigan hududning kosmosdan olingan suratlari, aerosamolyot orqali olingan rasmlar yoki o‘sha hududning topografik kartalari olinadi. Bundan tashqari, belgilangan hududda qurilishni amalga oshirish uchun kerakli materiallar mavjudmi, agar «ha» bo‘lsa, ular qurilish hududidan qancha uzoqlikda joylashgani o‘rganiladi.

Agar halokat bo‘lsa, suvning qayerga qarab oqishi va kuzatilishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy zarar hisoblanadimi, degan savol ham berdingiz.

Albatta, bular hisoblab chiqiladi. Kanadada bu «risk-management» deb ataladi.

Ayni paytda biz texnologiyalar o‘ta rivojlangan davrda yashayapmiz. Masalan, ingliz tilida ishlab chiqilgan «Google Earth» dasturi mavjud. Bu dastur orqali Yer sharidagi istalgan joyning kosmosdan olingan suratini ko‘rish mumkin. Odatda, bu surat yassi ko‘rinishda bo‘ladi. Shuningdek, yerning 3D ko‘rinishida ham ma'lum hududning baland-pastligini, yer sathining relefini ko‘rish mumkin.

Hozir bunga o‘xshagan injyeneringga oid dasturlar juda ko‘p va Yer sharining istalgan joyini ko‘rish, dengiz sathidan qancha balandlikda ekanligini aniqlash mumkin. Bular bajarilgach esa faqat bitta ish qoladi: belgilangan hududga suvni kiritasiz. Kompyuterda modellashtirilgan tarzda suvning oqishini aniqlashtirish mumkin.

Masalan, o‘tgan yili Amerikada kuchli shamol bo‘lgan paytda okeanda suv sathi ko‘tarilishi xavfi mavjud bo‘lgan. Muxbirlardan biri esa qirg‘oqda turib reportaj tayyorlagan. Operatorlar esa kompyuter orqali agar muxbir turgan hududni 30 santimetr,  1 va 1,5 metr suv bosadigan bo‘lsa, qanday holat bo‘lishi mumkinligini jonli ravishda teletomoshabinlarga ko‘rsatib bergan. Bu ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi va shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.

Bunday holatlar oddiy odamlar uchun yangilik bo‘lishi mumkindir, lekin biz shunga o‘xshash dasturlardan ish tajribamiz davomida doimiy foydalanamiz.

Shuning uchun aytish mumkinki, suv ombori kabi strategik obektlarda, albatta, kerakli dasturlarni ishlatish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavfni oldindan hisob-kitob qilish shart.

To‘liq suhbatni Kun.uz’ning Youtube’dagi sahifasi orqali tomosha qilish mumkin.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi

Ko‘proq yangiliklar: