Bill Geyts odamlarni vaksina orqali chiplamoqchiligi haqidagi ayblovlarga izoh berdi

Jahon 20:19 / 05.06.2020 9250

Milliarder BBC telekanaliga bergan intervyusida bu mish-mishlarni rad etgan

Koronavirus pandemiyasi boshlangandan keyin Geyts bir qator fitnalar nazariyasi “qahramoni”ga aylandi. Ba'zilarning ta'kidlashicha, koronavirus aynan u sababli paydo bo‘lgan va virusdan vaksinalashdan maqsad odamlarni chiplashdan iborat. Keyinchalik bunday odamlar qandaydir kuchlar manfaati uchun qo‘llanadi. Boshqa farazlarga ko‘ra, milliarder koronavirusdan vaksina ortidan mo‘maygina pul ishlamoqchi. 

“Meni bunday telbanoma taxminlar mavjudligi biroz tashvishlantiradi. Va bu farazlarning bir qismi men haqimda ekanligi yanada ajablantiradi. Biz vositani yaratishga pullar xayriya qilamiz, farmakologik kompaniyalarga cheklar yozib beramiz”, deb aytgan Geyts intervyuda.    

“Men hech qachon mikrochiplar bilan shug‘ullanmaganman. Buni [ommaviy chiplash] rad etish imkonsizdir, chunki bu faraz ahmoqona va g‘alatidir”, deb qo‘shimcha qilgan milliarder.

Geytsning aytishicha, uning vaksinalar yaratish ustida ishlashining yagona sababi jamoaviy immunitetning shakllantirilishiga erishish zarurligi hisoblanadi. Bunda aholining taxminan 80 foizi koronavirusga chalinmaydi. 

“Agar odamlar buni firibgarlik yoki vaksina zararli deb o‘ylasalar va vaksinalanishni istamasalar, unda kasallik odamlarni o‘ldirishda davom etaveradi”, deb ta'kidlab o‘tgan milliarder.

Geyts davlatlar hukumatlarini koronavirusdan samarali va xavfsiz vaksina ishlab chiqilgandan keyin uni birinchi navbatda sog‘liqni saqlash tizimi bo‘sh rivojlangan davlatlar orasida tarqatishga chaqirgan.

YouGov va YahooNews’ning bahor oxirida o‘tkazgan so‘rovnomasiga ko‘ra, Geytsning koronavirus paydo bo‘lishiga aloqadorligi haqidagi fitna nazariyasiga 28 foiz amerikaliklar ishonadi. Geytsning ta'kidlashicha, uni bunday so‘rovnomalar natijalari uncha tashvishlantirmaydi.  

Bu orada milliarderning jamg‘armasi 4 iyunda koronavirusdan vaksina hamma yerda, jumladan zaif rivojlangan davlatlarda ham bo‘lishi uchun Vaksinalar va immunizatsiya bo‘yicha global alyansga 100 mln dollar ajratdi.

Ko‘proq yangiliklar: