JSTga kirish O‘zbekistonga nima beradi? - Siyosiy tahlilchi bilan suhbat

O‘zbekiston 19:17 / 06.06.2020 18669

O‘tgan haftada O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi «Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarorni qabul qildi. Ushbu qaror tasdiqlanishini O‘zbekiston tomonidan Jahon savdo tashkilotiga a'zolik yo‘lidagi navbatdagi qadam sifatida baholash mumkin.

Umuman, so‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonning ushbu tashkilotga a'zoligi borasida siyosatchilar, jurnalist va blogerlar hamda turli tahlilchilar tomonidan ko‘p gapirilmoqda. Xo‘sh, aslida bu qanday tashkilot, unga a'zo davlatlar qanday imkoniyat va majburiyatlarni oladi?

Kun.uz muxbiri Jahon savdo tashkiloti va O‘zbekistonning unga a'zoligi masalalari atrofidagi shu va boshqa savollar yuzasidan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov bilan intervyu uyushtirdi.

Kamoliddin Rabbimov

– Kamoliddin aka, Jahon savdo tashkiloti o‘zi qanday tashkilot va  nimalarni ko‘zda tutadi? Unga a'zo davlatlar qanday majburiyatlarni bo‘yniga oladi va qanday imkoniyatlarga ega bo‘ladi?

– Bu tashkilot 1995 yilda tashkil qilingan. Uning markaziy strategik vazifasi butun dunyo davlatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni tartibga solishdir. Dunyo davlatlari katta hajmda o‘zaro savdo-sotiq qiladi. Tashkilotning asosiy vazifasi mana shu savdo-sotiq munosabatlarini tartibga solish va shu tartibni tashkilot doirasida doimiy nazorat qilib borishdir. Aslida JST nazorat tashkiloti emas, unda o‘rnatilgan tartiblarni tashkilot doirasidagi bir qancha sud tizimlari va o‘zaro kelishuvlar asosida hal qilib borishga harakat qiladi. JSTning vazifasi davlatlar o‘rtasidagi savdo munosabatlarini tartibga solish, ular o‘rtasida tenglik o‘rnatish, rivojlanayotgan, iqtisodiyoti nisbatan zaif bo‘lgan davlatlarga qo‘shimcha imkoniyatlar berish ekanligi aytiladi. Lekin aslida vaziyat anchagina murakkab.

Davlatlarning haq-huquqlari teng ekanligi aytiladi, biroq ularning imkoniyatlari teng emas. Insonlarniki singari davlatlarning haq-huquqlari teng ekanligi xalqaro qonunchilikda aytiladi, lekin bu imkoniyatlardan qanday foydalanish davlatlarning umumiy resurslariga borib taqaladi. Dunyoning eng katta iqtisodiyot egalari – AQSh, G‘arbiy Yevropa davlatlari, Xitoy, Yaponiyaga o‘xshagan davlatlar shu singari tashkilotlardan unumli foydalana oladi, uning faoliyati o‘z manfaatlariga to‘g‘ri kelmaganida bu tashkilotning u yoki bu loyihalaridan chiqib turadi yoki qo‘shilmaydi yoki tanqid qiladigan holatlari ham bor. Bu murakkablik tomoni. Umuman olganda, dunyoning aksariyat davlatlari JSTga a'zo, faqatgina 3-5ta davlat unga a'zolik uchun ariza bermagan. Bular – Shimoliy Koreya, Turkmaniston, Eritreya kabi davlatlar. Taxminan 10-15ga yaqin davlatlar kuzatuvchi maqomida, ya'ni tashkilotga a'zo bo‘lish jarayonida turibdi, jumladan, O‘zbekiston ham.

– O‘zbekiston hukumati bu tashkilotga a'zolik uchun 1994 yilda ariza topshirgan, a'zolik harakatlari esa 1992 yildayoq boshlangan. Bugungi kunga kelib, tashkilotga 164dan ziyod davlat, jumladan, qo‘shnilarimiz Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston ham a'zo hisoblanadi. Nima uchun O‘zbekistonning bu tashkilotga a'zoligi cho‘zilib ketyapti?

– Bu a'zo bo‘lishni istagan davlatga ham bog‘liq, lekin umumiy o‘rta statistik olib qaraganda, har bir davlatning bu tashkilotga a'zo bo‘lish jarayoni o‘rtacha 7-8 yilni, ba'zi davlatlar uchun esa 10-15 yilni tashkil qilgan. O‘zbekistonning bu tashkilotga munosabatini ikki davrga bo‘lish kerak – Karimov davri va Mirziyoyev davri. Islom Karimov davrida bu tashkilotga a'zo bo‘lishni istash bor edi, lekin real kuchli, intensiv harakat mavjud emas edi. O‘zbekiston iqtisodiyoti izolyatsion holatda edi. Davlatchilik o‘z iqtisodiyotida proteksionizmni qo‘llab-quvvatlardi. Ya'ni o‘z ishlab chiqaruvchilarini kuchli himoya qilish va tashqaridan mahsulotlarning kirib kelishini kuchli filtr qilish. Bu proteksionizm siyosatidan bugun Shavkat Mirziyoyev davrida voz kechilyapti. O‘zbekiston oldiga bugun mutlaqo boshqa vazifalar qo‘yilyapti, deyishimiz mumkin. Keyingi paytda O‘zbekistonning JSTga nazar tashlashi davlatchilik va jamiyat oldida uchta manfaat qo‘yyapti, deb aytish mumkin.

Birinchisi, geoiqtisodiy va geosiyosiy manfaat. O‘zbekiston bugungi kunda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga kuzatuvchi maqomida qo‘shildi. Kuzatuvchilik maqomi odatda a'zolikka tayyorgarlik deb tushuniladi. Mana shu fonda davlatchilik va mahalliy ishlab chiqaruvchilar – biznes sektorining asosiy vazifasi YeOIIning monopoliyasiga tushib qolmaslik, ya'ni O‘zbekiston JSTga kirish orqali YeOIIni muvozanatga solish, jahon savdo iqtisodiyoti doirasidagi tartib-qoidalar doirasida YeOII qoidalari O‘zbekiston ustidan monopoliya o‘rnatmasin degan yondashuv mavjud. Ertaga O‘zbekiston YeOIIga kiradigan bo‘lsa, tarozining bir tomonida YeOII tartib-qoidalari, ikkinchi tomonida JST tartib-qoidalari ham vaziyatga ta'sir qilsin, degan yondashuv mavjud. Bu aslida to‘g‘ri.

Ikkinchisi, O‘zbekiston jamiyatini tashvishga solayotgan muammo - keyingi davrda, 20-25 yilda, balki mustaqillik davridan shu kunga qadar O‘zbekiston jamiyati ichkaridagi monopolistlardan juda katta aziyat chekdi. Bu avtomobil ishlab chiqarish bo‘lsin, mahsulotni chetga sotishda import-eksport logistikasi (Karimov davrida bor edi) hamma sohada O‘zbekiston monopolistlar qo‘lida edi. Bugun ham katta monopolistlar o‘z joyida turibdi. Transport sohasida, masalan, yagona aviakompaniya bor, yagona temiryo‘l shirkati monopolist. Istagan narxini o‘rnatadi, jamiyat, davlatchilik ular bilan samarali kurasha olmaydi. Bundan O‘zbekiston iqtisodiyoti aziyat chekyapti. Ikkinchi vazifa monopolistlarni biroz bo‘lsa-da tartibga solish, chunki JSTga a'zo bo‘lsak, ko‘pgina sohalarda xalqaro darajada erkin raqobatga borishga majbur bo‘lamiz, degan g‘oya bor. Lekin bu qanchalik ishlashi tashkilotga a'zo bo‘lish jarayonidagi kelishuvlarga ham bog‘liq.

– YeOIIga kuzatuvchi bo‘lib kirishimiz deyarli hal bo‘lib ulgurdi. Mana shu fonda JSTga a'zolik bo‘yicha harakatlarning intensivlashishi, sizningcha, nimani ifodalaydi?

– O‘zbekistonning JSTga a'zo bo‘lishini bugun AQSh, Janubiy Koreya va bir qancha davlatlar qo‘llab-quvvatladi. Ya'ni ular bugungi O‘zbekiston atrofidagi geoiqtisodiy va geosiyosiy vaziyatni juda ham yaxshi tushunyapti. O‘zbekiston davlatchiligi va O‘zbekiston jamiyati atrofidagi savdo-iqtisodiy vaziyatni O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tomonlar kelishuviga erishilganki, O‘zbekiston imkon qadar JSTga a'zo bo‘lishi kerak va u o‘zining xalqaro maydondagi, mintaqadagi iqtisodiy-savdo munosabatlarini differensatsiya qilishi kerak. Ya'ni o‘z manfaatlarini har xil savatlarga bo‘lishi kerak. Shu orqali Rossiya va YeOII O‘zbekistonga monopoliya bo‘lib qolmasligi kerak, degan yondashuv mavjud. O‘zbekiston davlatchiligi ham, hukumati ham bu borada intensiv ishlayapti. O‘zbekistonning JSTga a'zo bo‘lishi mamlakatning pirovard manfaatlariga bugun juda ham to‘g‘ri keladi.

– JST haqida so‘z yurita turib, YeOII haqida ham to‘xtalib o‘tyapsiz. Umuman, bu ikki tashkilot o‘rtasidagi farqlarni nimalarda ko‘rasiz?

– JST juda ham puxta o‘ylangan, juda katta hajmdagi kelishuv. Aytiladiki, davlatlar a'zo bo‘layotganda ikki tomonlama – JST va a'zo bo‘luvchi davlat o‘rtasidagi kelishuvlar hajmi 1000-1200 bet bo‘lgan ingliz tilidagi matnni tashkil qiladi. Ya'ni bu shunchalik detallashtirilgan kelishuvlarki, davlat majburiyatlari ayni paytda imkoniyatlarni ham oladi. JSTga a'zo bo‘lgan biron davlat shu paytgacha bu tashkilotdan chiqib ketgani yo‘q. Ba'zi davlatlarning iqtisodiyoti zaif bo‘lsa, ma'lum qiyinchiliklar tug‘iladi. Lekin ayni paytda ularning oladigan foydalari ham bor. Chunki JST bu – global platforma sanaladi, geosiyosiy, geoiqtisodiy loyiha emas. Va bu tashkilotning boshida tor doiradagi davlatlar manfaatlari turmaydi. Bu tashkilot AQShning ham, G‘arbiy Yevropaning ham manfaatlariga bog‘langan emas. Kuchli, o‘ziga ishongan iqtisodiyot egalari tezroq bu tashkilotga a'zo bo‘lishga harakat qiladi. Karimov davrida O‘zbekistonda proteksionizm yuritilgani uchun va Rossiya axborot oqimi bizga katta ta'sir qilgani uchun katta manfaat ko‘rmadi.

YeOII, mening nazarimda, geosiyosiy loyiha. Ya'ni Rossiyaning iqtisodiyot orqali geoiqtisodiy va bu orqali geosiyosiy qudratini parvarishlash yo‘li deb aytish mumkin. YeOIIdagi davlatlarning ulushiga qaraydigan bo‘lsangiz, uning 90 foizi Rossiyaga to‘g‘ri keladi. A'zo davlatlarning e'tirozi, u yerda har bitta davlat bitta ovoz degan tamoyil yaxshi ishlamayotganini ko‘ramiz. Yaqinda Putin ham taklif qildi – tashkilotning iqtisodiy ulushiga qarab yoki soliq to‘lovchi ulushiga qarab ovoz berish hal qilinishi kerak, degan narsani taklif qildi. Ya'ni bu Rossiya monopoliyasini anglatadi.

Rossiya bir tomondan bu tashkilot orqali o‘zining geosiyosiy qudratini va davlatlarning iqtisodiyotini o‘ziga bog‘lab qo‘yish orqali o‘zining geoiqtisodiy qudratini parvarishlash niyatida. Bu narsani hamma tushunib turibdi. Lekin ayni paytda O‘zbekiston uchun juda ham muhim hamkor ham Rossiya. Bu narsani ham inkor qilib bo‘lmaydi. O‘zbekistonning oldida murakkab yo‘l turibdi. Dollarda nominal hisoblaganda ikkinchi savdo hamkori Rossiya, birinchisi Xitoy Xalq Respublikasi. Lekin iqtisodiy, siyosiy, gumanitar, axborot – hamma sohani inobatga olganda, O‘zbekistonning birinchi siyosiy, geosiyosiy, geoiqtisodiy va madaniy hamkori baribir ham Rossiya. Chunki biz – Markaziy Osiyo davlatlari Rossiyaning axborot hududida o‘tiramiz va Rossiyada bugun millionlab markaziy osiyoliklar ishlaydi. Qozog‘istonning birinchi savdo-iqtisodiy hamkori – Rossiya. O‘zbekistonning ikkinchi savdo-iqtisodiy hamkori Rossiya, lekin biz Xitoyga gaz sotganligimiz va Xitoydan investitsiyalar olayotganimiz hisobiga Xitoy birinchi o‘rinda turibdi. Lekin aslida Rossiya bilan hamkorligimiz miqdori juda ham katta. Shuning uchun Rossiya bilan hamkorlikdan yuz o‘gira olmaymiz, hamkorlikni pastga tushirishdan manfaatdor emasmiz. Demak, yagona yo‘l – hamkorlikni muvozanatga solish. Muvozanatga solishning bir qancha yo‘nalishlari mavjud. Bu bir tomondan turkiy tilli davlatlar bilan hamkorlik, ikkinchi tomondan arab musulmon davlatlri bilan hamkorlik bo‘lishi mumkin. Shuningdek, JSTga a'zo bo‘lish orqali Rossiya bilan munosabatlarni tartibga solish, YeOII doirasidagi harakatlarni muvozanatga solish amalga oshishi mumkin.

– JSTga a'zolik o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, bu yerda a'zolar o‘ziga majburiyatlarni ham oladi. Tashkilotga a'zo bo‘lishda olinadigan majburiyatlarning biz uchun ijobiy va salbiy taraflari nimalardan iborat bo‘ladi?

– Bu davlatning iqtisodiy faolligiga, umumiy iqtisodiy qudratiga bog‘liq. Davlatlarning iqtisodiyoti gravitatsiyaga o‘xshaydi. Ba'zilarining tortish qobiliyati nihoyatda kuchli bo‘ladi, ba'zilariniki zaif bo‘lgani sababli davlatning ichidagi ishlab chiqaruvchi kuchlar zaiflashib borishi mumkin. Chunki JSTning asosiy tamoyili – erkin, ochiq, shaffof raqobat. Bu raqobat izolyatsionizmni, proteksionizmni inkor qiladi. Ya'ni O‘zbekiston eshiklar ochilishiga tayyor turishi kerak. Aslida O‘zbekiston bundan manfaatdor bo‘lishi kerak. Yaqinda monopoliyaga qarshi kurashni jadallashtirish bo‘yicha bayonotlar berildi va mamlakatda monopoliyalardan voz kechish davri kelayotgani eslatildi. O‘zbekiston iqtisodiyoti monopoliyaga asoslanadigan bo‘lsa, monopoliyalar tezda o‘zining tabiatini, raqobatbardoshligini oshirishi kerak. Davlatchilik ham xuddi shunday. Bir qancha risklar paydo bo‘ladi, lekin biz globallashuvga kirib keldik. Bundan keyin orolcha bo‘lib qolish, tashqi dunyodan ixotalanish imkonsiz. Qanchalik qiyinchilik bo‘lmasin, eshiklarni qanchalik tez ochsak va hamma sohalardagi ichki siyosatni to‘g‘ri tashkil qilsak, raqobatbardoshlikni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ysak, kadrlar tayyorlashni samarali yo‘lga qo‘yadigan bo‘lsak, O‘zbekistonning global siyosat va iqtisodiyotga tayyor bo‘lishini jadallashtirish mumkin bo‘ladi.

– JSTga a'zo bo‘lish jarayonlari qanday bosqichlardan iborat va O‘zbekiston hozir qaysi bosqichda deb hisoblaysiz?

– Umumiy nazariyaga ko‘ra, uchta bosqichdan iborat. Birinchisi, da'vogar davlat ariza berganidan keyin ichkaridagi qonunchilik va jarayonlarni tashkilot talablariga moslashtirib borish hisoblanadi. Bu ancha vaqtni talab qiladi. Ikkinchi bosqich, ikki tomon – tashkilot va da'vogar davlat o‘rtasida muzokaralarning boshlanishi. O‘zbekiston mana shu bosqich atrofida turibdi. Bu uzoq davom etadigan birinchi bosqich bosib o‘tilganligini ifodalaydi. Va da'vogar davlatning to‘g‘ridan-to‘g‘ri tashkilot bilan va tashkilotdagi davlatlar bilan muzokaralar boshlash davri bo‘ladi. Uchinchi bosqich – rasmiy kelishuvning imzolanishi. Ya'ni bu uzoq muddat talab etmaydi.

Birgina misolni aytishim mumkin. SSSR davrida shampan vinosi bo‘lardi. Hozir Rossiyada shampan vinosi chiqmaydi. Chunki Fransiya Shampan o‘zining hududi ekanligini, shampan o‘z mahsuloti ekanligini, faqatgina shu mintaqada chiqadigan vino shampan vinosi deyiladi, deb aytdi. Rossiya bu mahsulotni chiqarmasligi, bu brendni olib tashlashi kerak dedi. Rossiya bu brendni olib tashlashga majbur bo‘ldi. Xuddi shunday, O‘zbekiston bilan ham tomonlar o‘rtasida muzokaralar bo‘lishi mumkin – to‘g‘ridan-to‘g‘ri tashkilot bilan yoki tashkilot doirasida u yoki bu davlat bilan yashirincha. Hamma jarayonlar, ichkaridagi tortishuvlar hal bo‘lgandan keyin kelishuvga erishiladi. O‘zbekistondagi iqtisodchilarning kuzatuvlariga ko‘ra, JSTga a'zo bo‘lish 2-3 yil vaqt olishi mumkin.

— JSTga a'zolik masalasi juda oson hal bo‘lmaydi, oldinda juda murakkab bosqichlar turibdi. O‘zbekiston bu muzokaralarga qaysi prinsip asosida kirib boradi? O‘zbekiston tomoni tuziladigan kelishuvlarda ko‘proq nimalarga e'tibor berishi kerak?

– Buning detallarini to‘liq tasavvur qila olmayman. Bu yerda ikki xil yondashuv mavjud. JST dunyo davlatlari uyushmasi, ma'lum tamoyillar asosida shakllangan. U yerda davlatlarning geosiyosiy yoki geoiqtisodiy qarashi ikkilamchi rol o‘ynaydi. Davlatlarning intilishi va JST tartiblarini tan olishga rozi bo‘lishi ko‘proq rol o‘ynaydi. YeOII asosan Rossiyaning loyihasi va manfaati. E'tibor bergan bo‘lsangiz, YeOIIga a'zo bo‘lish tashabbusi O‘zbekistondan emas, Rossiyadan chiqyapti. Ya'ni bir psixologik vaziyat mavjudki, YeOIIga O‘zbekistonning kirishidan birinchi o‘rinda Rossiya manfaatdor.

Bugun dunyoda mavjud tendensiya shundan iboratki, geoiqtisodiyot va geosiyosat ajralmas fenomen. Qaysi davlat kim bilan savdo qilyapti, ularning savdo-iqtisodiy munosabatlari qanday. Mana shu iqtisodiy bog‘liqlikdan siyosiy bog‘liqlik ham kelib chiqadi. Geosiyosatdan keyin harbiy bog‘liqlik, xavfsizlik masalasi, hududlarning bog‘liqligi paydo bo‘ladi.

– O‘zbek amaldorlari YeOIIga a'zolik uchinchi davlatlar bilan aloqalarimizga ta'sir qilmaydi demoqda va odamlarni bunga ishontirishga urinishmoqda. Lekin tashkilotga yaqinlashuv baribir geosiyosiy harakatlarga o‘z ta'sirini o‘tkazmay qolmaydi. Siyosiy tahlilchi sifatida bu mavzuda fikringiz qanday?

– Xuddi shunday. O‘zbekiston Karimov davrida ko‘proq geosiyosat bilan shug‘ullandi. Buni bir necha davrlarga bo‘lish mumkin: 1991 yildan 1994-1995 yilgacha O‘zbekiston geosiyosati Turkiyaga yuzlandi. Taxminan 1995 yildan 2004-2005 yilga qadar G‘arbga yuzlandi. Ya'ni O‘zbekiston AQShning mintaqadagi geosiyosiy hamkori edi, lekin bu ichki siyosatda o‘z aksini topmadi – O‘zbekiston qattiq avtoritar rejimdagi davlat sifatida qoldi. Lekin mintaqadagi Rossiyaning loyihalariga qo‘shilmagan yoki ularga qo‘shilib, ichkaridan veto beruvchi, blok qiluvchi asosiy davlat ham O‘zbekiston bo‘ldi. G‘arb geosiyosiy konsepsiyasida O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasidagi asosiy hamkor davlat sifatida ko‘rildi. NATOning ikkita katta loyihasida – “Tinchlik uchun hamkorlik” va “NATO hamkorlik kengashi” loyihalarida O‘zbekiston doimiy ishtirokchi bo‘lib keldi. Lekin 2004-2005 yillarda possovet davlatlarning ayrimlarida rangli inqiloblar bo‘lgandan keyin rasmiy Toshkentning kayfiyati o‘zgardi va qayta Rossiyaga yuzlana boshladi. Ayniqsa, 2005 yil may oyidan boshlab. 2005 yil noyabr oyida Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida ittifoqchi davlatlar kelishuvi imzolandi. Bu kelishuvning siyosiy ahamiyati 2009 yilga qadar davom etdi. 2009 yildan 2016 yil – Karimov vafotiga qadar O‘zbekiston imkon qadar neytral bo‘lishga, Rossiya loyihalariga qo‘shilmaslikka, ayni paytda, Rossiyaga qarshi bo‘lgan loyihalarni amalga oshirmaslikka harakat qilib keldi. Bugungi vaziyat butunlay boshqa.

O‘zbekiston birinchi navbatda geosiyosat bilan emas, geoiqtisodiyot bilan shug‘ullanyapti. Ya'ni oldin Karimov davrida dexotomiya mavjud edi. Biz geosiyosiy nuqtai nazardan kimga yaqin bo‘lsak, aytaylik, Turkiyaga yaqin bo‘lsak, Turkiyaning opponentlari bizning opponentlar, Rossiyaga yaqinlashsak, uning opponentlari bizning ham opponentlar, AQShga yaqinlashganda, uning dushmanlari bizning ham dushmanlarimiz degan konsepsiya ishlardi. Bu geosiyosiy kayfiyat juda o‘zgaruvchan bo‘ldi. O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘sining to‘kilishiga, ishonchsiz hamkor degan reputatsiyaga kelishiga ham shu omil jiddiy ta'sir qildi. Bugungi vaziyat tubdan farq qiladi. O‘zbekiston ikkinchi ma'muriyatining asosiy tamoyili shundaki, mamlakat birinchi navbatda o‘zining ichki iqtisodiy-ijtimoiy muammolarini hal qilishi kerak. Geosiyosatdan ko‘ra geoiqtisodiyot ustunroq, dunyo davlatlarining mintaqadagi geosiyosiy manfaatlarida unisi yoki bunisi bilan bo‘lmaymiz, unisi yoki bunisiga qarshi turmaymiz. Hammasi bilan imkon qadar xolis va teng hamkorlik qilishga harakat qilamiz. Maqsadimiz, O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal qilish, iqtisodiy o‘sishga erishishdir.

O‘zbekiston bir vaqtning o‘zida kuzatuvchi sifatida YeOII bilan hamkorlik qilishga harakat qilyapti. JSTga kirish uchun muzokaralarni jadallashtiryapti. E'tibor bersangiz, shu paytgacha O‘zbekiston Rossiya bilan ham, qo‘shni davlatlar bilan ham, Turkiya bilan ham, Pokiston bilan ham harbiy-o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Karimov davrida birortasi bo‘lmagan. O‘zbekistonda avvalgi dexotomik – oq-qora konsepsiya ishlamayapti. Bugun mamlakat geosiyosatini, geoiqtisodiyotini, harbiy strategik hamkorligini ko‘p vektorli deb aytish mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: