Namangan shahri, Qarshi va Marhamat tumanlarida davlat organlariga yuridik xizmatlar ko‘rsatish markazlari tashkil etiladi

O‘zbekiston 12:15 / 06.06.2020 3593

Vazirlar Mahkamasining “Namangan shahar, Qarshi va Marhamat tuman adliya bo‘limlari huzurida eksperiment tariqasida Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmatlar ko‘rsatish markazlari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Namangan shahar, Qarshi va Marhamat tumanlarida davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmatlarining shtat birliklarini qisqartirish hisobiga, eksperiment tariqasida Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmatlar ko‘rsatish markazlari (Yuridik xizmatlar ko‘rsatish markazlari) tashkil etiladi.

Belgilab qo‘yilishicha, Yuridik xizmatlar ko‘rsatish markazlari:

yuridik shaxs hisoblanmaydi va tuman (shahar) adliya bo‘limlarining tarkibidagi bo‘linma sifatida faoliyat yuritadi va bevosita viloyat adliya boshqarmalariga bo‘ysunadi;

Namangan shahrida 5 ta, Marhamat tumanida 4 ta, Qarshi tumanida 3 ta (1 ta markaz boshlig‘i va yetakchi yuriskonsult lavozimlaridan tashkil topadigan) shtat birliklaridan iborat bo‘ladi. Bunda mehnatga haq to‘lash razryadlari bo‘yicha markaz boshlig‘i lavozimi tuman (shahar) adliya bo‘limlarining bosh maslahatchisi, yetakchi yuriskonsult lavozimi yetakchi maslahatchisi lavozimlariga tenglashtiriladi;

xodimlariga tuman (shahar) adliya bo‘limlari xodimlari mehnatiga haq to‘lashning amaldagi shartlariga muvofiq tarif stavkalari belgilanadi, shuningdek, adliya organlari xodimlari uchun nazarda tutilgan martaba darajalari va ko‘p yillik xizmatlari uchun ustama haq miqdorlari tatbiq etiladi;

ta'minoti uchun xarajatlarni moliyalashtirish davlat budjeti mablag‘lari, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

Yuridik xizmatlar ko‘rsatish markazlarining qonuniy faoliyatiga biron-bir tarzda aralashish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita noqonuniy ta'sir o‘tkazish qat'iyan taqiqlanadi va bunday harakat qonun hujjatlarida nazarda tutilgan javobgarlikka sabab bo‘ladi;

eksperimentni o‘tkazish davrida ko‘rsatilgan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan Yuridik xizmatlar ko‘rsatish markazi xodimi bilan kelishmasdan (vizasini olmasdan) qabul qilingan buyruqlari, farmoyishlari, shartnomalari va yuridik tusdagi boshqa hujjatlari haqiqiy emas deb hisoblanadi;

Yuridik xizmatlar ko‘rsatish markazlari xodimlari mansab majburiyatlarini bajarish chog‘ida yuridik xizmat ko‘rsatilayotgan davlat organlari va tashkilotlari bilan manfaatlar to‘qnashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan shaxsiy manfaatdorlikka yo‘l qo‘ymagan holda faoliyat olib boradilar;

tuman (shahar) davlat organlari va tashkilotlari bilan Yuridik xizmatlar ko‘rsatish markazlari o‘rtasida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va uni bartaraf etishga doir chora-tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi;

tuman (shahar) davlat organlari va tashkilotlari bilan Yuridik xizmatlar ko‘rsatish markazlari o‘rtasida munosabatlarda mazkur qaror talablarini bajarishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noaniqliklar, shuningdek ushbu qarorda nazarda tutilmagan masalalar adliya vazirining buyrug‘i bilan tartibga solinadi.

Adliya vazirligi tuman (shahar) darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining buyruqlari, farmoyishlari shartnomalari va yuridik tusdagi boshqa hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish, ularni Yuridik xizmatlar markazlari bilan kelishishning yagona elektron tizimini ishga tushiradi.

Ko‘proq yangiliklar: