Time o‘z muqovasini AQShda irqchilik qurbonlari bo‘lgan afroamerikaliklarga bag‘ishladi

Jahon 00:45 / 05.06.2020 7554

Time nashrining oxirgi soni AQShdagi irqchilik muammosiga bag‘ishlanib, jurnalning muqovasida irqchilik qurbonlari bo‘lgan 35 afroamerikalik ismi joylashtirilgan.

Ushbu muammo afroamerikalik Jorj Floydning o‘limidan keyin yaqqol yana ko‘zga tashlandi. Nashrdagi “Parchalangan mamlakat” nomli maxsus maqolada ta'kidlanishicha, AQShda Floydning o‘limi sababli o‘tayotgan norozilik namoyishlari 1968 yilda AQShda fuqarolik huquqlari uchun harakat yetakchisi, afroamerikalik Martin Lyuter King o‘ldirilgandan keyin ko‘rilmagan ko‘lamga yetdi. Jumladan, kamida 28 shtatda tartibsizliklarni bostirish uchun milliy gvardiya bo‘linmalari jalb qilindi, o‘nlab shaharlarda marodyorlik, o‘t qo‘yishlar va zo‘ravonliklarning oldini olish uchun komendantlik soati kiritildi.

“Amerika 2,5 oy davomida pandemiya sababli falajlangandi, uning shaharlari o‘z ko‘chalari kimsasizligi bilan hayratlantirardi. Endi bu vaqt ichida yig‘ilib qolgan energiya, xavotir va g‘azab tashqariga otilib chiqdi. Koronavirus jamiyatdagi irqiy tengsizlikni ochiqlab qo‘ydi: aholining 13 foizini afroamerikaliklar tashkil qilsa-da, ma'lumotlarga ko‘ra, koronavirus aniqlanganlardan 22 foizi va undan vafot etganlardan 23 foizi qora tanlilar bo‘lgan”, deyilgan nashrda. Maqolada Pyu tadqiqotchilik markazi ma'lumotlariga tayanib ta'kidlanishicha, 44 foiz afroamerikaliklar pandemiya vaqtida ishlarini yo‘qotishgan, 73 foizi esa ko‘zda tutilmagan xarajatlarni qoplash uchun yetarlicha mablag‘ga ega emasliklarini aytishgan.   

Nashrning fikricha, AQSh prezidenti Donald Tramp vaziyatni faqatgina yanada keskinlashtirgan. “Boshidan prezident o‘z vakolatlarini irqiy, etnik va madaniy muammolar bo‘yicha nifoq solish uchun vosita sifatida qo‘llagan”, deyilgan maqolada va bu xususda Trampning “talonchiliklar boshlanganda, otishma boshlanadi”, degan gapi eslab o‘tilgan. “Yuqoridagilarning gaplaridagi ohang va pastdagilar his qilayotgan g‘azab hisobga olinsa, ziddiyat ertaroq boshlanmaganiga faqat ajablanish mumkin”, deyilgan Time’da. 

Ko‘proq yangiliklar: