Sergelidan Toshkent markaziga aholi 15 daqiqada yetib keladi, yo‘l svetoforsiz bo‘ladi. Vazir o‘rinbosari yangi loyiha haqida ma'lumot berdi

O‘zbekiston 13:02 / 05.06.2020 17609

O‘zbekiston qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov Sergeli tumanini Toshkent markazi bilan bog‘laydigan yo‘l va ko‘priklar loyihasi haqida batafsil tushuntirib berdi.

«Sergeli tumanida tirbandlikning oldini olish, qo‘shimcha yo‘l o‘tkazgich loyihasini taklif qilish uchun Turkiyadan kompaniyalar, kuchli mutaxassislarni chaqirdik. 

Turkiya kompaniyasi mutaxassislari bu loyihaviy taklifni ishlab chiqishdi. Buning eng asosiy jihati shundaki, Sergeli tumanidan Toshkent markaziga aholi 50 daqiqada yetib kelayotgan bo‘lsa, yo‘l o‘tkazgich barpo etilganidan keyin aholi 15 daqiqada yetib keladi. Bu tirbandlikning oldini oladi, hech qanday to‘xtovsiz, svetoforlarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri ham Toshkent markaziga yetib keladi, ham boshqa qurilgan ko‘prik, yo‘l o‘tkazgichlarga ulanib, yo‘lda davom etishi mumkin.

Prezidentimiz yana bir topshiriqlar berdilar - bu yo‘l o‘tkazgichni eng zamonaviy loyihaviy taklif yechimi bilan ishlab chiqishni va buning ikki chetida veloyo‘laklar, fuqarolar piyoda yurishi uchun mo‘ljallangan qulay trotuarlar qurishni.

Umuman olganda, bu yo‘l o‘tkazgichning quvvati bir soatda 3000ta avtomobilga mo‘ljallangan. Bir kunda 40 000 avtomobil o‘ta oladi. Usmon Nosir ko‘chasidan boshlab ko‘prik quriladi, bu ko‘prikda avtomobillar to‘xtovsiz harakatlana oladi. Avtomobillar to‘g‘ridan-to‘g‘ri yangi qurilayotgan yo‘lga, Sergeliga qarab yuradi va Kichik halqa yo‘liga ham to‘xtovsiz harakatlanib o‘tib keta oladi, so‘ng yangi qurilgan yo‘l bilan kelib keyingi ko‘prikka chiqadi», - dedi Sh. Hidoyatov.

Ko‘proq yangiliklar: