Prezident Farg‘onaga amaliy tashrifini boshladi

O‘zbekiston 14:15 / 05.06.2020 69579

«Davlat rahbari korteji dastlab Qo‘shtepa tumanidagi «Tursunov Yusufjon yeri» fermer xo‘jaligi yonida to‘xtadi. Bu yerda 50 gektar g‘alla, 30 gektar paxta yetishtirilmoqda. Prezidentimiz g‘alla rivojini ko‘zdan kechirdi. Gektaridan 82 sentner hosil olish kutilmoqda», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Shu yerda qishloq xo‘jaligi sohasi mutasaddilari va qo‘shtepalik fermerlar bilan muloqot bo‘ldi.

«Har bir hududning yeri, resurslari, imkoniyatlari o‘ziga xos. Bugun Farg‘onaga kelishimizdan maqsad - bu imkoniyatlarni to‘liq safarbar qilib, odamlarga ish o‘rni, daromad manbayi uchun sharoit yaratish, har bir tuman bo‘yicha aniq reja shakllantirish. Qanday mehnat qilsak, shunday hayot bo‘ladi», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Xo‘jalik dalasi yonida «Grapes and Gardens Investment» kompaniyasi tomonidan intensiv bog‘ ham yaratilgan. 100 gektarda o‘rik, 52 gektarda gilos ekilgan. Tomchilatib sug‘orish, sun'iy soya qilish uskunalari o‘rnatilgan.

Ispaniya va Fransiyadan keltirilgan o‘rik navining hosildorligi juda yuqori. Bu eksportda muhim omil bo‘ladi. Bugungi kunda bog‘ uchastkalari kooperatsiya asosida tajribali tadbirkorlarga berilmoqda.

Davlat rahbari daraxt qatorlari orasiga sarimsoqpiyoz va dukkakli ekinlar ekish, bunday bog‘larni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Shu yerda qishloq xo‘jaligi va agrosanoat loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.

Ko‘proq yangiliklar: