Maktablarda darslar yangi o‘quv yilida ham onlayn rejimida davom ettirilishi mumkin

O‘zbekiston 13:47 / 04.06.2020 3988

Vazirlar Mahkamasining “Xalq ta'limi tizimida onlayn ta'lim berish faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining koronavirus pandemiyasi davrida televizion videodarslar namoyish etilgan telekanallardan xalq ta'limi tizimida masofaviy ta'limni rivojlantirish maqsadlarida foydalanish tartibini saqlab qolish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.

Belgilab qo‘yilishicha:

koronavirus pandemiyasi davrida televizion videodarslar namoyish etilgan uchta telekanaldan “online-maktab” loyihasini davom ettirish maqsadida foydalaniladi va yanada takomillashtiriladi;

televizion videodars va videomashg‘ulotlarni doimiy tasvirga olishni tashkil etish uchun “O‘zbekiston MTRK Mediamarkazi” binosida maxsus telestudiya ajratiladi va texnik talablar asosida jihozlanadi;

“online-maktab” loyihasi doirasida 2020 yil 1 avgustdan boshlab, 2020/2021 o‘quv yili uchun televizion videodarslarni tasvirga olish yo‘lga qo‘yiladi;

“online-maktab” loyihasi doirasida televizion videodarslar har o‘quv yili davomida efirda namoyish etib boriladi;

televizion videodarslar Vazirlik tomonidan taqdim etiladigan dars jadvallari asosida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tomonidan belgilanadigan telekanallar orqali namoyish etib boriladi;

loyihalarga jalb etiladigan o‘qituvchilarga har bir televizion videodars va videomashg‘ulotlar uchun (asosiy ish haqidan tashqari) bazaviy hisoblash miqdorining 25 foizi miqdorida, muharrir va surdopedagoglarga har bir ishlagan kuni uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha haq to‘lanadi;

“online-maktab” loyihasini amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar Xalq ta'limi sohasidagi islohotlarga ko‘maklashish jamg‘armasining tizimni raqamlashtirishga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan mablag‘lar hisobidan qoplanadi.

Quyidagilar “online-maktab” loyihasining asosiy vazifalari etib belgilanadi:

umumiy o‘rta ta'lim tizimida masofaviy o‘qitish tizimini takomillashtirish;

televizion videodarslar tayyorlash bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribalardan foydalanish;

umumiy o‘rta ta'lim tizimiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish;

o‘quvchilar va o‘qituvchilarni xalqaro baholash dasturlari va tadqiqotlarga (PISA - 15 yoshli o‘quvchilarning o‘qish, matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlardan savodxonlik darajasini baholash, PIRLS - boshlang‘ich 4-sinf o‘quvchilarining matnni o‘qish va tushunish darajasini baholash, TIMSS – 4 va 8-sinf o‘quvchilarining matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlardan o‘zlashtirish darajasini baholash, TALIS - rahbar va pedagog kadrlarning umumiy o‘rta ta'lim muassasalarida o‘qitish va ta'lim olish muhitini hamda o‘qituvchilarning ish sharoitlarini o‘rganish va boshqa) tayyorgarligini kuchaytirish;

barcha umumta'lim fanlari, birinchi navbatda STEAM (ilm-fan, texnologiya, muhandislik, san'at va matematika) fanlarining o‘qitish sifatini oshirish;

o‘quvchilarda ijodiy va tanqidiy fikrlash, axborotlarni tahlil qilish, yetakchilik, kommunikativlik, hamkorlikda ishlash, muammolarni yechish kabi XXI asr ko‘nikmalarini shakllantirish va rivojlantirish;

o‘quvchilarga o‘quv materiallarini chuqur o‘rganishga va takrorlashga imkoniyat yaratish;

bosqichma-bosqich fanlar va sinflar kesimida barcha mavzular bo‘yicha videodarslar bazasini yaratish;

yetakchi umumiy o‘rta ta'lim muassasalari, oliy o‘quv yurtlari va boshqa ta'lim muassasalarining ilmiy va metodik salohiyatlaridan foydalanish orqali ta'lim berish sifatini oshirish.

Belgilab qo‘yilishicha, mamlakatimizdagi epidemiologik vaziyat og‘irlashib, karantin qoidalari kuchaytirilgan taqdirda “online-maktab” rukni ostida televizion videodarslarni tasvirga olish jarayoni Respublika maxsus komissiya tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi.

“Online-maktab” loyihasi doirasida darslarni tasvirga olishda quyidagilarga alohida e'tibor qaratiladi:

o‘quvchilar tomonidan o‘zlashtirishi murakkab bo‘lgan mavzularni kengroq ochib berish;

amaliy mashg‘ulotlar va virtual laboratoriyalarni namoyish qilish;

darslik va o‘quv dasturlariga qo‘shimcha tarzda qiziqarli va foydali ma'lumotlarni berib borish;

o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish;

o‘qituvchilar tomonidan ilg‘or xorijiy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanishni tashkil etish;

televizion videodarslarni o‘zbek, rus va ayrim fanlardan ingliz tilida namoyish qilinishini tashkil etish choralarini ko‘rish.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi “online-maktab” loyihasi mashg‘ulotlarini, xususan ilg‘or xorijiy tajribalar asosida STEAM fanlarini o‘qitish va ingliz tilidagi dars mashg‘ulotlarini tayyorlash bo‘yicha Vazirlik bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi.

Ko‘proq yangiliklar: