Prezident: «Har bir qarich yer aholi jon boshiga daromadni ko‘paytirishga xizmat qilishi kerak»

Jahon 21:12 / 05.06.2020 22516

Tashrif chog‘ida prezident mamlakat foydali qazilmalarga boyligi, lekin ular asosida tayyorlanadigan materiallar katta miqdorda chetdan keltirilayotganiga e'tibor qaratdi.

Masalan, Andijon viloyatida kalsit, Samarqandda kvars, Toshkent viloyatida kaolin, Qashqadaryoda dala shpati va Farg‘onada dolomit xomashyosi bor. Lekin yiliga qariyb 650 ming dona santexnika tovarlari import qilib kelingan.

«Shuncha imkoniyat bo‘la turib, biz kimni boqyapmiz? Xalqimizni boqsak bo‘lmaydimi? Mamlakatimizning har bir qarich yeri, har bir boyligi aholi jon boshiga daromadni ko‘paytirishga xizmat qilishi kerak», dedi prezident.

«Ekokerama» yiliga 500 ming dona 20 turdagi santexnika mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Ya'ni, importning aksariyat qismi o‘rnini to‘ldiradi. Bundan tashqari, mintaqa davlatlarida 50 million dollarlik bozor bor. Korxona quvvatini oshirib, mahsulotlarning 60 foizini eksportga yo‘naltirish rejalashtirilgan. 100 foiz mahalliy xomashyodan foydalanilishi hamda energiya tejovchi texnologiyalar qo‘llanishi sababli «Ekokerama» mahsulotlari xorijiy muqobillariga nisbatan arzon bo‘ladi.

Korxonaning loyiha qiymati 15 million dollar. Jumladan, 11 million dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya jalb etilgan. Hozirda 500 kishi ish bilan ta'minlanib, test rejimida dastlabki buyumlar tayyorlangan.

Davlat rahbari bu korxonani klasterga aylantirish, karerlar ajratib berib, kamida 30 yillik xomashyo zaxirasi bilan ta'minlash zarurligini ta'kidladi. Korxonaga mahsulotlarini sotishda ko‘maklashish, xususan, qurilish materiallari bozorlarida do‘konlarini tashkil etish, davlat tomonidan qurilayotgan obektlarda bu santexnika buyumlaridan foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. O‘z navbatida, kompaniya rahbariyatiga mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish, boshqa viloyatlarda ham shunday korxonalar ochib, yanada ko‘p yoshlarni ish bilan ta'minlash tavsiya qilindi.

Shu yerda Farg‘ona viloyatida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdimoti o‘tkazildi. Xususan, yengil sanoatdagi loyihalar samarasida paxta tolasini qayta ishlash hajmi keskin oshadi. Joriy yil yakunida kalava ip qayta ishlash darajasi 56 foizga, kelgusi yili 71 foizga yetadi. Ilgari viloyatda jami 80 million dollarlik paxta tolasi oddiy xomashyo sifatida sotilgan bo‘lsa, bu yil qariyb 314 million dollarlik tayyor mahsulot eksport qilinadi. Bu ko‘rsatkichni 2021 yilda 540 millionga, kelgusida 1 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: