2020 yil boshida 55ta maktab attestatsiyadan o‘ta olmadi – Ta'lim inspeksiyasi

O‘zbekiston 14:03 / 05.06.2020 5165

Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi 2020 yil mart oyi yarmiga qadar attestatsiyadan o‘tkazilgan maktablar bo‘yicha tahlillarni e'lon qildi.

Inspeksiya matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, 2020 yilda 858ta maktab attestatsiyadan o‘tkazilib, ularning 803tasi, ya'ni 93,5 foizi akkreditatsiyalandi. Qolgan 6,5 foizi – 55ta maktab esa attestatsiyadan o‘ta olmagan.

«Attestatsiya davomida bitiruvchi o‘quvchilardan nazorat ishlari olindi, shuningdek, pedagoglar, o‘quvchilar va ularning ota-onalari o‘rtasida maktab faoliyatini baholash bo‘yicha so‘rovnomalar o‘tkazildi. 12708 nafar o‘qituvchilarning dars mashg‘ulotlari tahlil qilindi», deya xabar qilmoqda Ta'lim inspeksiyasi.

Dars tahlili natijalariga ko‘ra, faoliyati o‘rganilgan o‘qituvchilarning 1527 nafari (12 foizi) dars jarayonida o‘qitishning interfaol usullaridan foydalanmagan. Ularning 890 nafari (7 foizi) dars jarayonini hayotga bog‘lagan holda tashkil etmagan, 763 nafari esa (6 foizi) dars jarayonida o‘quvchilarning faol ishtirok etishiga erisha olmagan.

Shuningdek, tashqi attestatsiyadan o‘tkazilgan 858ta maktabdan 257tasida fizika, 343tasida kimyo-biologiya laboratoriya xonalari talab darajasida emas. Nazorat ishi olingan 858ta maktabdan 230tasida kimyo fanidan, 218tasida fizika fanidan birorta ham o‘quvchi «a'lo»ga baholanmagan.

Shundan kelib chiqqan holda, o‘quvchilarning umumiy o‘zlashtirish darajasi Andijon viloyatida 68 foizni, Sirdaryo viloyatida 67 foizni, Namangan viloyatida 66 foizni, Jizzax va Toshkent viloyatlarida 65 foizni tashkil etadi, deb topilgan.

Tashqi attestatsiyadan o‘tkazilgan 858ta maktabda ishlaydigan 32 041 nafar pedagoglarning 27 936 nafari oliy, 4 105 nafari o‘rta maxsus ma'lumotli o‘qituvchilardan iborat. Oliy ma'lumotli o‘qituvchilarning faqat 3,6 foizi – 1 024 nafari oliy toifaga, 15,7 foizi, ya'ni 4 376 nafari birinchi toifaga, 30,7 foizi, (8 551 nafari) ikkinchi toifaga mansub. Qolgan 50 foiz tarkib esa malaka toifasiga ega bo‘lmagan mutaxassislardan iborat.

«Tahlil natijalariga asoslanib, inspeksiya tomonidan attestatsiyadan o‘tmagan maktablarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha Xalq ta'limi vazirligiga 3ta taqdimnoma kiritildi.

Attestatsiyadan o‘tmagan maktablarga ko‘riladigan choralar haqida karantin amal qilish muddati tugagandan so‘ng 1 hafta ichida ma'lumot berilishi zarur», deya xabar qilmoqda Ta'lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi.

Ma'lumot uchun: «Davlat ta'lim muassasalari hamda nodavlat ta'lim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi nizomga muvofiq, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta'lim tashkiloti «attestatsiyadan o‘tmadi» deb e'tirof etilsa:

  • davlat umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta'lim muassasasi rahbari va rahbari o‘rinbosarlarining malakasi yetarli emas deb topiladi hamda ish beruvchi tomonidan ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi belgilangan tartibda bekor qilinadi;
  • davlat umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta'lim muassasasidagi faoliyatiga bir yil to‘lmagan rahbar va rahbar o‘rinbosarlari majburiy ravishda navbatdan tashqari malaka oshirishga yuborilib, davlat umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta'lim muassasasi bir yildan keyin qayta attestatsiyadan o‘tkaziladi hamda davlat umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta'lim muassasasi uning natijalariga ko‘ra attestatsiyadan o‘tmagan taqdirda, rahbar va rahbar o‘rinbosarlari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi belgilangan tartibda bekor qilinadi.
Ko‘proq yangiliklar: