Karantinda MIB faoliyati qanday tashkil etiladi?

O‘zbekiston 16:08 / 05.06.2020 45104

28 may kuni Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani elektr ta'minoti korxonasida elektr energiyasi uchun to‘lov maqsadida iste'molchilar to‘plandi. Xabarga «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ rasmiy munosabat bildirdi. Unda aytilishicha, mamlakatda karantin choralari yumshatilgani bois foydalanilgan elektr energiyasidan vujudga kelgan qarzdorliklarning ortishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida qarzdor iste'molchilar tarmoqdan ajratilmoqda.

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi bo‘lim boshlig‘ining Farrux Toshpo‘latovning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, ushbu holatda iste'molchilar qarzdorlik tufayli avtomatik tarzda tizimdan ajratilgan va bu jarayonda MIB xodimlari ishtirok etmagan. Bu «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan nazorat qilinadi.

Farrux Toshpo‘latov

«Mazkur holatga yaqindan yondashib, aholiga masala yuzasidan tegishli tushuntirish berildi. Bu holatda MIB aloqasi yo‘qligi bildirildi. Karantin davrida daromadini yo‘qotgan, kam ta'minlangan va moddiy tarafdan qiynalgan aholiga amaliy yordam berish ishlariga jiddiy e'tibor qaratdik. Uyda o‘tirgandan keyin, energoresurslardan foydalanish ham ortadi. Ko‘pchilik savol beryapti: bu qarzdorlik voz kechilganmi, keyin tarmoqdan uzib qo‘ymaysizmi, deyishadi.

Karantinga qadar bo‘lgan davrdan bir tadbirni boshlaganmiz. Ya'ni har bir hududda yashovchi kam ta'minlangan oilalar ro‘yxatini shakllantiryapmiz. Bunda mahalla organlari xodimlari bilan hamkorlikda ishlar bajarilyapti. Ana ularga saxovatpesha insonlar xayriya mablag‘lari orqali qarzdorlikni so‘ndirishga ko‘mak qilinmoqda», – deydi u.

Toshpo‘latovning aytishicha, MIB organlari kishilarni saxovat ishlarini bajarishga bevosita ta'sir o‘tkazmaydi.

MIB bo‘lim boshlig‘i Rustam Rahimov ma'lumotiga ko‘ra, karantin davrida moddiy yordamga muhtoj 4 mingga yaqin fuqaroning 1 milliard so‘mga yaqin qarzdorligi homiylar tomonidan qoplandi.

Rustam Rahimov

«Shuni ta'kidlash kerakki, 1 may kuni holatiga ko‘ra, aholining elektr energiyadan foydalanganlik uchun yuzaga kelgan qarzdorligi 2,1 trillion so‘mga yetdi. Albatta, MIB oldiga qo‘yilgan asosiy vazifalardan biri to‘lovlarni undirish va qarzdorlikni qisqartirishdan iborat. MIB xodimlari elektr energiyasini hisobga olish yoki nazoratni qilishni avtomatlashtirilgan tizimi, xalq orasida «ASKUE» deyiladi, joriy etilmagan hududlarda faoliyatini olib boradi. Tizim joriy etilgan hududlarda iste'molchi qarzdorlik uchun tarmoqdan avtomatik tarzda ajratiladi. Bu dastur «Hududiy elektr tarmoqlari» korxonalarida joylashgan. Dasturga inson omili aralashmaydi», – deya ma'lumot berdi u.

Rahimovning ta'kidlashicha, respublika maxsus komissiyasining 6 maydagi 21-sonli bayoniga asosan hududlar qizil, sariq va yashil toifalarga ajratilishi belgilangan. Ushbu hududlarda faoliyatni tashkil etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatma berilgan.

«Yashil toifadagi hududlarda umumiy karantin qoidalariga rioya etgan holda, MIB xodimlari o‘z faoliyatini olib borishi mumkin. Sariq toifadagi hududlarda esa iste'molchilarga talabnoma yuborish, qarzdorlikni undirish bo‘yicha faoliyat tashkil etiladi. Bunda faqat iste'molchining ruxsati bilan uydagi hisobga olish uskunasini ko‘zdan kechirib, iste'mol hajmini olish belgilandi. Qizil toifadagi hududlarda tarmoqqa noqonuniy ulanish yo energoresurslarni talon-toroj qilish holatlaridan tashqari, tekshiruvlar va faoliyatni davom ettirish mumkin emas», – deydi u.

Alisher Ro‘zioxunov tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: