Zaruratsiz xorijga chiqishdan tiyilib turish tavsiya qilindi

O‘zbekiston 15:35 / 05.06.2020 6911

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Botir Qurbonov dunyo davlatlari toifalarga bo‘linib, aviaqatnovlar tiklanishi haqidagi xabarlarga izoh berdi.

«Hozirgi kunda Transport vazirligi bilan xamkorlikda xorijiy davlatlardagi epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holda davlatlarni «yashil», «sariq» va «qizil» toifalarga ajratish va bosqichma-bosqich aviaqatnovlarni tiklash borasida o‘rganib chiqib takliflar tayyorlanmoqda, Respublika maxsus komissiyasi tomonidan yakuniy xulosalar qilinadi. Bu to‘g‘risida qo‘shimcha axborot beriladi.

Shuningdek, davlatlarning epidemiyaga qarshi tadbirlarni darajasi hamda fuqarolarning himoyalanish choralariga e'tibor qaratiladi.

Umuman, bugun dunyoda kuzatilayotgan epidemiologik vaziyatdan kelib chiqadigan bo‘lsak, zaruriyat bo‘lmasa chetga bormay turish ma'qul bo‘ladi», dedi Botir Qurbonov.

Brifingda 15 iyundan karantin tadbirlari to‘liq tugashi ehtimoli haqidagi savolga ham javob berildi.

«Karantin tadbirlari tugatilishi yoki bir muddat cho‘zilishi bu koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq epidemik vaziyatni e'tiborga olgan holda belgilanadi. Agarda kasallik bo‘yicha barqarorlikka erishilsa, karantin tadbirlari bekor qilinadi, kasallik o‘sish sur'ati jadallashsa, karantin tadbirlari ham kuchaytiriladi.

Ko‘rinib turibdiki, bu barchamizga bog‘liq jarayon, agarda profilaktik tadbirlar, karantin qoidalari, alohidalanish va ijtimoiy masofani saqlash talablariga to‘liq rioya qilsak, yaqin kunlarda karantin tadbirlari bekor qilinishi mumkin», dedi Qurbonov.

Ko‘proq yangiliklar: