Facebook davlat nazoratidagi OAVning xabarlariga maxsus belgi qo‘yishni boshlaydi

O‘zbekiston 14:25 / 05.06.2020 3404

Facebook ijtimoiy tarmog‘i davlat nazorat qiladigan ommaviy axborot vositalari joylashtirgan xabarlarga maxsus belgi qo‘yishni boshlaydi.

"Biz bu nashriyotlarning shaffofligini ta'minlaymiz, chunki ular davlatning strategik qo‘llab-quvvatlashi orqali ta'sir ko‘rsatadi va biz odamlar hukumat ta'siri ostidagi nashrlarning xabarlarini o‘qiyotganini bilib turishlari kerak deb hisoblaymiz", - deb yozdi kompaniyaning kiberxavfsizlik bo‘limi boshlig‘i Natan Gleyxer.

Qayd etilishicha, belgilar dastlab OAVning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida paydo bo‘ladi, so‘ngra bir hafta davomida u joylashtirgan xabarlarga ham qo‘yiladi.

Ushbu chora OAV, boshqaruv, inson huquqlari sohasidagi ekspertlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.

Kompaniyaning bildirishicha, OAVning hukumatga qarashli ekanligi moliyalashtirish sxemasi va mediakompaniya tuzilmasi hamda u haqdagi ochiq ma'lumotlar asosida aniqlanadi.

Davlatga qarashli deb topilgan OAV shikoyat qilishi mumkin.

Qayd etilishicha, birinchilardan bo‘lib Russia Today, Sputnik, Xinhua News va Philippine News Agency ana shunday belgiga ega bo‘ladi.

Ijtimoiy tarmoq bunday belgi qo‘yishi haqida ilk bor 2019 yil oktyabrda ma'lum qilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: