So‘x tumanidan Farg‘ona shahriga parvozlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi

O‘zbekiston 01:18 / 05.06.2020 23350

Tuman hokimligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, eksklav hududni viloyat markazi – Farg‘ona shahri bilan havo yo‘llari orqali bog‘lash imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda.

«Tumandagi eski aerodromni qayta ta'mirlab, viloyat markaziga havo yo‘llari orqali borib kelishni yo‘lga qo‘yish masalasi ham davlatimiz rahbarining e'tiborida», – deyiladi rasmiy press-relizda.

31 may kuni Qirg‘iziston bilan chegaradagi Chashma bulog‘ida ikki mamlakat fuqarolari o‘rtasida nizo kelib chiqqach, 1 iyun kuni Bosh vazir Abdulla Aripov Botken viloyatida qirg‘izistonlik hamkasbi Qubatbek Boronov bilan uchrashdi.

Shundan so‘ng, 2-3 iyun kunlari Bosh vazir o‘rinbosarlari va qator vazirlar So‘x tumanida bo‘lib, tumanni kompleks rivojlantirish bo‘yicha manzilli dastur loyihasini ishlab chiqdi.

Foto: So‘x tumani hokimligi axborot xizmati

Shunga asosan hozirda So‘xni obod tumanga aylantirish uchun 1 trln so‘m ajratilishini ko‘zda tutuvchi prezident qarori loyihasi tayyorlanmoqda.

3 iyun kungi yig‘ilishda ta'kidlanishicha, hududda investitsiya sohasida joriy yil davomida qiymati 101 mlrd so‘m bo‘lgan 73ta loyiha amalga oshiriladi. Buning natijasida 4,5 ming yangi ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda. Banklar ko‘magida 82 loyiha amalga oshirilib, buning uchun birgina So‘x tumani uchun 153 mlrd so‘m kredit yo‘naltiriladi.

Foto: So‘x tumani hokimligi axborot xizmati

Tumanda sement zavodi qurish taklifi o‘rtaga tashlangan.

3ta dam olish maskani, 6ta kichik sanoat hududi tashkil etilishi belgilandi.

«Tumandagi markaziy shifoxona hamda qishloq vrachlik punktlari zamonaviy qiyofada ta'mirlanib, zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlanadi. Tumanda oliy ma'lumotli kadrlar yetishmovchiligi inobatga olindi. Davlatimiz rahbari tomonidan so‘xlik yoshlarning oliy o‘quv yurtlariga qabul qilinishi uchun 500ta kvota ajratiladigan bo‘ldi. Yaqin kelajakda ta'lim sohasidagi muammolar ham to‘liq bartaraf etilib, yangi maktab va qo‘shimcha binolar qurilishi rejalashtirildi. Endilikda, so‘xlik yoshlar oliy o‘quv yurtlariga qabul qilinayotganida o‘z ona tillari – tojik tilida imtihon topshirishlarini ham yig‘ilishda ma'lum qilindi», – deyiladi So‘x tumani hokimligi axborot xizmati axborotida.

Ta'kidlanishicha, So‘xda yillar davomida ichimlik va oqin suv muammosi yechim topmay kelgan.

«Suv xo‘jaligi vazirining ma'lumotlariga ko‘ra, tumanda suv zaxirasi yetarli, ammo asosiy muammo uning yetkazib berilishida. Tez fursatlarda bu masala ham o‘z yechimini topadi. Simodon, Kasminon, Hushyor, Malbud va Vargan hududlarida ikki oy davomida tik quduqlar o‘rnatilib, bo‘sh turgan yerlar o‘zlashtiriladi», – deb ma'lum qilgan hokimlik.

Ko‘proq yangiliklar: