O‘zbekistonda xalqaro moliya institutlari va xorijiy banklarning puli hisobidan sport inshootlari barpo etiladi

O‘zbekiston 13:01 / 06.06.2020 2768

Vazirlar Mahkamasining “Xalqaro moliya institutlari va xorijiy banklarning kreditlari hisobidan respublika hududlarida jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Quyidagilar:

Jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarini barpo etish loyihalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika ishchi organi O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shaharlarda tadbirkorlik sub'yektlarining jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarini barpo etish loyihalarini o‘rganib chiqish va takliflar tayyorlash bo‘yicha hududiy ishchi organ Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari etib belgilanadi.

Jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarini barpo etishda xalqaro moliya institutlari va xorijiy banklar tomonidan ajratilayotgan kreditlardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bir oy muddatda respublika hududida jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarini bunyod etish loyihalarini aniqlab, loyihada ishtirok etuvchi tadbirkorlik sub'yektlariga yetkazish hududiy ishchi guruhlarga taqdim etadi.

Shuningdek, respublika hududida jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarini bunyod etishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yil 4 dekabr PF–5887-son Farmonida belgilangan Xalqaro Futbol Assotsiatsiyalari Federatsiyasi va Osiyo Futbol Konfederatsiyasi talablariga javob beradigan zamonaviy futbol maydonlarini barpo etilishini nazarda tutadi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda istiqbolli loyihalarning manzilli ro‘yxatini Vazirlar Mahkamasiga ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilayotgan istiqbolli loyihalarni aniqlashda, ularning iqtisodiy jihatdan samaradorligini nazarda tutgan holda tanlanishini ta'minlaydi.

Bunda, har bir tashabbuskor tomonidan loyihaning kamida 25 foizi miqdoridagi o‘z mablag‘lari bilan ishtiroki hamda tijorat banklarini qanoatlantiradigan miqdorda kredit ta'minoti mavjudligiga e'tibor qaratadi.

Kelgusida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda tijorat banklari tomonidan istiqbolli loyihalarning samaradorligi yuzasidan nazorat o‘rnatiladi.

Jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarini barpo etish loyihalarini moliyalashtirishda ishtirok etadigan tijorat banklariga ushbu loyihalar uchun kreditlar ajratishda sport inshootlarining qurilishi davrida asosiy qarz bo‘yicha imtiyozli davr belgilash tartibini joriy etish tavsiya etiladi.

Ko‘proq yangiliklar: